“Oʻzenergoinspektsiya”: Qashqadaryo, Navoiy va Namangan hududiy boshqarma boshliqlari rotatsiya qilindi
“Oʻzenergoinspektsiya”da oʻtkazilgan yigʻilishda joriy yilning 4 oylik yakuni natijalari sarhisob qilindi. Unda qayd etilishicha, shu oʻtgan davrda respublika boʻyicha isteʼmolchilar tomonidan yoqilgʻi-energiya resurslaridan samarasiz…
“Oʻzenergoinspektsiya”da oʻtkazilgan yigʻilishda joriy yilning 4 oylik yakuni natijalari sarhisob qilindi.
Unda qayd etilishicha, shu oʻtgan davrda respublika boʻyicha isteʼmolchilar tomonidan yoqilgʻi-energiya resurslaridan samarasiz va noqonuniy foydalanishlarning oldini olish boʻyicha 41 ming 592 ta profilaktika tadbiri oʻtkazilgan. Bu ishlar tufayli energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar boʻyicha 2 ming 433 ta maʼmuriy ish rasmiylashtirilgan. Lavozimga loyiqlik boʻyicha oʻtkazilgan attestatsiyada 74 ta xodimning bilim darajasi qoniqarsiz deb topilgan.
“Oʻzenergoinspektsiya” axborot xizmati xabariga koʻra, yigʻilish tanqidiy-tahliliy ruhda boʻlib oʻtdi. Unda maʼlum qilinganidek, toʻrt oy yakuni boʻyicha hududlarda ishlar yetarli darajada tashkil qilinmagani va sustkashlikka yoʻl qoʻygani uchun Surxondaryo hududiy boshqarma boshligʻi lavozimidan ozod etildi. Shu bilan birga, ijro intizomini buzgani uchun Andijon va Sirdaryo hududiy boshqarmasi boshliqlariga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʻllanildi.
Shuningdek, Qashqadaryo, Navoiy va Namangan hududiy boshqarma boshliqlari rotatsiya qilindi.
Yigʻilish yakunida elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishda qonun-qoida talablariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha doimiy davlat nazorati olib borilishi yuzasidan koʻrsatmalar berildi.