Oiladagi zoʻravonlik
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyatida inson va uning manfaatlari ustuvor hisoblanadi, koʻzlangan maqsadga erishishda hayotimizning ajralmas qismiga aylangan oilaning oʻrni esa beqiyosdir. Jamiyatdagi…
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyatida inson va uning manfaatlari ustuvor hisoblanadi, koʻzlangan maqsadga erishishda hayotimizning ajralmas qismiga aylangan oilaning oʻrni esa beqiyosdir.
Jamiyatdagi har qanday illatga qarshi kurashni oiladan boshlasakkina uni ildizi bilan quritish mumkin. Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida muvofiq, oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida boʻlish huquqiga ega.
Konstitutsiyaning 26-moddasida esa, hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, oilaviy zoʻravonlikka qarshi kurash, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida 2019 yil 2 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida” Qonuni qabul qilindi.
Oʻzbekistonda xotin-qizlar va bolalarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga katta eʼtibor qaratilayotgan, onalik va bolalikni himoya qilish uchun keng koʻlamli ishlar qilinayotgan bir vaqtda, mazkur sohadagi ishlar tahlili oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilashda qator kamchilik va toʻsiqlar ham mavjudligini koʻrsatmoqda.
Xoʻsh mazkur toʻsiqlar nimalardan iborat? Nega bu toʻsiqlar paydo boʻlmoqda yoki bartaraf etilmayapti?
Avvalo mazkur savollarga javob topishdan oldin oiladagi zoʻravonlik nima ekanligini tushunib olishimiz lozim. Chunki yuqoridagi holatlarning barchasi aynan mazkur ijtimoiy xavfli qilmish bilan chambarchas bogʻliq.
Zoʻravonlik — xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy taʼsir oʻtkazish yoki bunday taʼsir oʻtkazish choralarini qoʻllash bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sogʻligʻi, jinsiy daxlsizligi, shaʼni, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari hamda erkinliklariga tajovuz qiladigan gʻayrihuquqiy harakat (harakatsizlik).
Jismoniy zoʻravonlik — xotin-qizlarga nisbatan ogʻirligi turli darajada boʻlgan tan jarohatlari yetkazish, xavf ostida qoldirish, hayoti xavf ostida qolgan shaxsga yordam koʻrsatmaslik, zoʻravonlik xususiyatiga ega boshqa huquqbuzarliklar sodir etish, jismoniy taʼsir oʻtkazish yoki bunday taʼsir oʻtkazishning oʻzga choralarini qoʻllash bilan tahdid qilish orqali xotin-qizlarning hayoti, sogʻligʻi, erkinligi hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan zoʻravonlik shaklidir.
Ruhiy zoʻravonlik — xotin-qizlarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning shaʼnini, qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek ularning xohish-irodasini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalanadigan zoʻravonlik shakli, shu jumladan reproduktiv sohada nazorat qilish, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchida oʻz xavfsizligi uchun xavotir uygʻotgan, oʻzini himoya qila olmaslikka olib kelgan yoki ruhiy sogʻligʻiga zarar yetkazgan harakat (harakatsizlik) da nomoyon boʻladi.
Oiladagi zoʻravonlik — bu oʻzlarining yaqinlari (asosan ayollar va bolalar) ustidan hukmronlik va nazorat qilish maqsadida, odatda aynan bir shaxsga nisbatan jismoniy va ruhiy zoʻrlik qilishda namoyon boʻladi.
Taʼkidlash joizki, ayrim hollarda zoʻravonning jismoniy va ruhiy zoʻrligi natijasida xotin-qizlar tomonidan ijtimoiy xavfli qilmish sodir etishi hollari ham kuzatilmoqda.
Insonning har qanday qilimishi har doim ongli va aql-irodasi bilan sodir etiladi. Shuning uchun oʻz harakatlarining ahamiyatini anglay olmagan yoki harakatlarinii boshqara olmagan shaxsning harakatlari, hatto ijtimoiy-xavfli oqibatlarga olib kelgan taqdirda ham jinoyat hisoblanmaydi.
Zoʻravonlikka uchragan ayollar yengib boʻlmaydigan jismoniy kuch yoki ruhiy zoʻrlik taʼsiri ostida qonun bilai qoʻriqlanadigan ijtimoiy munosabatga xavf soluvchi qilmishi va uning oqibati uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Shu oʻrinda jismoniy va ruhiy zoʻrlik nima degan oʻrinli savol tugʻiladi!
Jismoniy zoʻrlik, deganda shaxsning boshqalarning jismoniy taʼsirida jamiyat uchun xavfli qilmishlarning amalga oshirishi tushuniladi va bunda jismoniy taʼsir uning ixtiyorini butunlay olib qoʻyadi (masalan, er xotinini urib tan jarohati yetkazsa yoki haqorat qilsa, natijada xotini oʻzini himoya qilish maqsadida eriga yengil, oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazsa). Bunday holat Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 55-moddasining d) bandiga muvofiq, jabrlanuvchining zoʻrlik, ogʻir haqorat yoki boshqacha gʻayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga kelgan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida jinoyat sodir etish deb topiladi va sud tomondan jazo tayinlashda jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida hisobga olinishi mumkin.
Taʼkidlash joizki, ijtimoiy xavfli qilmish zaruriy mudofaa holatda sodir etilgan taqdirda shaxs javobgarlikka tortilmaydi. Masalan, er xotiniga nisbatan zoʻrlik ishlatib unga shikast yetkazmoqchi boʻlganda yoki oʻldirmoqchi boʻlganda, oʻzini himoya qilish maqsadida xotin mudofaa vaqtida erini xayotdan mahrum qilishi, sogʻligiga zarar yetkazishi, mulkini nobud qilishii mumkin. Mudofaa holatida zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilmasligi lozim. Aks holda, sodir etilgan jinoyatda barcha zaruriy shartlar mavjud boʻlgan hollarda xayoliy mudofaa qoidalari boʻyicha zaruriy mudofaa yoki ehtiyotsizlik orqasidan sodir etilgan jinoyat sifatida yoxud umumiy shartlar asosida qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyat sifatida kvalifikatsiya qilinishi mumkin.
Ruhiy zoʻrlik, deyilganida shaxsni oʻldirish moddiy yoki maʼnaviy zarar yetkazish bilan qoʻrqitilishi natijasida sodir etgan harakat yoki harakatsizligi tufayli ijtimoiy xavfli oqibatning roʻy berishi tushuniladi. Ruhiy taʼsir natijasida yetkazilgan zarar uchun aybdor oxirgi zarurat hollaridan tashqari barcha hollarda javobgarlikka tortiladi. Sud jazo tayinlayotganda bu holatlarni javobgarlikni yengillashtiruvchi holat sifatida eʼtiborga olishi kerak. Qilmish ijtimoiy xavfli boʻlishi yangi jinoyat qonuni bilan qoʻriqlanadigan ijtimoiy munosabatlarga zarar yetkaza oladigan darajada xavfli boʻlishi kerak.
Shu oʻrinda savol tugʻiladi! Oiladagi zoʻravonlikning asosiy qurbonlari boʻlgan ayollar va bolalarga nisbatan jismoniy va ruhiy zoʻravonlik nimalarda namoyon boʻladi? Koʻpchilik zoʻravonlar oiladagi hukmronliklarini kuchaytirish maqsadida qanday usullardan foydalanadi? Bu asosan tahdid koʻrinishida namoyon boʻladi. Tahdidlar esa quyidagicha boʻlishi mumkin: moddiy taʼminlamaslik, yaʼni pul bermaslik (moddiy taʼminlamaslik), uydan haydash, bolalarini olib qoʻyish yoki ularni koʻrish imkoniyatidan mahrum qilish bilan qoʻrqitish, badaniga shikast yetkazish yoki oʻldirish bilan qoʻrqitish va hokazo. Zoʻravonlar tahdidlar bilan bir qatorda quyidagi harakatlar orqali ham oʻzlarining hukmronligini namoyish qilishga urinishlari mumkin: telefoninin olib qoʻyish, kiyimlarini yirtish yoki shaxsiy buyumlarini sindirish, uyga qamab qoʻyish, mushtini koʻrsatish orqali qoʻrqitish va hokazo.
Zoʻravon asosan quyidagi jinoyatlardan birini sodir etish orqali oʻzining kuchini namoyish etadi: qasddan badanga ogʻir (104-modda), oʻrtacha ogʻir (105-modda) yoki yengil (109-modda) shikast yetkazish, qiynash (110-modda), oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish (112-modda), jinoiy ravishda homila tushirish (abort) (114-modda), ayolni oʻz homilasini sunʼiy ravishda tushirishga majburlash (115-modda) xavf ostida qoldirish (117-modda), nomusga tegish (118-modda), jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish (119-modda), ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish (121-modda), voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni, ota-onani moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash (122-123-moddalar), nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish (1251-modda), tilanchilik qilish (1271-modda), odam savdosi (135-modda), ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga toʻsqinlik qilish (136-modda) kabi jinoyatlardan iboratdir.
Jasur Xudoyberdiyev,
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayati sudyasi,
Jamshid Xursandov,
Jinoyat ishlari boʻyicha Denov tuman sudi sudyasi
Sherali Qodirov,
Jinoyat ishlari boʻyicha Boysun tuman sudi devonxona mudiri