Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonuni mazmun mohiyati.
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni Qonunchilik palatasi…
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2024 yil 27 avgustda qabul qilingan boʻlib,
Senat tomonidan 2024 yil 24-oktabrda maʼqullangan.
Keyingi yillarda mamlakatimizda insonning oʻz qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun teng imkoniyatlar yaratish, ishning haqiqiy holatlarini har tomonlama, toʻliq va xolisona aniqlashga doir qonun talablariga soʻzsiz rioya etish, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi printsiplarini hayotga tatbiq etish orqali inson huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishini taʼminlash boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga jamiyat hayotining turli sohalarini jadal raqamlashtirish, odamlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yanada koʻproq hamkorlik qilishi va buning oqibatida jinoyatlar sodir etilishi, raqamli muhitda fuqarolar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi hollarining keng tarqalishi raqamli dalillarning institutsionallashtirilishini va ular bilan bogʻlik ishlarni amalga oshirishning huquqiy asoslari mustahkamlanishini talab etmoqda.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga, Fuqarolik protsessual kodeksiga, Iqtisodiy protsessual kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksiga raqamli dalillar tushunchasini, raqamli dalillarni toʻplash, taqdim etish, mustahkamlash, koʻzdan kechirish, tekshirish va baholash, ularni saqlash, qaytarish hamda yoʻq qilish tartibini belgilovchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Bundan tashqari «Notariat toʻgʻrisida»gi, «Hakamlik sudlari toʻgʻrisida»gi va «Sud ekspertizasi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida raqamli dalillarni guvohlantirish va ularni tekshirish tartibi nazarda tutilmoqda.
Ushbu Qonun fuqarolar va tashkilotlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Surxondaryo viloyat jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi J.Xudoyberdiyev