Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +1° USD 11 964,27 EUR 13 323,41 RUB 144,49

Odam savdosi jinoyati tushunchasi, javobgarlik asoslari va uni oldini olish choralari

XX asr oxirlariga kelib odam savdosi butun insoniyatga qarshi asosiy tahdidlardan biri boʻlib qoldi. Odamdan ekspluatatsiya maqsadlarida foydalanish bilan bogʻliq jinoyatlar oshib borishi tendentsiyasi bunday ijtimoiy xavfli…

XX asr oxirlariga kelib odam savdosi butun insoniyatga qarshi asosiy tahdidlardan biri boʻlib qoldi. Odamdan ekspluatatsiya maqsadlarida foydalanish bilan bogʻliq jinoyatlar oshib borishi tendentsiyasi bunday ijtimoiy xavfli qilmishlar oxir-oqibatda jamiyatningdemokratik negizlariga tajovuz qilishi bilan milliy xavfsizlikka ham tahdid soladi.
Oʻzbekiston odam savdosiga qarshi kurashishga oid qator xalqaro hujjatlarni, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Konvensiyasini, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Konventsiyasini toʻldiruvchi «Odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini oldini olish hamda unga chek qoʻyish va uning uchun jazolash haqida»gi Protokolni ratifikatsiya qildi, «Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida» Qonun qabul qilindi va xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga doir tegishli oʻzgartirishlar kiritdi. Oʻzbekiston Respublikasida eng oliy qadriyat inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa tabiiy huquqlari boʻlib, ularni taʼminlash Konstitutsiya bilan kafolatlanadi.
Qonunda odam savdosi uchun jinoiy javobgarlik belgilanganligi shaxs erkinligining konstitutsiyaviy kafolatlaridan biri hisoblanadi. Jinoyat kodeksining 135-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasi mazmuniga koʻra, odam savdosi deganda, odamni olish-sotish yoki odamni ekspluatatsiya qilish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish tushuniladi.
Oldi-sotdi tariqasidagi odam savdosi odamning bir shaxs tomonidan boshqasiga pul, boshqa moddiy qimmatliklar (mulk), mulkiy xarakterdagi xizmatlar, mulkiy yoki pul shaklidagi qarzdan voz kechish va h.k.lar sifatidagi haq evaziga berilishi toʻgʻrisida yozma yoki ogʻzaki bitim tuzilishini nazarda tutadi. Bunday koʻrinishdagi odam savdosida odam qanday maqsadlarda sotib olinganligi (sotilganligi) huquqiy ahamiyat kasb etmaydi. Shaxs odamni uning evaziga haq olinganidan soʻng topshirish sharti bilan sotishga vaʼda berib, biroq azaldan uning qasdi moddiy qimmatliklarni egallashga qaratilgan va unda bitim shartlarini bajarish niyati boʻlmagan xollarda uning xarakatlari firibgarlik tarkibini tashkil etadi. Oluvchining xarakatlari esa sotib olish tariqasidagi odam savdosiga suiqasd sifatida malakalanishi lozim.
Olish-sotish tariqasidagi odam savdosidan farqli ravishda, Jinoyat kodeksining 135-moddasida nazarda tutilgan boshqa barcha hollar (yollash, tashish, topshirish, yashirish, qabul qilish)da jinoiy javobgarlik yuzaga kelishining zarur sharti odamni ekspluatatsiya qilishga qaratilgan maqsad mavjudligi hisoblanadi. Odam mehnati va xizmatlaridan mehnat, fuqarolik qonunchiligi normalariga muvofiq (masalan, qurilish yoki maishiy pudrat, haq evaziga xizmat koʻrsatish, yoʻlovchi va yuk tashish, transport ekspeditsiyasi va h.k. shartnomalar boʻyicha) foydalanilgan barcha hollarda odam ekspluatatsiyasi mavjud boʻlmaydi. Bunday huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmaslik bilan bogʻliq nizolar fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida hal etilishi kerak.
Odamni ekspluatatsiya qilish boshqa shaxslar fohishabozligidan foydalanish yoki boshqa koʻrinishdagi shahvoniy ekspluatatsiyami, majburiy mehnat yoki xizmatlar, qullik yoki qullikka oʻshash odatlar, erksizlik holati yoki odam aʼzolari yoki toʻqimalari olinishini anglatadi. Fohishabozlikda        foydalanish deganda, odamdan uning haq evaziga nomuayyan doiradagi jinsiy sheriklar bilan shahvoniy munosabatlarga kirishishidan muttasil foydalanish tushuniladi. Boshqa koʻrinishdagi shahvoniy ekspluatatsiya deganda, odamning undan pornografik tasvirlar tayyorlash, buzuq harakatlar sodir etish va h.k. maqsadlarda foydalanish uchun berilishi tushuniladi. Majburiy mehnat biron-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlashni anglatadi. Harbiy yoki muqobil xizmat toʻgʻrisidagi qonunlar asosida, favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan, qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim boʻlgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi.
Qullik oʻziga nisbatan mulk huquqiga xos ayrim yoki barcha huquqlar amalga oshirilayotgan shaxs ahvoli yoki holatini anglatadi.
Erksizlik holati shaxsning muayyan omillar majmui taʼsiri ostida oʻz erkiga xilof ravishda har qanday ish yoki xizmatni bajarishga majbur boʻlganligini anglatadi. Odam savdosiga oid ishlarni tergov qilish yoki koʻrishda tergov organlari va sudlar quyidagi tushunchalarni aniq farqlashlari lozim:
yollash – ekspluatatsiya qilish maqsadida odamni biror-bir faoliyat bilan shugʻullanishga jalb etishga qaratilgan faoliyat (ekspluatatsiya obʼektini qidirish, toʻplash, u bilan muzokara yuritish va h.k) tushuniladi;
tashish – shaxsni olish-sotish bitimi tuziladigan (ijro etiladigan), boshqa shaxsga topshiriladigan joyga yoki undan ekspluatatsiya maqsadida foydalaniladigan joyga yetkazib berish (transportda tashish)ni anglatadi. Tashish bitta aholi punkti doirasida ham, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqish bilan bogʻliq tarzda ham amalga oshirilishi mumkin;
topshirish – odamni boshqa shaxsga ekspluatatsiya qilish maqsadida jismoniy tarzda berishda ifodalanadi;
yashirish – jabrlanuvchini hokimiyat vakillaridan, qarindoshlaridan yoki uning taqdiridan manfaatdor boshqa shaxslardan har qanday joyda xufiya saqlashda ifodalanadi;
qabul qilish – odamni oʻz maqsadlarida ekspluatatsiya qilish uchun egalikka olish (masalan, hadya tariqasida, vaqtincha tekin foydalanish uchun yoki qarz evaziga va h.k.) ni anglatadi, odamni sotib olish hollari bundan mustasno. Jinoyat kodeksining 135-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi formal boʻlib, jinoyat odamni olish-sotish bitimi tuzilgan paytdan yoki qonunning mazkur moddasida koʻrsatilgan boshqa qilmish sodir etilgan paytdan tugallangan hisoblanadi.
Oʻzbeksiton Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni va “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid koʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari Odam savdosidan jabrlaganlarga shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, yuridik va boshqa xil yordam berish, ularning xavfsizligini taʼminlash, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish, baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish, ushbu sohadagi jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish, oldini olish va ularga chek qoʻyish amaliyotini vazifa qilib koʻydi.  
Bundan tashqari mazkur qonunlar bilan davlat organlari va hududiy organlarning, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati samaradorligini, yaqin hamkorligi va bahamjihat ishlashlarini taʼminlash maqsadida ularning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish uchun daavlat organlarining rahbarlari va jamoatchilik vakillarining odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari boʻyicha brifinglar, internet-konferentsiyalar, televizion koʻrsatuvlarda ularning ishtirok etishlarini taʼminlashini vazifa qilib qoʻydi.
Oʻzbekiston Respublika Jinoyat Kodeksining 135-moddasiga bionoan Odam savdosi, yaʼni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilganlik uchun – uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

JIB Termiz shahar
sudining raisi I.Shaymanov

Devonxona mudiri N.Xasanova

Mavzuga oid