Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +1° USD 11 964,27 EUR 13 323,41 RUB 144,49

Oʻsmir nega jinoyat koʻchasiga kiradi?

Soʻnggi yillarda dunyoning koʻpgina mamlakatlarida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar soni ortmoqda. Jahonda yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy oʻzgarishlar, jamiyatning maʼnaviy-axloqiy…

Oʻsmir nega jinoyat koʻchasiga kiradi?

Soʻnggi yillarda dunyoning koʻpgina mamlakatlarida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar soni ortmoqda. Jahonda yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy oʻzgarishlar, jamiyatning maʼnaviy-axloqiy hayotidagi yangiliklar ham bunga oʻz taʼsirini oʻtkazyapti, albatta.
Maʼlumki, aynan oʻsmirlar ham ijobiy, ham salbiy taʼsirlarga tez, oson beriluvchan boʻladi. Ular, ayniqsa, oʻtish yoshida oʻzini koʻrsatgisi, qobiliyatini namoyon etgisi keladi. Agar maktabda, oilada bunga imkon topolmasa, qulay sharoitni koʻcha-koʻydan izlashadi. Qarabsizki, jinoiy guruhlarga qoʻshilib qolishi ham hech gap emas.
Jinoiy guruhdagi tengdoshlari yangi aʼzoni oʻzlaricha qoʻllab-quvvatlashadi. Toʻdaboshi esa «Sen zoʻrsan, koʻp ishga qodirsan», deb dalda berib turadi. Hali hayotda oq-qorani tanib ulgurmagan bolaga sodir etgan jinoyatini qahramonlik deya maqtashadi. Shu tariqa uning dunyoqarashi jamiyatdagi odob-axloq meʼyorlariga, amaldagi qonun-qoidalarga zid ravishda shakllana boradi. Guruh tarkibidagi oʻsmirlar taxminan 30 foiz jinoyatlarni kattalar ishtirokida sodir etar ekan.
Bugun jinoyat koʻchasiga kirgan oʻsmir ertaga ulgʻayadi. Tahlillarning koʻrsatishicha, retsidiv jinoyatchilarning uchdan ikki qismi bolalik pallasidayoq jinoyatga qoʻl urib ulgurgan boʻladi. Demak, bugun voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyatchilikni kamaytirmasak, ertaga umumiy jinoyatchilik koʻpayishi tayin. Yana raqamlarga murojaat etsak, Rossiyada 16–17 yoshlilarga qaraganda 14–15 yoshlilar oʻrtasida jinoyat sodir etish hollari koʻpaymoqda. Bu tashvishlanarli hol, albatta.
Oʻsmirlarning jinoiy guruhlari odatda biror-bir yetakchi atrofida shakllanadi. Koʻpincha toʻdaga aʼzolarning yoshi kattarogʻi yetakchilik qiladi. Aksar hollarda bunday jinoiy guruhlar bir hududda yashovchi oʻsmirlardan tarkib topadi. Guruh aʼzolarining koʻpchiligi qonun-qoidalarni pisand qilmaydi, shafqatsizlikka moyil boʻladi, ayrimlari kashandalikka, ichkilikka, hatto giyohvandlikka ruju qoʻyadi.
Voyaga yetmaganlarning jinoyat koʻchasiga kirishiga sabab boʻladigan omillar esa hammaga maʼlum. Ammo ularni yana bir bor eslatib oʻtish foydadan xoli boʻlmaydi, deb oʻylaymiz. Bularga quyidagilar kiradi:
– oiladagi nobop muhit;
– moddiy yetishmovchiliklar;
– bolalarning qarovsiz, nazoratsiz qolishi;
– ommaviy axborot vositalarida, filmlarda zoʻravonlik, shafqatsizlikning targʻib qilinishi;
– taʼlim muassasalarida samarali profilaktik ishlar olib borilmasligi;
– voyaga yetmaganlarning boʻsh vaqti mazmunli tashkil etilmaganligi;
– ijtimoiy ogʻir ahvolda qolgan voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga huquqni muhofaza qilish idoralari yetarlicha eʼtibor bermasligi;
– kattalar orasida giyohvandlik va ichkilikbozlikning avj olishi.
Tadqiqotchilarning fikricha, voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish uchun huquqni muhofaza qilish organlarining bu boradagi faoliyatini tubdan takomillashtirish darkor. Soha xodimlari bunday jinoyatchilikning sabab va omillarini aniqlash uchun oilalar, taʼlim muassasalari bilan yaqin hamkorlikda, kompleks tarzda ish olib borishlari lozim.
Oʻsmirning eng muhim xususiyatlaridan biri – mustaqil fikrlashidir. Bu esa uning aqliy faoliyatida yangi davr boshlanganini bildiradi. Ular tomonidan sodir etiladigan har qanday xatti-harakat aktlari: aksilijtimoiy xulq-atvor, moslasha olmaslik kabilar oʻtish davrining oʻziga xos xususiyatlari sifatida namoyon boʻladi. Ular birinchi jinoiy harakatlarini amalga oshirgunlaricha dastlab uydan soʻroqsiz chiqib ketish, uyga kelmay qolish, ota-ona va kattalarning pandu nasihatlariga quloq solmaslik kabi odatlarga berilishi mumkin. Ayni shu paytda oʻsmirlar tarbiyasiga nihoyatda eʼtiborli boʻlish talab etiladi.
Oʻsmir nima sababdan jinoyat koʻchasiga kirib qolganini anglab yetish uchun, eng avvalo, uni qurshab olgan ijtimoiy muhit, shart-sharoit va uning oʻsmir shaxsiga qanday taʼsir etganligini tahlil qilish lozim. Ichki psixologik sabablar, salbiy shaxs sifatlari, yaʼni noqonuniy xulq, qatʼiy hayotiy maqsadlarning mavjud emasligi, tashqi salbiy muhit va oilada tarbiyaning yaxshi emasligi unda jinoyatchilik xulqining shakllanishiga qulay imkoniyat yaratadi.
Voyaga yetmagan jinoyatchi shaxsi shakllanish yoʻlining birinchi bosqichi tarbiyasining ogʻirligidadir. Tarbiyasi ogʻirlikning ijtimoiy ildizlarini bolaning oilasidan va uni oʻrab turgan muhitdan izlash lozim. Bunday oʻsmir oʻz qilmishlarni koʻpincha tashqi taʼsir ostida amalga oshiradi. Uning xatti-harakatlari oʻzgarishi muhitning oʻzgarishiga bogʻliq. Bunday vaziyatda huquqbuzarliklarning oldini olishning umumiy subʼektlari boʻlgan taʼlim muassasalari, mahalla, keng jamoatchilik oʻsmirga oʻz vaqtida ijobiy taʼsir koʻrsatishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Voyaga yetmagan shaxslar nafaqat dars jarayonida, balki darsdan tashqari vaqtlarda ham ota-onalarining, taʼlim muassasasining nazorati va tarbiyaviy taʼsiri ostida boʻlishi kerak. Tahlil etilgan ijobiy natijalar shundan dalolat beradiki, qayerda pedagogik jamoalar bunday javobgarlikni oʻz zimmalariga olib, oʻquvchilarning boʻsh vaqtini toʻgʻri tashkil etgan boʻlsa, ota-onalar farzandlari taqdiriga eʼtiborsiz boʻlmasa, oʻsha yerda qonunbuzarliklar juda kam sodir etiladi.
Oila hamda oʻquv-tarbiya muassasasi nazoratidan chetda qolish yoshlarda beboshlik hissini yuzaga keltiradi. Ular nima qilsam ham javobgar boʻlmaskanman, degan xulosaga keladi. Voyaga yetmaganlar huquqbuzarliklarining oldini olishning zamonaviy sharoitida asosiy diqqat-eʼtibor ular tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini oluvchi dastlabki profilaktika masalalariga qaratilgan boʻlishi kerak.
Oʻsmirlar bilan amalga oshiriladigan profilaktik choralar umumtarbiyaviy, jinoiy va qonuniy choralar taʼsirini birlashtiruvchi omil hisoblanadi. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olishning bosh mezoni shaxsning yoshligidan toʻgʻri tarbiyalashni taʼminlashdan va undagi ayrim salbiy koʻrinishlarni oʻz vaqtida toʻgʻrilab, sodir etilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklarning oldini olishdan iboratdir.
Hozirgi paytda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olish dolzarb muammolardan biridir. Chunki kelajakning davomchilari aynan oʻsib kelayotgan yosh avloddir. Aynan ular davlatning kelajagini belgilaydi. Yosh avlod vakillari oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish uchun, avvalo, ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash va bartaraf etish maqsadga muvofiqdir. Buni amalga oshirish uchun ichki ishlar organlari joylarda umumiy profilaktikadan unumli foydalanishi va yoshlar tarbiyasiga bevosita masʼul shaxslar hamda tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikni yaxshi yoʻlga qoʻyishi ijobiy natijalar beradi.
Sharq pedagogikasiga koʻra, taʼlimni tarbiyadan ajratib boʻlmaydi. Oʻqituvchi oʻquvchiga bilim barobarida odob-axloqdan, odamiylikdan ham saboq berishi kerak. Lekin bu ota-ona zimmasidagi masʼuliyatdan aslo soqit qilmaydi. Oʻz masʼuliyatini unutgan ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan oʻz qaramogʻidagi voyaga yetmaganlarni taʼminlash, tarbiyalash va unga taʼlim berish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishdan boʻyin tovlash yoki bu vazifani lozim darajada bajarmaslik holatlari afsuski, hayotda uchrab turibdi. Nazarimizda, ularning bu boradagi javobgarligini kuchaytirish masalasini ham oʻylab koʻrish vaqti keldi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Boysun tuman sudining devonxona mudiri Sh.Qodirov
Jinoyat ishlari boʻyicha Qiziriq tuman sudining devonxona mudiri E.Yuldoshev

Mavzuga oid