Prezident tadbirkorlar uchun yangi farmonni imzoladi
“Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-193-son, 10.11.2023 y) qabul qilindi. Farmonga koʻra, “Tadbirkorlikni…
“Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-193-son, 10.11.2023 y) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil qilinadi.
Kompaniya tomonidan 2024-yil 1-martdan tadbirkorlarga quyidagi qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etiladi:
oʻrta tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish loyihalariga:
loyiha qiymatining 15 foizi, biroq ustav kapitalining 20 foizi yoki 3 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda tashabbuskorning ustav kapitaliga koʻchmas mulk obyektlari, asbob-uskunalar va boshqa koʻrinishdagi aktivlar shaklida ulush kiritish;
koʻchmas mulk va asbob-uskunalarning 70 foizi, biroq 10 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda mulk sotib olish va yetti yilgacha muddatga qarzdorlik qoldigʻiga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada yillik foiz hisoblash yoki boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan xizmatlar ipotekasi asosida tashabbuskorga berish;
kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlarining loyihalariga:
kredit (lizing) ajratish uchun tijorat banklari, mikromoliya va lizing tashkilotlariga milliy va xorijiy valyutada moliyaviy resurslarni joylashtirish;
tijorat banklari, mikromoliya va lizing tashkilotlari tomonidan milliy va xorijiy valyutada ajratiladigan kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarga umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etish;
Kompaniya mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha tijorat banklari bilan tuziladigan vositachilik shartnomalariga asosan belgilangan limit hamda umumiy miqdor va shartlar doirasida kreditlar boʻyicha kafillik (portfel kafilligi) taqdim etish;
2024-2026-yillarda kichik tadbirkorlik subyektlariga Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori va asosiy stavkaning 1,75 baravaridan oshmagan stavkada milliy valyutada 5 milliard soʻmgacha ajratiladigan kreditlar boʻyicha asosiy stavkaning 40 foizigacha miqdorda uch yildan ortiq boʻlmagan muddatga kompensatsiya taqdim etish.