Prezident Shavkat Mirziyoyev Inson huquqlari boʻyicha IV Samarqand forumi ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi
Bugun, 13 iyun kuni Inson huquqlari boʻyicha IVSamarqand forumi Oʻzbekistonning qadimiy va hamisha navqiron shahrida oʻz ishini boshladi. Bu galgi anʼanaviy xalqaro anjuman «Ekologik muammolar: oʻzgaruvchan dunyoda inson huquqlari…
Bugun, 13 iyun kuni Inson huquqlari boʻyicha IVSamarqand forumi Oʻzbekistonning qadimiy va hamisha navqiron shahrida oʻz ishini boshladi. Bu galgi anʼanaviy xalqaro anjuman «Ekologik muammolar: oʻzgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish» mavzusiga bagʻishlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Inson huquqlari boʻyicha IV Samarqand forumi ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi. Tabrikni Prezidentning Matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻqib eshittirdi.
Samarqand forumining nufuzli mehmonlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov kutib olar ekan, iqlim va inson huquqlari muammolari muhokama qilinadigan ushbu xalqaro anjuman Oʻzbekiston Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim oʻzgarishi boʻyicha konferentsiyasidagi (SOP28) nutqida ilgari surilganini taʼkidladi.
Ochilish marosimida BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Tyurk hamdaYeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi Direktori Matteo Mekachchining videomurojaatlari namoyish etildi. Forum ochilishida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirioʻrinbosari Muzraf Ikramov, BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabina Mahl ishtirokchilarni tabrikladi.
Spikerlar Samarqand forumi ishiga muvaffaqiyat tilar ekan, hozirgi vaqtda dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilayotganiga eʼtibor qaratdilar. Sayyoramiz miqyosida uchtainqiroz, yaʼni iqlim oʻzgarishi, bioxilma-xillik yoʻqolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchaymoqda. Bu xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham taʼsir koʻrsatmoqda.
Barqaror rivojlanish yoʻlida eng asosiy tahdidga aylangan iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlari Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyoda ayniqsa jiddiy sezilmoqda. Shunday murakkab sharoitda Orol dengizi fojiasiga qarshi kurashni davom ettirayotgan Markaziy Osiyo iqlim oʻzgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanmoqda.
Global muammo boʻlgan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida Oʻzbekiston oʻz imkoniyatlari darajasida harakat qilayotgan boʻlishiga qaramay, bu saʼy-harakatlarni davom ettirish uchun xalqaro hamjamiyatning qoʻllab-quvvatlashi juda muhim. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Prezidenti 2023 yil 20 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida soʻzlagan nutqida BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yoʻlida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.
Ushbu tashabbus global iqlim oʻzgarishlarining Markaziy Osiyo bilan bogʻliq tahdidlari oldini olish uchun mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi hamda barcha hamkorlarning manfaatlariga birdek mos keladi. Bu taklifning negizida mavjud ekologik muammolarga faqat mintaqaviy darajada yondashish emas, balki ayni tahdidlarning oʻziga xos jihatlariga xalqaro hamjamiyat eʼtiborini qaratish maqsadi ham mujassamdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi
75-sessiyasidagi tashabbusi bilan 2021 yilda BMT Bosh Assambleyasining “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyasi qabul qilinganini alohida qayd etish lozim. Bosh Assambleya bunday maqomni birinchi boʻlib Orolboʻyi mintaqasiga taqdim etdi.
Natijada 2018-2022 yillar davomida Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar oʻrmonzorlar yaratildi. Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, Orolboʻyida bioxilma-xillikni saqlash uchun 3,5 million gektardan ortiq maydonda tabiat parklari, qoʻriqxonalar va davlat himoya hududlari barpo etildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisini markazlashgan tarzda ichimlik suv bilan taʼminlash holati ancha yaxshilandi.
F.Tyurk, jumladan, “ehtimol, hech bir joyda Orol dengizidagidek ekologik buzilish kuzatilmagan. Oʻtgan yili Oʻzbekistonda boʻlganimda bunga oʻzim guvoh boʻlganman”, deb taʼkidladi. BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari taʼbiri bilan aytganda, “Bu misol shuni koʻrsatadiki, uch karra sayyora inqirozi faqatgina atrof-muhit va inson huquqlari uchun falokat emas. Bu bizning iqtisodiyotimiz uchun ham halokatdir. Markaziy Osiyoda faqat oʻtgan yilning oʻzida iqlim bilan bogʻliq ofatlar 3 milliard dollar zarar keltirdi”.
Shuningdek, M.Ikramov qayd etganidek,“global muammoga aylanib borayotgan avtomobillar harakatlanishi va tirbandliklarning avj olib borayotgani ham havoning ifloslanishi sabablarini keltirib chiqarmoqda. Avtotransport vositalari atmosfera havosini azot oksidi bilan 45,7 foiz, uglevodorodlar bilan 42 foiz zararlantiradi. Yer yuzidagi jami bir yilda havoga chiqarib tashlanadigan 100 mln tonnaga yaqin is gazining 75,5 mln tonnasi yoki 78 foizi avtotransport vositalariga toʻgʻri keladi. Shu boisdan, bu global xavflar jarayonida inson huquqlarini himoya qilishning barqaror kelajagini belgilab olish, fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash – Yangi Oʻzbekistonning ustuvor strategik vazifalaridan biridir”.
M.Mekachchi fikricha, “Ekstremal ob-havo hodisalari allaqachon yashash, ishlash va oʻqish uchun xavfsiz joylarni izlayotgan, koʻpincha oʻz uylaridan uzoqda boʻlgan millionlab odamlarning migratsiya qilishi va koʻchishiga sabab boʻlmoqda. Shuning uchun hayotni oʻzgartiruvchi bunday muammolarga javob berish barcha odamlarning huquqlari va ehtiyojlarini hurmat qilish yoʻlida juda muhimdir”. Yaqin kelajakda, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi Direktori ishonch bildirganidek, “Markaziy Osiyo va butun YeXHT hududi inson huquqlari himoyachilarining mehnati hurmat qilinadigan va ragʻbatlantiriladigan, atrof-muhitga oid xavotirlar eshitiladigan namunaviy mintaqaga aylanishi mumkin”.
Global koʻlamdagi hamkorlik, shubhasiz, iqlim bilan bogʻliq ofatlarni bartaraf etishga oqilona strategik yechimlar topish va zarur resurslarni samaradorlik bilan safarbar etish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshiradi. Oʻzbekiston Prezidentining ayni yoʻnalishdagi tashabbuslari, bir tomondan, iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashish yoʻlidagi xalqaro hamkorlik va muloqotni yanada mustahkamlasa, ikkinchi tomondan, bunday global muammolar oʻzaro jam boʻlib va barcha bosqichlardagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirgan holda ish tutish muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Forumning milliy tashkilotchilari – Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va «Taraqqiyot strategiyasi» markazidir.
Xalqaro hamkorlar – BMTning Oʻzbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlimi, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi,Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi, Fridrix Ebert va Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmalarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari hisoblanadi.
Forumda 200 nafar mutaxassis qatnashmoqda. Ishtirokchilar asosan milliy va xorijiy ekspertlar, iqlim boʻyicha mutaxassislar, davlat tashkilotlarining iqlim oʻzgarishi muammolari bilan shugʻullanadigan masʼullari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy tadqiqot markazlari, kompaniyalar, ishbilarmon doiralar va xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat.