Press-tur: “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali faoliyati OAV nigohida
Surxondaryo viloyati hokimligi hamda “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Surxondaryo viloyati boʻlimi hamkorligida Boysun tumanida press-tur tashkil etildi. Tadbir davomida tizimda…
Surxondaryo viloyati hokimligi hamda “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Surxondaryo viloyati boʻlimi hamkorligida Boysun tumanida press-tur tashkil etildi.
Tadbir davomida tizimda faoliyatini yanada yaxshilashga oid ishlar va galdagi vazifalar haqida batafsil maʼlumot berildi. Qayd etilishicha, viloyat hududida “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali tomonidan 2020-2021 yillarda 107 833 ta “aqlli” gaz hisoblagich oʻrnatish rejalashtirilgan. Maʼlumki, tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi tatbiq etilishi bilan qarzdorlik bilan bogʻliq muammoga barham berilib, uzilishlarning oldini olish, isrofgarchilik hamda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishga barham berishga erishilmoqda. Eng muhimi, “aqlli” hisoblagichlar isteʼmolchining yoqilgʻi sarfini yuqori aniqlik bilan oʻlchab, real vaqt rejimida markazga maʼlumot uzatadi. Hisoblagich xuddi mobil telefon kabi sim karta va akkumulyator-batareyada ishlaydi hamda dispetcherlik xizmatiga toʻgʻridan toʻgʻri simsiz aloqa yordamida ulanadi. Dispetcher oʻz monitorida qaysi xonadonga ayni daqiqada qancha miqdordagi gaz berilayotgani, qayerda, qanday nosozlik borligi, barchasini nazorat qilib turadi. Hisoblagichda qarzdorlik yuzaga kelishi bilanoq, inson aralashuvisiz gaz taʼminoti isteʼmolchi tomonidan pul toʻlangunga qadar toʻxtatiladi. Albatta, isteʼmolchilarning gaz hisoblagichlari tarmoqdan birdaniga kelmay qolmaydi. Qarzdorlik paydo boʻlishiga yaqin qolganda hisoblagich pul toʻlash lozimligi toʻgʻrisida mobil telefon orqali qisqa xabar (SMS) yuboradi va dam olish hamda bayram kunlaridan boshqa vaqtdagina qarzdorga gaz berishni avtomatik toʻxtatiladi. “Hududgaz Surxondaryo” masʼullari bular haqida ishtirokchilarga soʻzlab berishdi. Yangi tizimning avzalligi koʻrsatib berildi.
Shuningdek, tabiiy gaz tarmogʻi mavjud boʻlmagan hududlarda aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash doimiy eʼtibor markazida. Boysun tumanidagi Inkabot mahallasida oylik quvvati 650,0 tonnaga teng boʻlgan suyultirilgan gaz toʻldirish shaxobchasi (GTSh) mavjud boʻlib, u Boysun va Sherabod tumanlari aholisiga xizmat koʻrsatib kelmoqda. Shu yerning oʻzida maishiy gaz ballonlarni sinovdan oʻtkazish hamda taʼmirlash markazi ish olib borayapti. Aholini suyultirilgan gaz bilan muntazam va uzilishlarsiz taʼminlash maqsadida yangi avtotarnsport vositalari olib kelinib, togʻoldi mahallalariga ham oʻz vaqtida suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib barilayotir. Masalan, ushbu tumandagi “Dugʻoba”, “Oʻrmoncha”, “Hoʻjaydod” va “Dehbola” qishloqlari viloyat markazidan qariyb 260 km uzoqlikda boʻlib, aholi xonadonlari qishning qahraton kunlarida ham suyultirilgan gaz ballonlari bilan taʼminlanmoqda.
Birgina “Boysuntumangaz” boʻlimi xizmat qiladigan hududda 19745 ta suyultirilgan gaz isteʼmolchilari mavjud boʻlib, shundan 1052 ta xonadon togʻli hududlarda istiqomat qiladi. Aholi xonadonlariga bir oyda 12635 kg suyultirilgan gaz fondi ajratilgan boʻlib, muntazam 40-45 kunda yetkazib berish ishlari yoʻlga qoʻyilgan.
- Avval aholidan maishiy gaz ballonlari yigʻib olinib, bir-ikki kundan soʻng toʻldirib kelinardi,” – deydi Boysun tumani Pasurxi qishlogʻida istiqomat qiluvchi fuqaro Xolmat Nematullayev. – Endilikda gaz idorasining zaxira gaz ballonlari toʻldirilgan holda olib kelinib, aholiga uzilishlarsiz, peshma-pesh yetkazib berilmoqda. Albatta, biz, isteʼmolchilar bundan mamnunmiz.
Press-tur davomida jurnalist va blogerlar sohada olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar, ishchi-xodimlarga yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, shuningdek, aholiga koʻrsatilayotgan xizmat sifati va erishalayotgan amaliy natijalar bilan yaqindan tanishtirildi. Ularni qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan javob olindi.