Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +1° USD 11 964,27 EUR 13 323,41 RUB 144,49

Odam savdosi, xususan chaqaloq savdosi jinoyatining oldini olish choralari koʻrilmoqda

Bugungi kunga kelib asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, koʻp va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va…

Odam savdosi, xususan chaqaloq savdosi jinoyatining oldini olish choralari koʻrilmoqda


Bugungi kunga kelib asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, koʻp va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega hujjatlari qabul qilingan boʻlib, ular doirasida ushbu xavfga qarshi dunyo miqyosida tegishli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
“Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanishga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Konventsiya (1949), “Qullik va qul savdosini, qullikka oʻxshash institutlar va odatlarni bekor qilish toʻgʻrisida”gi qoʻshimcha Konventsiya (1956), “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida”gi Konventsiyani toʻldiruvchi “Odamlar, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini toʻxtatish, oldini olish va uning uchun jazo toʻgʻrisida”gi bayonnoma (2000) bu borada dasturiy hujjat vazifasini oʻtamoqda.
Odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2005 yili MDH doirasida “Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi kelishuv, 2006 yilda sakkiz aʼzo mamlakat doirasida “Odam savdosiga qarshi kurashning 2007–2010 yillarga moʻljallangan dasturi” qabul qilingan edi.
Afsuski, dunyo boʻylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targʻibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar “zamonaviy qullik”, yaʼni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki boʻlayotgan asosiy omillardan biri odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli maʼlumotga ega emasligidir. Achinarlisi, oʻzga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar moʻmay daromad ilinjida ogʻir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.
BMT maʼlumotiga koʻra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSh dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo boʻyicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yoʻli bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.
Odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, oʻgʻirlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiisteʼmol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni toʻlovlar yoki manfaatdor etish evaziga ogʻdirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka oʻxshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson aʼzolari yoki toʻqimalarini ajratib olishni anglatadi.
Oʻtgan asrdan yigirma birinchi asrga transmilliy tashkiliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turi “meros” boʻlib oʻtdi. Ularning birinchisi – xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zoʻravonlik ruhi, kuch ishlatish, yaʼni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar, ikkinchisi – narkobiznes yoki narko-traffik bilan shugʻullanayotgan jinoiy uyushmalar, uchinchisi – odam savdosi bilan shugʻullanuvchi yirik-yirik jinoyatchi tashkilotlarning yildan-yilga kuchayayotganidir.
2020 yil 17 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangi tahrirdagi «Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi» qonun imzolandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan 2008 yil 29 avgustda «Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonuni maʼqullanib, amaldagi Jinoyat kodeksi 135-moddasining yangi tahriri qabul qilindi va ushbu modda mazmun va mohiyat jihatdan tubdan takomillashtirildi.
Ushbu moddaning avvalgi nomi «Odamlardan foylanish uchun ularni yollash» degan tahrirda belgilangan edi. Jinoyat kodeksi 135-moddasining avvalgi tahririda faqatgina odamlardan foydalanish uchun ularni yollash uchun javobgarlik belgilangan boʻlib, xalqaro huquqiy hujjatlarda belgilangan odam savdosi bilan bogʻliq jinoiy qilmishlarning barchasini kompleks tarzda qamrab olmas edi. Shu sababli, u shaxsning huquq va erkinliklarini, shaʼni va qadr-qimmatini toʻliq muhofaza qilishga imkon bermas edi.
2019 yil mobaynida chaqaloqlar savdosida vositachilarning 32 foizi tibbiyot xodimlari ekanligi aniqlangan. Shuningdek, chaqaloq sotish sabablari oʻrganilganda, 9 tasi aybini yashirish, 10 tasi moddiy manfaat uchun ekanligi maʼlum boʻlgan.
2019 yilda odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar 2018 yilga nisbatan 22 foizga kamaygan, biroq chaqaloqlar savdosi 38 foizdan 43 foizga oshgan. Senat raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva mazkur jinoyatlarga oid boshqa maʼlumotlarni ham oshkor qilgan.
Qayd etilishicha, 2019 yilda Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida 5 tadan, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va Toshkent shahrida 4 tadan, Samarqand, Fargʻona, Namangan, Andijon, Navoiy viloyatlarida 3 tadan chaqaloq savdosiga oid jinoyat sodir etilgan.
Mazkur yoʻnalishdagi jinoyatlar 72 kishi tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa, ularning 62 nafari (86 foizi) – ayollar tomonidan sodir etilgan.
Bu jinoyat boshqa jinoyatlar bilan birgalikda sodir etilganda, jinoyatlar jami tariqasida kvalifikatsiya qilinadi.
Mazkur qilmishlarning ijtimoiy xavflilik darajasi yuqori ekanligi, jamiyat aʼzolarining sogʻligʻi, hayoti va boshqa huquqlariga tajovuz qilinishi, ayniqsa yoshlarning axloqiga salbiy taʼsir koʻrsatishi eʼtiborga olinib, jazo choralari ham kuchaytirildi.
Odam savdosiga qarshi kurashishda aholi, ayniqsa yoshlar oʻrtasida ushbu illatning xavfi va oqibatlari haqida tushuntirish olib borish, fuqarolarni bu borada vaziyatdan ogoh etish hamda xabardorligini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda ushbu mavzuga bagʻishlangan davra suhbatlari, konferentsiya, ilmiy amaliy anjumanlar oʻtkazilib kelinmoqda, aholining bu borada huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida foydalanish uchun qulay boʻlgan oʻquv uslubiy qoʻllanmalar nashr etilib tarqatilmoqda.
Odam savdosini oldini olish uchun keng jamoatchilik bilan hamkorlikda targʻibot va tashviqot ishlarini yanada jadallashtirish, mahalalarda faoliyat koʻrsatayotgan diniy- maʼrifat va maʼnaviy-ahloqiy tarbiya masalalari boʻyicha maslahatchilar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek xotin-qizlarning ijtimoiy muhofazasi, ularning huquqlari himoyasini taʼminlash ishlarini kuchaytirish zarur.
Qayd etish lozimki Respublikamizda fuqarolarning xorijda mehnat qilishini tashkil etishga doir huquqiy asoslar yaratilgan boʻlib, ulardagi asosiy talablardan biri – bu xorijga yuborilishi koʻzda tutilayotgan fuqarolarning muayyan davlat hududida ijtimoiy himoyasining taʼminlanishi, barcha ijtimoiy kafolatlar va tibbiy sugʻurtaning mavjudligidir.
Odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish bugungi kunda dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining «Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Qonunga koʻra, odam savdosidan jabrlanganlarga zarur yordam koʻrsatish hamda ularni himoya qilish, shuningdek ularning odam savdosiga qayta jalb etilishi xavfining oldini olish maqsadida identifikatsiya qilinadi.
Shuningdek, qonunda odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashuvini taʼminlash tartibi belgilanib, ular, jumladan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirish davrida moddiy yordam koʻrsatishni;
vaqtinchalik uy-joy, oziq-ovqat, sanitari-gigiyena vositalari bilan, zarur hollarda esa kiyim-bosh, poyabzal va boshqa zarur ashyolar bilan taʼminlashni;
ishga joylashishda, taʼlim olishda, kasbiy jihatdan yoʻnaltirishda va kasbga tayyorlash hamda qayta tayyorlashda yordam koʻrsatishni;
ijtimoiy jihatdan qayta integratsiyaga, shu jumladan qarindoshlarni izlashida yordam koʻrsatishni.
Shu bilan birga, odam savdosidan jabrlanganlar toʻgʻrisidagi hamda ularga nisbatan sodir etilgan holatlar haqidagi axborot, shuningdek koʻrilgan xavfsizlik choralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oshkor etilmasligi belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasida olib borilayotgan barcha islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad – inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarini oliy qadriyat sifatida eʼzozlashdir.
Shunday ekan, transmilliy xususiyat kasb etgan, yaʼni hudud va chegara tanlamas jirkanch illat – odam savdosiga qarshi keskin kurash olib borish barchamizning muhim vazifamizdir.

Voxidjon Norbekov
Jinoyat ishlari boʻyicha Termiz shahar sudining sudyasi

Asqar Qudratov
Jinoyat ishlari boʻyicha Termiz shahar sudining devonxona mudiri

Mavzuga oid