Oila – muqaddas dargoh
Fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar oz emas. Ularning har birida oʻziga yarasha murakkabliklar bor. Ayniqsa, nizo mol-mulk yoki merosga oid boʻlsa! Bularga taqqoslaganda oilaviy ajrimlarga doir…
Fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar oz emas. Ularning har birida oʻziga yarasha murakkabliklar bor. Ayniqsa, nizo mol-mulk yoki merosga oid boʻlsa! Bularga taqqoslaganda oilaviy ajrimlarga doir masalalarni hal etish osonroqday koʻrinadi (sirtdan qaralganda, albatta). Bu jarayon dasta-dasta hujjatlar talab qilmaydi, sudyaning ham kodeks va qonunlarni titkilab bosh qotirishiga hojat yoʻq.
Aslida-chi? Aslida oʻzini hurmat qilgan sudya uchun oilaviy ajrimlarning yuki boshqa nizolarga qaraganda ogʻirroq keladi. Zero, bunda moddiy qiymatga doir masala emas, balki inson taqdiri hal etiladi. Inson taqdiri esa har qanday moddiy narsadan ustunligi barchaga maʼlum.
Yuqoridagi fikrlardan muddao nima?
Sudlarga kelayotgan shikoyatlar, shuningdek, joylardagi sayyor qabullarda shunday mazmunda yozgʻirishlar eshitamizki, goʻyoki sudya nikohni bekor qilish haqidagi arizani (tomonlarga muddat ustiga muddat berib!) asossiz ravishda choʻzmoqda, unga nisbatan chora koʻrish kerak…
Qonunda koʻrsatilgan meʼyorlarni qoʻyib turaylik, oddiy mantiq: er-xotin arzimas sabablar bilan ajrashaman deb turganda sudya ularni yarashtirish, oilasini asrab qolish, farzandlari tirik yetim boʻlishining oldini olishga harakat qilsa, buning nimasi yomon, nimasi gʻayritabiiy? Aslida arzimas maishiy muammolarni roʻkach qilib, sudga chopishning oʻzi gʻayritabiiy emasmi?!
Oʻzaro munosabatlar batamom berk koʻchaga kirib, oʻrtadagi rishtani bogʻlovchi birorta omil qolmagan boʻlsa – bu boshqa gap.
Er yoki xotinlar tomonidan sudda “birga yashash-yashamaslik mening shaxsiy ishim, oʻzim bilaman”, – degan iddao bot-bot takrorlanadi.
Toʻgʻri, er va xotin kishining bir oila boʻlib yashashi – ikki tomonning xohishiga bogʻliq, biroq oila masalasi – mutloq shaxsiy masala emas. Chunki, oilani jamiyat bilan yoki jamiyatni oila bilan ayro tasavvur qilib boʻlmaydi. Jamiyatdagi illatlar oilaga qanchalik taʼsir qilsa, oiladagi norasolik-notinchlikning ham jamiyatga taʼsiri shuncha!
Har bir oilaviy ajrim – “qoʻydi-chiqdi” natijasida bola tarbiyasi, uy-joy masalasida yuzaga keladigan muammolar, xohlaymizmi-yoʻqmi, jamiyatning ogʻriqli dardiga aylanadi. Arosatda qolgan tirik yetimlar, roʻzgʻor tashvishida ming azobga duch kelayotgan yolgʻiz ayollar, oiladan topolmagan halovatni boshqa joylardan topishga harakat qilib, turli balolarga giriftor boʻlayotgan erkaklar… Bularning har biri katta koʻrgulik boʻlib, alal-oqibat jamiyatdagi muvozanatga putur yetkazmaydimi?! Yoinki otasiz yoki onasiz ulgʻayayotgan bolani olaylik. Tarbiyaga qanchalar eʼtibor berilmasin, bolaning xatti-harakatlari yoki yurish-turishda yo onaning, yo otaning ishtiroki yoʻqligi bilinib-koʻrinib turaveradi. Ota-onasi tirik boʻla turib, ulardan mehr koʻrmaganligining oʻrnini hech narsa bilan toʻldirib boʻlmaydi-da.
Bugun oilaviy ajrimlar masalasi jamiyatning ogʻriqli muammolaridan biridir. Raqamlarga qarang: joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyida fuqarolik ishlari boʻyicha Termiz tumanlararo sudida hal qiluv qarori qabul qilingan 291 ta nikohdan ajratish bilan bogʻliq ishdan 211 tasi oilani saqlab qolish iloji yoʻq deb topilib, nikoh bekor qilinganligi qanchalar tashvishli holat?!
Nikohni bekor qilish toʻgʻrisidagi arizalar, sud jarayonida tomonlarning koʻrsatayotgan vajlari zamiriga qaralsa, ajrashishga arzigulik jiddiy sabablar yoʻqligi oydinlashmoqda. Shunga koʻra, sudlar tomonidan ajralish haqidagi daʼvo talablari asossiz deb topilib, rad etilgan ishlar 80 tani tashkil etgan.
Oilaviy ajrimlarga oid nizolarda shundaylari uchraydiki, na aytishga til boradi, na yozishga qoʻl?! Lekin, bir narsani qayd qilish mumkin, asosiy muammo er-xotin tarbiyasi, ularning maʼnaviyatida boʻlib, oilalar mustahkamligini taʼminlashda ana shu jixatga katta eʼtibor qaratish lozim…
Er va xotinning yoʻllari ayro tushganidan keyin, ularning voyaga yetmagan bolalari taqdiri haqida faqat ogʻriq bilan gapirish mumkin.
Ajrashgan oila farzandlari ota-ona oʻrtasida sarson yoki ota-onasi tirik boʻla turib, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchisiga aylanayotganligi bugunning achchiq haqiqatidir.
Aksariyat nizolarning yagona sababi tomonlar oʻz haqqini meʼyoridan ortiq talab qilib, majburiyatini unutib qoʻyayotganida koʻrinadi. Er: “Oilada men xoʻjayinman!” deydi. Toʻgʻri, er oila boshligʻi, biroq bu maqom xotinga past nazar bilan qarayver, degani emas-da?! Oila boshliqligi, bu – qaramogʻidagi xotin, bola-chaqani boqishdan tortib, ularga toʻgʻri tarbiya berish va jamiyatga kerakli inson boʻlib voyaga yetishida MASʼULsan deganidir. Muqaddas hadisi sharifda bejiz erlarga qarata: ” …xotini va bolalari uchun mutasaddi va masʼuldir”, deyilmagan?! Yoki ahliga (xotiniga) yaxshi munosabatda boʻlgan erlar eng yaxshi moʻminlar qatorida sanalishi haqidagi yana bir sahih hadisni eslang. Qurʼoni karimda “…va ular ila yaxshilikda yashang!” (Niso,19) deya marhamat qilinishi erning bosiq, bagʻrikeng va shirinsuxan boʻlishiga amr emasmi?
Albatta, qars ikki qoʻldan chiqadi. Erga itoat qilmasdan, tenglik emas, “ustunlik” talabida oʻz soʻzini oʻtkazishga qilingan harakatlar muhtarama ayollarimizning eng katta kamchiliklaridan biri hisoblanadi. Toʻgʻri, qonun boʻyicha er ham, ayol ham teng. Birining huquqi ikkinchisidan baland emas. Bundan anglashiladiki, oilaviy munosabatlarda huquqdan avval burchni oʻylash lozim. Zero, huquqni talab qilaverish burchni unutishga olib keladi. Burch unutilgan oilada halovat boʻlmasligi tayin. Donishmadlar topib aytgan: ayol erini podshoh bilib, shunga monand munosabatda boʻlsa, oʻzi qanday malikaga aylanib qolganini bilmay ham qoladi!
Demak, takror aytsak, oila totuvligining oʻzak tomiri er va xotin oʻz burchini terang anglashida, his etishida! Buning ilk belgisi – eʼtibordir.
Deylik, erning xotini tayyorlagan taomni “Juda shirin boʻpti-ya?” deb maqtab tanovul qilishi ayolni qanchalar xursand qiladi? Yoki ishdan horib borgan erga tabassumga oʻrab aytilgan “Hormang, dadasi!” degan gap uning charchoqlarini chiqarib yubormaydimi?!
Oʻn-oʻn besh yillab birga yashab, toʻrt-besh nafar farzand koʻrib, bolalari endi voyaga yetay degan paytda sudda “ajrashaman!” deyayotgan er-xotinda bir-biriga oddiy eʼtibor boʻlmagani, yuzaga kelgan nizo esa mohiyatan oʻsha beʼtiborlikning achchiq hosilasi ekaniga takror-takror amin boʻlasan, kishi… Bunday beeʼtiborlik ota-onadan bolalarga oʻtishi ehtimoli katta. Endi ayting, oʻz ahliga yoki jigariga beeʼtibor insonlardan jamiyat nimayam kutish mumkin?! Mezonni kattaroq olib aytsak, jamiyatdagi koʻp illatlar ana shunday eʼtiborsizlikning achchiq mevasi emasmi?!
Oila mustahkamligi yoʻlida xoʻb va koʻp gaplar aytish mumkin. Biroq bu borada muhtaram imomlarimizning maʼruzalarga alohida ehtiyoj seziladi. Zero, oila poydevori milliy-diniy qadriyatlar asosiga quriladi. Nikoh nima, er va xotinning majburiyatlari, “taloq” va uning oqibatlarini katta turmush ostonasidagi yoshlarga teran tushuntirish kerak. Toki, oila qurayotgan yoshlar shaʼriy nikoh haqida toʻliq tushunchaga ega boʻlsinlar. Chunki, tajribada koʻryapmiz: tomonlar oilani tiklashga rozi ekani, lekin er bilib-bilmay “taloq” aytib qoʻygani sabab er-u xotin arosatda qolagan… “Taloq” shunchaki aytiladigan gap emas, uning yuki inson hayotini izdan chiqarib yuborishi mumkin. “Taloq tushganda Alloh arshi larzaga keladi”, mazmunidagi hadisi sharif tafakkur qilinsa, bu soʻzning zalvori yana kengroq namoyon boʻladi. Donishmandlar bejiz taʼkidlamagan: aytmagan soʻzingga oʻzing xoʻjayinsan, aytgan gapining esa senga xoʻjayin…
Oila mustahkamligi jamiyat uchun oʻta muhim masala boʻlgani bois doim davlat eʼtiborida. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash kontseptsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori ham bu borada davlat miqyosida koʻrilayotgan koʻplab chora-tadbirlardan bittasi. Mazkur huquqiy hujjatga asosan bugungi kunda Oliy sud, Xotin-qizlar qoʻmitasi va Oila markazi tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Oila qurish arafasidagi yoshlar bilan nomiga suhbatlar oʻtkazish bilangina cheklanib qolish kerak emas. Balki maktab yoshidan boshlab, oila, ona-ona muqaddasligini ular ongiga singdirish, balogʻat yoshidagi yigit-qizlar bilan taʼlim muassasalarida alohida-alohida ishlash, ularga savob nima-yu gunoh nima, halol nima-yu xarom nima – bularning farqini qadriyatlarimizdan kelib chiqib, tushuntirish oʻta muhim ahamiyat kasb etadigan omillardan hisoblanadi. Unutmaslik kerakki, yoshlarni oilaga tayyorlash mavsumiy yoki faqat muayyan bir tashkilotning vazifasi emas, balki, butun jamiyat-barchamizga tegishli masala boʻlib, bunga har bir ongli inson masʼulligini his qilishi lozim. Shundagina koʻzlangan maqsadga erishiladi.
F.Eshqobilov: Fuqarolik ishlari boʻyicha
Termiz tumanlararo sudining sudya yordamchisi