Oʻzbekiston-Qozogʻiston chegarasida noqonuniy tunnel aniqlandi
Toshkent viloyatining Qozogʻiston bilan chegara hududida noqonuniy yerosti yoʻli (tunnel) aniqlandi va Hindistonda ishlab chiqarilgan 1 mlrd soʻmlik dori vositalari olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. Qayd…
Toshkent viloyatining Qozogʻiston bilan chegara hududida noqonuniy yerosti yoʻli (tunnel) aniqlandi va Hindistonda ishlab chiqarilgan 1 mlrd soʻmlik dori vositalari olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan chegara qoʻshinlari va “Toshkent-Aero” IBK harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Hindistondan Qozogʻiston orqali Oʻzbekistonga katta miqdordagi, sifati kafolatlanmagan dori vositalarini noqonuniy olib kelish bilan shugʻullangan transchegaraviy jinoiy guruh faoliyati fosh etilgan.
Xususan, jinoiy guruh tomonidan navbatdagi dori vositalari “Dehli-Toshkent-Olmaota” aviayoʻnalishi orqali tranzit tarzda Olmaota xalqaro aeroportiga olib kelinib, Qozogʻistonning Turkiston viloyati Sariyogʻoch tumani “Doʻstlik” aholi yashash punktiga yetkazilgan va yashirin yerosti yoʻli orqali Toshkent viloyatining Toshkent tumani “Oʻrikzor” MFY hududiga oʻtkazilgan.
Tezkor tadbir davomida jinoiy guruh aʼzolaridan jami 1 mlrd 94 mln 342 ming soʻmlik, Hindistonda ishlab chiqarilgan “Albumin”,“Remdesivir”,“Meropenem” kabi jami 107 nomdagi 17048 dona dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Taʼkidlash lozimki, 1975 yilda tugʻilgan fuqaroning Toshkent tumani “Oʻrikzor” MFYdagi uyini Qozogʻistonning Sariyogʻoch tumani “Doʻstlik” aholi yashash punkti bilan bogʻlovchi yerosti yoʻlining uzunligi 310 metrni tashkil etadi. Yerosti yoʻli havo ventilyatsiyasi, yoritish tizimi, yuklarni tashishga moʻljallangan aravalar va arqonlar bilan jihozlangan.
“Hozirda holat yuzasidan jinoiy guruh aʼzolariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan”, deyiladi xabarda.