Oʻzbekiston quyosh panellariga 15 mlrd pul sarflamoqchi. Umidimiz quyoshdanmi?
Oʻzbekistonning energiya sohasidagi muammolari tobora chuqurlashib borayotgani sabab, mamlakat oʻzining bor resurslarini tejashga harakat qilmoqda. Xususan, yanvar oyi davomida respublikada kuzatilgan anomal sovuq vaqtida…
Oʻzbekistonning energiya sohasidagi muammolari tobora chuqurlashib borayotgani sabab, mamlakat oʻzining bor resurslarini tejashga harakat qilmoqda.
Xususan, yanvar oyi davomida respublikada kuzatilgan anomal sovuq vaqtida Energetika vazirligi rejasiga koʻra:
1. Avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga cheklovlar kiritildi;
2. Yirik ishlab chiqarish korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytirildi;
3. Energotizimdagi yirik isteʼmolchilarning kunlik elektr energiyasi isteʼmoli kamaytirildi va tejalgan 11-12 mln kVt-soat elektr energiyasi aholi isteʼmoliga yoʻnaltirildi;
4. Mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tasdiqlangan grafiklarga asosan aholi xonadonlariga sarflanadigan elektr energiyasiga qisqa muddatli cheklovlar kiritildi;
5. Isteʼmolchilarga kunlik koʻmir yetkazib berish hajmi 5000 tonnadan 8000 tonnaga oshirildi.
Mazkur cheklovlar oʻrnatilganiga, maʼlum choralar koʻrilganiga qaramay, qishning eng sovuq kunlarida oʻzbekistonliklar, hatto, poytaxt aholisi ham mamlakatning energiya inqirozida ekanini oʻz tanasida his qildi.
Bunday holatlarning oldini olish masadida Prezident Shavkat Mirziyoyev keskin choralar koʻrilishini aytib, oʻsha keskin choralarni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev hamda keyinroq ishga tiklangan Energetika vaziri oʻrinbosari Sherzod Xoʻjayevni lavozimidan ozod etishdan boshladi.
Shuningdek, 2022–2026 yillarga moʻljallangan Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasining 2023 yilga oid davlat dasturiga koʻra, tabiiy resurslarni tejash maqsadida 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab byudjet tashkilotlariga quyosh paneli va issiq suv kollektorini oʻrnatish majburiyati yuklatildi hamda 2026 yilga qadar tashkilotlar binolari energiya isteʼmolining 60 foizi “yashil energiya”ga bosqichma-bosqich oʻtkaziladigan boʻldi.
Qolaversa, Prezidentning 15 fevraldagi “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, joriy yilning 1 mayidan boshlab foydalanishga topshiriladigan koʻp qavatli uylar tomlariga quyosh panellari oʻrnatilishi belgilandi.