Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +1° USD 11 964,27 EUR 13 323,41 RUB 144,49

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisi”da Farmonining mazmun mohiyati

Sud tizimining bosqichma-bosqich demokratlashtirilishi, sud hokimiyatining mustaqilligi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy tamoyilga qatʼiy rioya etilishi mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar orasida…

Sud tizimining bosqichma-bosqich demokratlashtirilishi, sud hokimiyatining mustaqilligi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy tamoyilga qatʼiy rioya etilishi mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar orasida markaziy oʻrinni egallaydi.
Aholini odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan 2016 yil 21 oktyabr kuni qabul qilingan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF 4850-sonli Farmoni sud-huquq sohasidagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi. Ushbu Farmonga koʻra, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish borasida ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Sud hokimiyatining mustaqilligi, konstitutsiyaviy normalarga va odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi printsiplariga ogʻishmay amal qilinishi, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qilishga qarshi zarur choralar koʻrilishi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida hal etish, murojaatlarni koʻrib chiqishda sansalorlik va befarq munosabatda boʻlish holatlariga yoʻl qoʻyganlik uchun jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash, buzilgan huquqlarni tiklash boʻyicha barcha zarur choralar koʻrish, faoliyatning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va aholi bilan hamkorlik qilishning samarali mexanizmlarini keng qoʻllash, faoliyatni ish yakunlarining kompleks tahlili asosida rejalashtirish va tashkil etish, bunda eʼtiborni avvalo huquqni qoʻllash amaliyoti va amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish orqali tizimli qonunbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash hamda bartaraf etishga qaratish, xodimlar oʻrtasida suiisteʼmolchilik va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika qilish va ularga chek qoʻyish boʻyicha idoraviy nazoratni kuchaytirish, odob-axloq qoidalariga ogʻishmay rioya etilishini taʼminlash, yuksak axloqiy-irodaviy va kasbiy fazilatlarga ega, yuklatilgan vazifalar va amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali bajarilishini taʼminlashga qodir boʻlgan kadrlarni shaffof tanlov asosida ishga qabul qilish tizimini takomillashtirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan ilgʻor ilmiy-texnika vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shuningdek ishni tashkil etishning zamonaviy shakl va usullarini joriy etishni taʼminlash choralari shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan muqobil jazo turlarini qoʻllashni kengaytirish orqali qamoq tariqasidagi jinoiy jazo tugatilishi, jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga qisqartirilishi, qamoqqa olish va uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot choralarini qoʻllashning, shuningdek dastlabki tergovning eng koʻp muddati 1 yildan 7 oyga qisqartirilishi, pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlab qoʻyish va eksgumatsiya qilish uchun sanktsiya berish huquqi sudlarga oʻtkazilashi, sudlarga qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash rad etilganda muqobil ehtiyot choralarini qoʻllash huquqi berilishi, tergovning toʻliq emasligini sud muhokamasi jarayonida toʻldirish mexanizmlarini joriy etish orqali sud tomonidan jinoyat ishini qoʻshimcha tergov yuritishga qaytarish instituti bekor qilinishi, fuqarolik ishi boʻyicha sud qarorini nazorat tartibida qayta koʻrib chiqish muddati 3 yildan 1 yilga qisqartirilishi, viloyat darajasidagi sudlar tomonidan jinoyat va fuqarolik ishlarini nazorat tartibida koʻrib chiqish instituti tugatilib, tegishli sud raislari va prokurorlarning nazorat tartibida protest keltirish boʻyicha vakolatlari bekor qilinishi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ishlarni nazorat tartibida koʻrib chiqish boʻyicha bir-birini takrorlovchi vakolatlari bekor qilinishi, adliya organlarining umumiy yurisdiktsiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash sohasidagi vazifa va vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga oʻtkazilishi, xoʻjalik (hozirgi iqtisodiy )sudlari tizimida mintaqaviy apellyatsiya sudlari tashkil etilishi kabi chora-tadbirlar belgilab berildi.
Mazkur Farmon Sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud-huquq faoliyati samaradorligini oshirish, aholining odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlash maqsadini koʻzlaydi.
Zero, sud-huquq sohasida amalga oshirilgan islohotlar inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari yoʻlida xizmat qilmogʻi lozimdir.

Jinoyat ishlari boʻyicha Boysun tuman sudining devonxona mudiri Sh.Qodirov

Mavzuga oid