Chorshanba, 11-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

OʻZIMIZ OʻTIRGAN ShOXNI KESMAYLIK

Yaqinda (2023 yil, dekabr) bir sabab bilan yozuvchi Nurali Qobul ijodxonasiga bordim. Toʻrt kishi gaplashib oʻtirgandik, shu chogʻ kimdir eshik qoqib kepqoldi. Nurali aka u kishini ham bizni kutib olgandek ichkari oldi. Divanga…

Yaqinda (2023 yil, dekabr) bir sabab bilan yozuvchi Nurali Qobul ijodxonasiga bordim. Toʻrt kishi gaplashib oʻtirgandik, shu chogʻ kimdir eshik qoqib kepqoldi. Nurali aka u kishini ham bizni kutib olgandek ichkari oldi. Divanga taklif qilib, qishning qattiq sovugʻida diydirab kelgan mehmon qoʻliga bir piyola choy tutqazarkan, bizni u kishiga, u kishini bizga tanishtirdi. Mening yonimda Xondamir Qodiriy oʻtirardi, Nurali aka:

– Bu kishi Qodiriyning nabirasi – Xondamir Qodiriy boʻladilar! – deganda mehmonning avzoyi birdan oʻzgardi, koʻzlari yoshlanib, lablari titradi.
– Qodiriy… Qodiriyning nevarasi!.. – deya oldi xolos, u, bir Yaratgangayu bir oʻzigagina ayon tuygʻularga gʻarq boʻlib.
Ozroq suhbatlashgandan soʻng kelgan mehmon xayrlashib chiqarkan, “Abdulla Qodiriy!” deya Xondamir akaga yana bir qaradiyu, boyagi koʻyga tushdi: lablari titradi, yuzlari olovlandi, koʻzsoqqalari yoshga toʻldi.

Bu – mehmonning Qodiriyga boʻlgan samimiy munosabati edi. Hamda bu munosabatda uning yaxshi koʻrishi, armoni, cheksiz minnatdorligiyu yuragining achishishi – hamma-hammasi mujassam edi goʻyo. Shuningdek, uning holida oʻzbek eli katta bir qismining Qodiriyga boʻlgan munosabati ham “manaman” deya koʻkrak kerib turardi.

Ha, oʻzbek eli – turkiy el Qodiriyni taxminan shunday sevadi: u soʻzamollik qilmasligi, buni eplay olmasligi mumkin, lekin titroq lablariyu yoshga toʻla iztirobli koʻzlari bilan mislsiz mehrini oʻz yuragidan kechiradi – boshidan ham.

Xoʻsh, nega?

Chunki Abdulla Qodiriy millatning bir parchasiga, kerak boʻlsa, har bir oilaning bitta aʼzosiga, mehr va muhabbatining hadafiga aylanib ketgan. Shuning uchun ham oramizda otabeklaru anvarlar, kumushlaru raʼnolar koʻp. “Oʻtkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” qahramonlariga havasdan qoʻyilgan otlar bular. Ulugʻ Navoiyning Farhodu Shirinidan boshqa yana qaysi bir yozuvchi yaratgan qahramonlarning ismlari el orasida bunchalar mashhur, bir oʻylab koʻring! Ismlar shunchaki qoʻyilmaydi. Sevganidan, ergashganidan, havas qilganidan oʻgʻil-qizlarining oʻshandayin insonlar boʻlishini orzu qilganidan qoʻyiladi. Qahramonlarni “landavur”, “lapashang” deb oʻylaganida qoʻymas edi. Yoʻqsa, xalqni shunchalar omi deb bilamizmi?.. Qodiriy romanlari va yorqin qahramonlari saviyasini “oʻrtamiyona” va “past saviyali” deb bilar ekanmiz, unga ergashganlar toʻgʻrisida ham xuddi shunday hukm-xulosa chiqargan boʻlamiz. Bu esa xalqning katta bir qismiga nisbatan haqoratdan boshqa narsa emas.

Kurakda turmaydigan tanqid anchadan beri bor edi. Bundan qariyb chorak asr burun Qodiriy romanlarini butunlay va uzil-kesil inkor qilib yozilgan kitob qoʻlyozmasini oʻqigandim, unga tanqidning tanqidi maʼnosida taqriz ham bergandim. Ajabki, biz xalqning qalbida yashab qolgan qahramonlarni “tugʻib bergan” Qodiriyni, uning xizmatlarini inkor qila boshlabmiz. Oʻz nazarimizda “mudhish xato”larini topib olib, pashshadan fil yasashga oʻtibmiz. Hatto ne-ne qodiriyshunoslarning ishini “koʻr-koʻrona” qilinganlikda ayblab qolibmiz. Tanqidmi bu yo tahqir? Balki tuhmatdir?.. Qiziq, bizgacha kimki Qodiriyni oʻqib, uning asarlari toʻgʻrisida ijobiy fikr yozgan boʻlsa, bari nohaqu bir biz haqiqatni koʻrib qolibmizmi?.. Nahotki, shunday boʻlsa?.. Mutafakkir shoir Abdulla Oripov Yozuvchilar uyushmasidagi bir majlisda ayrim kaltaoʻy kishilarni nazarda tutib: “Qoʻyib bersang, bular Navoiyning ham soqolidan tortadi” degan edi. Topib aytgan ekan.

Oʻtgan asrning 90-yillarida oʻzbek adiblari orasida A.Qahhorga shunday munosabat paydo boʻlgandi. Uni salkam “yozuvchi emas”gacha chiqarishgandi. Keyin yana vaqt oʻtib, Qahhor oʻzini “yozuvchi emas”ga chiqarganlarning barchasidan kattaroq yozuvchi ekanini “isbot qildi”. Bu ishni oʻzi qilmadi, albatta (qabrdan chiqib kelmaydi-ku!), balki vaqt qildi. Vaqt adolat bilan hammasini joy-joyiga qoʻydi. Qodiriyyu Hamzalar ham shunday. Ular oʻzini inkor qilganlarning barchasidan uzoq yashaydi. Chunki millatga, taraqqiyotga, juda katta adabiyotga butun borligʻi bilan xizmat qilgan edi ular. Yana ming yilda, bor, ana, bir necha yuz yilda bir boʻladigan mislsiz oʻzgarishlar qoʻynida tugʻilgan edi ular. Siz mashhur jadid bobolardan isteʼdodli boʻlishingiz mumkin, lekin necha asrlarda bir bora boʻladigan azim evrilishlar bagʻrida ulardek tugʻilib qolishni “buyurtma” bera olmaysiz.

Jadidlarga ham isteʼdodli boʻlish, ham “oʻz vaqtida” tugʻilish nasib qilgan edi. Qachon va qayerda tugʻilish esa – qismat. M.Lermontov isteʼdodini A.Pushkinnikidan baland qoʻyadigan adabiyotshunoslar bor, biroq “rus sheʼriyatining quyoshi” boʻlish Pushkinga nasib qilgan edi. Lermontov biron 10-15 yilga kechikkan, xolos, va ustozi Pushkinga ergashishga “majbur boʻlgan”. Chunki Pushkin dahosi va davr bir-biriga teng kelgan edi. Jadidlarning ulkan oʻzgarishlar davrida “paydo boʻlgani” ham shunday natijani maydonga keltirgan. Vaqtida tugʻilish degani – shu. Oʻylab koʻraylik.

Har qanday davr oʻzgarib, oʻrniga yangisi keladi, shu oʻzgarish bilan birga voqelikni yangicha aks ettirish ehtiyoji tugʻiladi. Qisqaoʻy ijodkor boʻlsa: “mengacha yashab ijod qilganlarning hammasi eskirdi, haqiqiy adabiyotni endi men yarataman!” deb oʻylay boshlaydi. Holbuki, erta bir kun u orqa qilgan davr ham aylanib, oʻrniga tagʻin yangisi keladi. Bas, yana yangi asarlarga ehtiyoj tugʻiladi. Shunday paytda, u yoki bu davrni maksimal darajada yoritib bergan adib yo boshqa ijodkor xizmatiga bepisandlik bilan qarashdan oʻzni tiyish, aksincha, ularni tushunish va amalga oshirgan ishlarini eʼtirof etish adolatdan boʻladi. Yaʼni har bir asar yozilgan vaqtiga qarab, davr kontekstida oʻrganilishi va baholanishi shart. Bugungi kunning imkonlaridan turib baholashga urinar ekanmiz, koʻpincha yanglish xulosalarga borib qolamiz. Chunki u asarda aks etgan voqelik oʻzgarib ketgan boʻladi. Shu maʼnoda barcha davrlarga birdek xizmat qila oladigan adib ham, asar ham kam topiladi. Hatto eng buyuk deganimizning ham shoh asarlarini izohlar va sharhlar bilan tushunish, tushuntirishga ehtiyoj sezib yashaymiz. Oʻylab koʻraylik.

Qahhordan sal oʻtib, Hamzaga hujum boshlandi. Men Hamzani oʻzim mansub avloddan koʻra koʻproq va xoʻproq oʻrgangan ustozlarga sim qoqib, maʼrifatparvar bobomizni himoya qilishlarini soʻradim. Sado chiqmagandan keyin noiloj qolib, 21 betli matn bitib, Hamzaning xizmatlarini tushunish va tushuntirishga urindim – eʼlon qildim.

Yaqinda bir yoshroq tarix mutaxassisi chiqib, Amir Temurni tanqid qildi – koʻpchiligingiz koʻrdingiz.
“Xoʻsh, nima qilibdi shunga? Qodiriyni, Qahhorni, Hamzani, Temurni tanqid qilib boʻlmaydimi? Nima, ular inson emasmi, ularning kamchiligi yoʻqmi?..”

Nega boʻlmas ekan? Boʻlganda qandoq! Qaysi birimizning bilib yo bilmay qilgan xatolarimiz yoʻq? Bas, eng ulugʻ kishilarning ham oʻziga yarasha xato va kamchiliklari bor, boʻladi.
Aytilganidek, “aybsiz – yolgʻiz Parvardigor”.

Gap shundaki, ayrim xato yoki kamchiliklari tufayli ulugʻlar xizmatiga yuqoridan kelib munosabatda boʻlish, hatto inkor qilishgacha borib yetish xatolarning eng kattasi ekanligini unutib qoʻyayotganga oʻxshaymiz. U yogʻini soʻrasangiz, nainki ulugʻlarning, balki eng oddiy odamning ham xato qilishga haqqi bor. Insonning u yoki bu xatosini topib olib, bozorga chiqarib jar solishga esa siz bilan bizning mutlaqo haqqimiz yoʻq. Haqqimiz boʻlgan joyi – ilmiy tekshirib, yutuq va xatolarini xolislik bilan qayd etishdir. Shunda ham hurmatlarini joyiga qoʻygan holda ish tutish taqozo etiladi. Hamda kamchiliklarni koʻrsatish u yoki bu soha uchun, uning taraqqiyoti uchun zarur boʻlgandagina qilinadi bu ish. Yaʼni tanqid tanqid uchun qilinmaydi, qilinmasligi kerak.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqdagi bir koʻrsatuvda xorijlik tarixchining Amir Temur toʻgʻrisidagi fikri eʼtiborimni tortdi. Zero, mening oʻzim ham shunday oʻylab yurardim: “Dunyoda uchta tengsiz sarkarda bor. Ularning oldiga hech kim tusha olmaydi: bular – Aleksandr Makedonsiy, Chingizxon va Amir Temur” dedi u. Chet ellik tarixchi nomlari zikr etilgan sarkardalar olib borgan urushlar tufayli ne-ne saltanatlar buzilib, qanchadan qancha begunoh odamlarning qoni toʻkilganini bilmasmidi? Bilardi. Biroq urushlar va nizolar insoniyat hayotining bir parchasi boʻlib kelganini nazarda tutib, mana shunday vaziyatda tarixda oʻzidan katta iz qoldirgan yoʻlboshchilar xizmatiga urgʻu berdi u. Temur xizmatlarini eʼtirof etgan xorijlik va ushbu xizmatlarni turli xil vajlar bilan inkor qilishga uringan oʻzbek tarixchisi qarashlaridagi farqni oʻylab koʻraylik. Nima uchun bunday boʻlyapti?..

Toʻgʻri, ilmda ham, hayotda ham xato va kamchiliklarni berkitish, xaspoʻshlash maqbul tutim emas. Taraqqiyot uchun bilish kerak, bilish uchun esa oʻtmishga ham, bugunga ham tanqidiy koʻz bilan qarash zarur. Biroq bu ish insoniy va ilmiy axloq, etik va estetik normalar doirasida amalga oshirilmogʻi shart. Talab – shu!

Shunga amal qilinmagani uchun ham ijodkor A.Malikning ulugʻ adib A. Qodiriy asarlari toʻgʻrisidagi tanqidiy chiqishi jamiyatda qattik norozilikka uchradi. Chunki u xalqning koʻngliga tegadigan gap aytib qoʻydi, natijada koʻpchilik qoʻzgʻaldi. Zero, shoir ogohlantirgan edi:

Inson qalbi bilan hazillashmang, siz,
Unda millat yashar, unda til yashar.
Unda ajdod faxri yashaydi soʻzsiz,
Unda istiqomat qiladi bashar.

Inson qalbi bilan hazillashmang, siz,
Unda ona yashar, yashaydi Vatan.
Uni joʻn narsa deb oʻylamang hargiz,
Hayhot, qoʻzgʻalmasin bu qalb dafʼatan!

A.Oripov oʻz sheʼrida bir inson qalbi bilan hazillashmang, buning oqibati yaxshi boʻlmaydi, deyapti. Endi butun xalq bilan “hazillashish”, yaʼni u ishongan haqiqatlar (bu yerda Qodiriy shaxsiyati va romanlariga boʻlgan ijobiy munosabat) ni yoʻqqa chiqarishga urinish bahosini oʻzingiz bichib olavering.

Boburshoh Hindistonda ekan, oʻgʻli Humoyunga mahalliy xalq bilan ehtiyot boʻlib munosabatda boʻl, ularning eʼtiqodlariga zid keladigan ish qilib qoʻyma, deb tayinlagan ekan. Agar uning farzandlari buyuk ota maslahatiga teskari ishlar qilganda edi, dunyoda eng uzoq yashagan imperiyalardan biri – Boburiylar saltanatini qurisholmagan boʻlardi. Boburiylar musulmon edilar. Hindlarning eʼtiqodi esa tamomila oʻzga. “Biz haq, ular botil eʼtiqodda, bas, adashganlarni xohlagancha boshqaramiz, boʻysinmasa, qirib tashlaymiz!” deb ish tutmadilar ular, bilʼaks, bagʻrikenglik qilishdi – oʻzga eʼtiqodlilar bilan murosayu madora yoʻlini tanlashdi. Nega shunday qilishdi – oʻylab koʻraylik.

Oʻzbekning mashhur shoirlari H. Xudoyberdiyeva, M. Yusuf va boshqalarning Zaynabni yoqlab yozgan sheʼrlari ham qaysidir maʼnoda Qodiriyga “eʼtirozlar” edi. Biroq bu “eʼtirozlar” xalq orasida ham, adabiyot ilmi olimlari orasida ham sira norozilikka sabab boʻlgani yoʻq.

M. Yusufning “Otabek qoʻshigʻi”, “Zaynab qoʻshigʻi”, “Kumush” kabi sheʼrlari “Oʻtkan kunlar” romani qahramonlari tilidan yoki ularga murojaat tarzida bitilgan. Shunisi eʼtiborga loyiqki, shoir har bir sheʼr qahramoni koʻzi bilan dunyoga qaraydi, ularning dardini (oʻz nazarida davom ettirgan holda) sheʼr tili bilan izhor aylaydi:

Sen Shirinu men ham Farhod emasman,
Sen achchigʻu men ham novvot emasman.
Zaynab, Zaynab, menga aytma zoringni,
Sen dilxunu men ham dilshod emasman…

Boshga neki tushsa, koʻkdan atomish,
Biz bir qafas aro giryon bir juft qush.
Bir goʻshada sen xomushsan, men xomush
Sen vayronu men ham obod emasman…

Shu tarzda shoir Otabek tilidan romanda bayon etilgandan oʻzgacharoq manzaralarni chizadiki, natijada oʻquvchi Otabekning chorasizlikda qolgan holatini, dardini teranroq, koʻlamliroq anglaydi, ayni damda, Zaynab tushib qolgan vaziyatga, uning fojiasiga ham boshqa nuqtai nazardan razm soladi, unga salbiy qahramonga qaragandek qarashni bir zumga qoʻyib, shoʻrlik ayolni “koʻkdan ato” taqdirga boʻyin sungan bir bechora oʻlaroq taniy boshlaydi. Boshqacha aytganda, M. Yusufning yuqoridagi sheʼrlari misolida roman voqeligi va qahramonlar xatti-harakatlari oʻziga xos yoʻsinda talqin qilinadi.

Tengim boshqa, dedi yor,
Topdim desam tengimni.
Margʻilonlik bir dildor
Tortib oldi begimni…

Nima boʻldi bek yigit,
Bekangizga qarash yoʻq?
Kumushdan ming oʻrgilib,
Zaynabdan hol soʻrash yoʻq…

Oʻzini ziyoliman degan oʻzbek oʻquvchisi borki, “Oʻtkan kunlar” romanini oʻqigan, uqqan, magʻzini chaqqan. Odatda, asarni oʻqib boʻlishi bilan oʻquvchi qalbini Kumushga nisbatan muhabbat va achinish hissiyu Zaynabga nisbatan nafrat tuygʻusi qamrab oladi. M. Yusuf sheʼrlari esa oʻquvchining ana oʻsha ilk munosabatiga tahrir kiritadi, hammasini boshqatdan oʻylab koʻrishga, Zaynabni ham bir inson oʻlaroq tushunishga undaydi. Buning uchun esa voqelikka aynan Zaynab koʻzidan qarash talab etiladi. Bu, Zaynabning mudhish qilmishini oqlashga intilish emas, balki u tushib qolgan vaziyat chigalligini va kundoshli ayol boshiga yogʻilgan shoʻrish zalvorini yurak-yurakdan his qilishga daʼvat etish deganidir. Margʻilonda Kumushni koʻrdim, Koʻziga yosh olib turibdi. Socharini maydalab oʻrib, Otabekni izlab yuribdi... “Kumush” deb nomlangan sheʼrida shoir ana shunday manzarani chizadi. Bu bilan esa oʻquvchi xayolini yana oʻsha buyuk sevgi qissasiga, bagʻoyat goʻzal va sadoqatli Kumush obraziga – sochini mayda oʻrib, koʻzi toʻla yosh bilan Margʻilonda Otabekni izlab yurgan Kumushga qaratadi. Natijada oʻquvchi koʻz oʻngida yana “Oʻtkan kunlar” romani voqealari, qahramonlari jonlanadi-da, beixtiyor, asarning badiiy olami chashmasidan estetik did ehtiyoji chanqoqligini qondirib oladi. Yana oʻsha savol: nega shoirning Zaynabning yonini olishi oʻquvchiga qattiq botmadi?.. Chunki shoir etik normalarga rioya qilib ish koʻrgan edi. Qilichni chiqarib, oʻngu soʻlga sermamagandi. Bas, Zaynabni tushunish va yonini olish Qodiriyga tosh otishga aylanib ketmagandi. Demak, Qodiriy bilan bahslashga boʻlar ekanmi? Boʻlganda qandoq. Istasangiz, Qodiriy asarlarini mutlaqo qabul qilmang. Biroq yoʻlini topib ayting buni. Ayni damda, Qodiriyning millat madaniyati va adabiyoti tarixidagi oʻrni va ahamiyatini inkor ham qilmang. Qodiriy asarlarini yoqtirmaslikka haqqingiz bor, lekin qilgan xizmatlarini inkor qilishga haqqingiz yoʻq. Qodiriy oʻz safdoshlari – Behbudiy, Fitrat, Hamza, Choʻlponlar bilan birga Navoiy va Boburdan qariyb 400 yil keyin oʻzbek adabiyotini yangilab bergan asoschi-adibdir. Hozir, siz bilan biz ham ana oʻsha jadid bobolar solib ketgan yoʻldan yurib qogʻoz qoralayapmiz – maqolalar yozyapmiz, hikoyayu romanlar bityapmiz. Bugungi kunda oʻzbek adabiyotida boʻlishi mumkin barcha yangiliklar, asosan, ana shu Ikkinchi yuksalish – jadidlar asos solgan yoʻl ichida sodir boʻlmoqda. Esli-xushli odam oʻzi oʻtirgan shoxni kesmaydi. Bas, shunday ekan, adabiyot bizninggina olamimizdan, simpatiya va antipatiyamiz iborat emas. Obʼektiv boʻlolmasak, subʼektiv fikrimizni mutlaq haqiqat sifatida oʻzgalarga tiqishtirmaylik. Demak, jadidlar – xalqimiz tarixida mislsiz progressiv rol oʻynagan avlod. Ha, xatolari bor edi ularning ham, lekin “xatosi”ni koʻrgan koʻzimiz nega ularning “toʻgʻrisi”ga kelganda yumilib qolyapti? Ular Gʻarbga ergashgan vaqtda Gʻarb chindan-da ilgʻor edi, hozir ham ilgʻor. Sharq esa, taraqqiyotning barcha jabhalarida chidab boʻlmas darajadagi inqirozni boshidan kechirayotgan edi. Shunday paytda Gʻarbga ergashib, ulardan oʻrganishning nima yomon tomoni bor – men tushunmayman. Bugun ergashmayapmizmi oʻsha Gʻarbga? Bugun ehtiyojimiz yoʻqmi oʻrganishga!?.. Ilm Chinda boʻlsa ham borib oʻrgan, demaganmidi ulugʻlar?... Insoniyat tarixiga tafakkur nigohini tashlasangiz, ayon boʻladiki, tsiviliziatsiya hamisha “koʻchib” yurgan. Qachondir (Oʻrta asrlarda) taraqqiyot yoʻllarini butun dunyoga Sharq koʻrsatgan esa, keyingi 600 yil mobaynida bu vazifani asosan Gʻarb udda qilib keldi. Shunday paytda jadid bobolarimizning bitta koʻzi Gʻarbga qaratilgani eng toʻgʻri yoʻl boʻlgan. Gʻarbga ergashish degani eʼtiqoddanu oʻzlikdan voz kechish degani emas, balki birinchi galda, ilgʻorlikka, taraqqiyotga, inson zotiga munosib hayot tarziga intilish degani edi jadidlar uchun. Hozir ham shunday. Xulosa shuki, ulugʻlarni asrash kerak. Oʻz ulugʻlarini asray olmagan el oʻzgalarning ulugʻlarini alqab qoladi. Chunki millatning ulugʻlari shu el va uning mamlakatini tutib turgan ustunlardir. Ularni birin-sirin yiqitar ekanmiz, alaloqibat, millat degan “oʻtov” qulaydi. “Men yiqitmayapman”, deya koʻrmang, ulugʻlar xizmatlarini yoʻqqa chiqarish ularning oyogʻiga bolta urishdan oʻzga ish emas. Bas, ustunlarni yiqitmoqchi boʻlganlarga “toʻxta!” deyish esa shu millatning har bir uygʻoq farzandi vazifasidir. A.Malik, shubhasiz, isteʼdodli ijodkor va tadqiqotchi. Biroq isteʼdod toʻgʻri ishga ham, notoʻgʻriga ham birdek xizmat qilishi mumkinligini unutmaylik. Men uning isteʼdodi millatning jipsligiyu quvvatlanishiga sarf boʻlishi tarafdoriman. Zero, qodiriylar turgan choʻqqiga ularni “qulatib” emas, balki ular kabi sogʻlom xizmat qilibgina chiqib borish mumkin. Akrom Malik taniqli jurnalist Ilyos Safarov savollariga javob berar ekan, intervyu yakunida bir gap aytdi – xato qilgan boʻlsam, kechirib, yoʻl koʻrsatinglar, dedi. Shu murojaatga ishonib koʻpchilik qoʻllab-quvvatlovchi fikr-mulohazalar yozdi. “Toʻgʻri yoʻlni mana – biz bilamiz” deyishdan yiroqmiz, albatta, lekin u tutgan yoʻlning yanglish ekanligiga ham shubha yoʻq. Endi shuncha bahsu munozaralardan, yozilganlardan xulosa chiqarish yo chiqarmaslik yana oʻzimizga – barchamizga tan. Ulugʻbek Hamdam, 2023 yil, dekabr

Mavzuga oid