Oila qurishda FHDYo organidan qonuniy nikohni qayd etmay turib, sharʼiy nikoh bilan yashashning oqibatlari haqida
Nikoh tushunchasiga taʼrif beriladigan boʻlsa, bu erkak va ayolning ixtiyoriy hamda huquqlarining tengligi asosida oila tuzish va er-xotinning oʻzaro huquq va majburiyatlarini keltirib chiqarishga qaratilgan ittifoqidir. Nikoh…
Nikoh tushunchasiga taʼrif beriladigan boʻlsa, bu erkak va ayolning ixtiyoriy hamda huquqlarining tengligi asosida oila tuzish va er-xotinning oʻzaro huquq va majburiyatlarini keltirib chiqarishga qaratilgan ittifoqidir. Nikoh shakli deganda uni qonun bilan belgilangan qayd qilish usuli tushuniladi. Oʻzbekistonda nikohning qonuniy shakli uni FHDYo organlarida davlat roʻyxati orqali qayd etilishi hisoblanadi. Nikohning davlat roʻyxatidan qayd qilinishi huquq belgilovchi ahamiyatga ega: shu paytdan boshlab er-xotinlarning oʻzaro huquq va majburiyatlari vujudga keladi, ularga nikoh qayd qilinganligi toʻgʻrisida guvohnoma beriladi va fuqarolik pasportlarida ularni qonuniy nikohda turganligi faktini tasdiqlaydigan belgi qoʻyiladi. Amaliyotda turmush hayotimizda uchraydigan nikohning faktik va shaʼriy shakli mavjud, ammo ikkisi ham huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi, yaʼni bunda er-xotinlik huquq va majburiyatlari boʻlmaydi. Faktik nikoh bu qonunda belgilangan tartibda nikohni qayd qilmasdan turib erkak va ayolning birgalikdagi turmushi boʻlib, oila qonunchiligi normalariga asoslangan holda hech qanday huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi. Qonunchiligimizda faktik nikohni, agar ep-xotindan bipining oʻlimi natijasida fuqapolik holati aktlarini qayd etish organlapida nikohni poʻyxatdan oʻtkazish mumkin boʻlmay qolsa, qonunda belgilangan hollapda ularning haqiqatda ep-xotinlik munosabatlapida boʻlganlik faktini belgilashi mumkin.
Nikoh tuzish tartibi va shartlarini oila qonunchiligida belgilab qoʻyilganligi nikohning barqarorligi va oilalarning mustahkamligini taʼminlashga xizmat qiladi. Nikohni tuzish Oila kodeksining 13-moddasida belgilangan qoidalarga rioya qilingan holda amalga oshiriladi. NIKOH TUZISh ShARTLARI Boʻlajak er-xotinning roziligi Boʻlajak er-xotinning nikoh yoshiga yetganligi Nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlarning mavjud emasligi Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Nikoh tuzish nikohlanuvchilarning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berganlaridan keyin bir oy oʻtgach, shaxsan ularning ishtirokida amalga oshiriladi. Bu nikohlanuvchilar uchun yana bir bor oʻzlarining maqsadlarini oʻylab koʻrish imkoniyatini beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksi 13-moddasining 1, 2-qismlariga asosan nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas. Oila kodeksining 18-moddasiga muvofiq, nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida roʻyxatga olingan paytdan boshlab nikohni tuzganlar er-xotin deb hisoblanadilar, va shu paytdan eʼtiboran ular oʻrtasida er-xotinlik huquq va majburiyatlari vujudga keladi.
Insonning baxtu kamoli, jamiyatda qanday maqomga ega boʻlishi koʻp jihatdan oilaga, undagi maʼnaviy muhit barqarorligiga bogʻliq. Lekin yuz berayotgan oilaviy ajrimlar tufayli ota mehridan benasib voyaga yetayotgan farzandlar ham, afsuski, koʻpayib bormoqda.
Oilaviy ajrimdan, avvalo, ayol, voyaga yetmagan bola aziyat chekmoqda. Ayrim hollarda oiladagi turli kelishmovchiliklar tufayli yosh oila parokanda boʻlib, afsuski, norasidalarning moddiy taʼminoti, ruhiyati, tarbiyasi, taqdiri, kelajagi savol ostida qolmoqda.
Ajrimlarning oldini olish, oilani mustahkamlashga targʻib qilishga masʼul boʻlgan shaxslarning sharʼiy nikohni noqonuniy boʻlishiga sababchi boʻlishlari yanada achinarli holatdir. Sharʼiy nikohni belgilangan tartiblarga zid ravishda norasmiy shaxs tomonidan oʻqilishi esa ushbu nikohni noqonuniy boʻlishiga olib keladi.
Bu kabi salbiy holatlarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Olib borilayotgan amaliy va targʻibot ishlariga qaramay, noqonuniy nikohlar uchrab turibdi.
Hozirgi kunda joylarda, ayniqsa, chekka hududlarda odamlar orasida «mulla» yoki «domla» deb tanilgan kimsalar mana shunday ishlarga qoʻl urayotganlari kuzatilmoqda. Masalani chuqurroq oʻrganib, tahlil qilsak, bu ishlar juda xato ekaniga amin boʻlamiz.
Chalasavod, yaʼni diniy va dunyoviy ilmlarni egallamagan, tegishli hujjat – shahodatnomasi yoʻq, oʻzini oʻzi «domla» deb nomlab, sharʼiy hukmlarni bilmagan, hatto, oddiy sharʼiy masalalarni ham anglamaydigan kishi qanday qilib, sharʼiy nikoh oʻqish kabi masʼuliyatli ishga qoʻl urushi mumkin.
Mana shunday norasmiy shaxslar oʻzboshimchalik bilan nikoh shartlariga amal qilmay, soʻrab-surishtirmay, tibbiy koʻrik xulosasi va FHDYo boʻlimlari guvohnomasini olmagan, yana achinarlisi, nikoh yoshiga ham toʻlmagan yoshlarning nikohlarini oʻqishi oqibatida turli salbiy holatlar yuz bermoqda.
Masalan, ona va bola salomatligiga jiddiy ziyon yetmoqda. Shikoyat qilinayotgan oilaviy masalalarni tahlil qilinsa, aksar holda FHDYo roʻyxatidan oʻtmagan oilalarda ajrim koʻpligi va bunday hollarda ayollar oʻz huquqlarini himoya qila olmayotganlari maʼlum boʻlmoqda. Natijada, oilalar parokanda boʻlib, bolalar tirik yetim boʻlish kabi noxush holatlar yuzaga kelmoqda.
Hanafiy mazhabi moʻʼtabar manbalaridan «Durrul muxtor» kitobining «Nikoh fasli»da bunday deyiladi: “Odamzodga nikoh va imondan boshqa hatto jannatda ham davom etadigan ibodat yoʻq. Oila shunday saodatbaxsh bir bogʻki, u hatto jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma maʼlum muddatdan soʻng kuchini yoʻqotadi, ammo bir-birlaridan rozi boʻlgan umr yoʻldoshlarning birgalikdagi hayoti oʻlim bilan ham tugamaydi”.
Oila tushunchasi Konstitutsiyamizga ham kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi maqomi qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Bosh qomusimizning 63-moddasida bu oʻz ifodasini topgan. Unda oila jamiyatning asosiy boʻgʻini ekanligi, jamiyat va davlat muhofazasida boʻlish huquqiga egaligi mustahkamlab qoʻyilgan. Shuningdek, nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqlilikka asoslanishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksida ham nikoh tuzish tartibi belgilangan boʻlib, kodeksning 13-moddasida “Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas”, -deya qayd etilgan.
Xoʻsh, bizda sharʼiy nikoh oʻqish kim tomonidan va qanday amalga oshiriladi? Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish xaqida” gi nizomini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining “Otaliqni belgilash va noqonuniy nikohlarni oldini olish maqsadida” gi buyrugʻi 2-bandi, “Nikoh oʻqishdan oldin joylardagi FHDYo boʻlimlarining maʼlumotnomasiga qatʼiy eʼtibor qaratilishi”, ushbu qarorning birinchi bandida esa “Sharʼiy nikohlarni barcha rasmiy masjid imom-xatiblari va imom-noiblari tomonidan amalga oshirilishi” belgilab qoʻyilgan. Mazkur OʻMI buyrugʻining 4-bandida “norasmiy shaxslar tomonidan sharʼiy nikoh oʻqilishini oldini olish uchun imom-xatiblarga zarur chora-tadbirlar ishlab chiqish” yuklatilgan. Mana shularga binoan FHDYo boʻlimlarida nikohi qayd etilib, bu haqda tuzilgan guvohnoma bilan fuqarolar rasmiy faoliyat olib borayotgan masjidlarning imom xatib va imom noiblariga murojaat qiladilar. Shundan soʻng imom xatiblar tomonidan ularga sharʼiy nikoh oʻqiladi hamda bu haqda masjidning “Nikohni qayd etish” daftariga maʼlumot kiritiladi.
Rasmiy nikohdan oʻtmagan, FHDYo guvohnomasiga ega boʻlmagan yosh oilalar ajrashib, ona oʻzining tirik yetim bolasi bilan koʻchada qolishini hisobga oladigan boʻlsak, sharʼiy nikoh shartlariga hukumat tomonidan beriladigan FHDYo guvohnomasini surishtirmay nikoh oʻqilishi yosh oilalarni ijtimoiy huquqlarini kamsitish boʻladi. Guvohnomani koʻrib, soʻngra nikoh oʻqilishi esa huquqiy jamiyat barpo qilinayotgan bir vaqtda yosh oilalarning ijtimoiy huquqini muhofaza qilishdir.
Hozirgi kunda, sharʼiy nikoh oʻqishga loyiq boʻlmagan, norasmiy kishilar tomonidan nikoh oʻqilishi yuqoridagi bir qancha muammolarga sabab boʻlayotgani uchun bunday shaxslarga javobgarlik qoʻllanmoqda. Agar noqonuniy nikoh oʻqishga chora koʻrilmas ekan, juda koʻpchilik oilalar bunday oʻzboshimchalikdan zarar koʻrishi aniq.
Sharʼiy nikoh shartlariga hukumat tomonidan berilgan Fuqarolik holati boʻyicha dalolatnoma yozish guvohnomasi boʻlishini ham muhim shartlardan biri deb eʼtirof qilish oʻrinlidir. Norasmiy kishilarning ushbu guvohnomani surishtirmay nikoh oʻqishlari yosh oilalarning ijtimoiy huquqlarini kamsitish boʻlsa, rasmiy imomlarning bunday guvohnomani soʻrab, soʻng nikoh oʻqishlari yosh oilaning ijtimoiy huquqini muhofaza qilishdir.
Qayd etish kerak, Oʻzbekistonda qonuniy nikohdan oʻtmagan fuqarolarga shaʼriy nikoh oʻqigan shaxslar MJtKning 201-moddasi 2-qismi (Diniy yigʻilishlar, koʻcha yurishlari va boshqa diniy marosimlar oʻtkazish qoidalarini buzish), 241-moddasi (Diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzish) va 47(3)-moddasi 3-qismi (Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish) asosida jarimaga tortib kelinadi.
Shuningdek, «Toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida»gi qarorga asosan, oilaviy tadbirlarda diniy mavzuda maʼruza koʻzda tutilgan boʻlsa, ushbu maʼruza din idorasining vakolatli vakili tomonidan oʻqilishi shart etib belgilangan.
Shunday ekan, mamlakatimizda oila davlat va jamiyat himoyasida. Binobarin, uni mustahkamlash har bir fuqaro, ayniqsa, masʼul lavozimda oʻtirgan shaxslar zimmasidagi eng muhim vazifadir.
Inobat Toshbadalova,
DXA Surxondaryo viloyati boshqarmasi FHDYo organlari ustidan nazorat qilish shoʻʼbasi bosh mutaxassisi.