Oʻlimga olib kelishi mumkin boʻlgan yangi siroplar topildi
Janubiy va Shimoliy Amerika, Sharqiy Oʻrta Yer dengizi, Janubi-Sharqiy Osiyo va Gʻarbiy Tinch okeani mamlakatlarida tarkibida bolalarning oʻlimiga sabab boʻladigan zaharli modda mavjud allergiya va yoʻtal siroplari topildi. Bu…
Janubiy va Shimoliy Amerika, Sharqiy Oʻrta Yer dengizi, Janubi-Sharqiy Osiyo va Gʻarbiy Tinch okeani mamlakatlarida tarkibida bolalarning oʻlimiga sabab boʻladigan zaharli modda mavjud allergiya va yoʻtal siroplari topildi. Bu haqda Reuters Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bayonotiga tayanib yozmoqda.
Avvalroq JSST Gambiya, Indoneziya va Oʻzbekistondagi 300 dan ortiq bolaning oʻlimini Hindiston va Indoneziyaning oltita farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yoʻtal siroplari bilan bogʻlagan boʻlsa, endi gap Pokistonning «Pharmix Laboratories» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan sifatsiz siroplar haqida ketmoqda.
Maʼlum qilinishicha, siroplar tarkibida avtomobil dvigatellari uchun sovitish suvi (antifriz) ishlab chiqarishda qoʻllanadigan etilen glikol birikmasi kritik darajada yuqori. Yuqorida aytilgan preparatdagi etilen glikol bilan ifloslanish darajasi 0,62 foizdan 0,82 foizgacha, mumkin boʻlgan daraja esa 0,10 foizdan kamroq boʻlishi kerak.
Noyabr oyida Pharmix Laboratories korxonasida oʻtkazilgan rejali tekshiruv chogʻida Alergo yoʻtal siropi tarkibida zaharli modda aniqlangan. Keyingi testlar farmatsevtika kompaniyasining bir qator boshqa dori vositalarida ham etilen glikol borligini aniqladi. Pharmix Laboratories barcha ichiladigan suyuq dori-darmonlarni ishlab chiqarishni toʻxtatishga qaratilgan.
JSST maʼlumotlariga koʻra, zaharli modda «Alergo», «Mucorid», «Zinsell» siroplari va «Emidon» va «Ulkofin» suspenziyalarining 23 partiyasida topilgan.
«Ushbu sifatsiz dori-darmonlar xavfli va ulardan foydalanish, ayniqsa bolalarda, jiddiy aks taʼsirga yoki oʻlimga olib kelishi mumkin», – deb ogohlantirdi JSST.