Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

Poytaxtimizda OʻzLiDePning ommaviy tadbiri boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 24 oktyabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining navbatdagi ommaviy tadbiri poytaxtimizda tashkil etildi. “Erkin va farovon, qudratli yangi Oʻzbekistonni…

Poytaxtimizda OʻzLiDePning ommaviy tadbiri boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 24 oktyabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining navbatdagi ommaviy tadbiri poytaxtimizda tashkil etildi.

“Erkin va farovon, qudratli yangi Oʻzbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostidagi ommaviy tadbirda partiya saylovoldi dasturidagi muhim masalalarga toʻxtalib oʻtildi.

Xususan, partiya yalpi ichki mahsulot hajmini 2030 yilga borib 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadni esa 4 ming dollarga yetkazilishi uchun astoydil kurashadi. O‘zLiDeP Oʻzbekistonni tadbirkorlar mamlakatiga aylantirish, yurtimizdagi ishbilarmonlar sonini 3 million nafardan oshirish uchun barcha zarur choralarni koʻradi. Umuman olganda partiyaning ushbu tashabbuslari milliy iqtisodiyotda davlatning taʼsirini kamaytirib, bozor munosabatlariga asoslangan sof raqobat muhitini yaratishga imkoniyat beradi.

Targʻibot tadbiri ishtirokchilariga partiyaning ilm ahli va ijodkor ziyolilarga doimiy eʼtibor qaratish, ularni moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, mehnat va yashash sharoitlarini, shuningdek, madaniyat va sport muassasalari, kutubxonalar, teatr va muzeylarning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash boʻyicha oʻz zimmasiga olayotgan vazifalari haqida soʻz yuritildi. Shuningdek, partiya kelgusi besh yillikda qoʻshimcha uy-joy qurilishi sohasiga 15 milliard dollar mablagʻ yoʻnaltirish orqali 1 million xonadonli uy-joylar qurilishiga alohida eʼtibor qaratadi. Yangi uy-joy sotib olgan fuqarolarga qoʻshilgan qiymat soligʻining yarmi qaytarib beriladigan tizim joriy etish ustida ishlaydi.

Partiyamiz yoshlar uchun manfaatli ish oʻrinlarini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirishga koʻmaklashish, talabalar uchun davlat tashkilotlarida ish haqi toʻlanadigan stajirovka tizimini rivojlantirish zarur, deb hisoblaydi. Ëshlar uchun maxsus uy-joylar qurish va har yili 1 mingta yosh oilaga imtiyozli ipoteka kreditlarini berish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlari, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, ayollarning masofaviy mehnat va raqamli tadbirkorlik boʻyicha koʻnikmalarini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratadi.

Targʻibot tadbirida partiya saylovoldi dasturida barcha hududlarda, avvalo, Toshkent shahrida atmosfera havosini yaxshilash boʻyicha “Musaffo havo – 2030 milliy dasturi”ni qabul qilishni, ekologik toza transportlar uchun zarur infratuzilmani rivojlantirish va elektr transport vositalarini ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha imtiyozlar beruvchi qonunni qabul qilish kabi shahar ahli uchun gʻoyatda muhim boʻlgan tashabbus ham kiritilgani taʼkidlandi. Mulk shaklidan qatʼi nazar, barcha mehnat jamoalarida ish vaqti meʼyorlariga qatʼiy amal qilish, hokimlarning Kengash oldida hisobdor boʻlishi, masʼuliyati va javobgarligi oshishini taʼminlaydigan tizimni mustahkamlash, ichki ishlar va milliy gvardiya organlari xodimlarining fuqarolar bilan muloqot qilish standartlarini joriy etish orqali ularni xalq koʻz oʻngida tom maʼnoda himoyachiga aylantirish kabi vazifalar ham bor.

Shuningdek, yoʻl transport xodisalarini keskin kamaytirish choralarini koʻrish, yuqori tezlikda harakatlanadigan haydovchilarni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish, yoʻl harakati va boshqa sohalardagi jinoyatlar natijasida boquvchisidan mahrum boʻlganlarga aybdorlardan 18 yoshga toʻlgunga qadar aliment olish huquqini berish kabi takliflar ham oʻrin olgan.

Tadbir soʻnggida ishtirokchilar boʻlajak saylovlarda OʻzLiDePni qoʻllab-quvvatlab ovoz berishga chaqirildi. 

Targʻibot tadbiri mashhur sanʼatkorlarning kuy-qoʻshiqlariga ulanib ketdi. Tadbirda yigʻilgan saylovchilar partiyaning maqsad va gʻoyalarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashlarini bildirib oʻtdilar.

Mavzuga oid