Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

Odam savdosi – global xavf

Bugungi kunga kelib asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, koʻp va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va…

Odam savdosi – global xavf

Bugungi kunga kelib asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, koʻp va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega hujjatlari qabul qilingan boʻlib, ular doirasida ushbu xavfga qarshi dunyo miqyosida tegishli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
“Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanishga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konventsiya (1949), “Qullik va qul savdosini, qullikka oʻxshash institutlar va odatlarni bekor qilish toʻgʻrisida”gi qoʻshimcha Konventsiya (1956), “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida”gi Konventsiyani toʻldiruvchi “Odamlar, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini toʻxtatish, oldini olish va uning uchun jazo toʻgʻrisida”gi bayonnoma (2000) bu borada odam savdosiga qarshi kurashishni huquqiy asoslarini yaratib bermoqda.
Odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2005 yili MDH doirasida “Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi kelishuv, 2006 yilda sakkiz aʼzo mamlakat doirasida “Odam savdosiga qarshi kurashning 2007–2010 yillarga moʻljallangan dasturi” qabul qilingan edi.


Biroq, dunyo boʻylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targʻibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar “zamonaviy qullik”, yaʼni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki boʻlayotgan asosiy omillardan odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli maʼlumotga ega emasligi va mamlakatlardagi ishsizlik va aholi turmush darajasining pastligidir. Achinarlisi, oʻzga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar moʻmay daromad ilinjida ogʻir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.


BMT maʼlumotiga koʻra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSh dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo boʻyicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yoʻli bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.


Mamlakatimizda odam  savdosiga qarshi kurashning huquqiy asosini yaratish va samaradorlikni oshirish maqsadida 2008 yilning 17 aprelida “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Shuningdek ushbu qonun 17.08.2020 yilda yangi tahrirda qabul qilinib, unga koʻra odam savdosiga qarshi kurashuvchi davlat organlari va ularning vakolatlari aniq qilib belgilab qoʻyildi. 


Qonunga koʻra odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining quyidagi:
odam savdosiga qarshi kurashishga, shu jumladan odam savdosiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Odam savdosining oldini olishga qaratilgan huquqiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, profilaktika chora-tadbirlarini, axborotga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish;
odam savdosini oʻz vaqtida aniqlash va unga chek qoʻyish, uning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslar javobgarligining muqarrarligi printsipini taʼminlash;
Odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan ijtimoiy himoya qilish;
Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari, konferentsiyalar, seminar-treninglar va davra suhbatlari oʻtkazishga doir faoliyatni, shuningdek ushbu sohadagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari xodimlarini kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga doir faoliyatni rivojlantirish hamda ragʻbatlantirish;
odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlik kabi asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi. Yangi qonunga koʻra odam savdosiga qarshi kurashuvchi Idoralararo komissiya oʻrniga Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha milliy komissiya tashkil etilib, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, boshqa tashkilotlarning odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organga aylantirildi.


Shuningdek, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha milliy maʼruzachi lavozimi joriy etilib, har yili odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha yuzaga kelayotgan vaziyat hamda koʻrilayotgan choralar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot taqdim etadigan, shuningdek ular toʻgʻrisida jamoatchilikni va xalqaro hamjamiyatni xabardor etish maqsadida ommaviy axborot vositalari uchun brifinglar tashkil etadigan, Oʻzbekiston Respublikasining mazkur sohadagi milliy manfaatlarini xalqaro maydonda himoya qiladigan vakolatli shaxsga aylantirildi. Milliy maʼruzachining vazifalarini Milliy komissiya raisi bajarishi belgilab qoʻyildi. Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizda mazkur jinoyatga qarshi kurashishning qonuniy asoslari yaratilgan, bunga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan nodavlat tashkilotlar hamkorligini kuchaytirish jinoyatchilikning kamayishiga xizmat qilmoqda. Biroq ushbu turdagi jinoyatlarni batamom tugatishni imkoni boʻlmayapti. Odam savdosi bugungi kunga kelib, global xavfligicha qolmoqda.

Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi Z.Narziyev

Mavzuga oid