Qarz shartnomasi nima u qanday tuziladi?
Qonunda muayyan turdagi shartnomalar uchun aniq bir shakl belgilab qoʻyilgan yoxud shartnoma tuzishning muayyan shakli taraflar tomonidan kelishib olingan boʻlmasa, shartnoma har qanday shaklda tuzilishi mumkin. Ana shunday…
Qonunda muayyan turdagi shartnomalar uchun aniq bir shakl belgilab qoʻyilgan yoxud shartnoma tuzishning muayyan shakli taraflar tomonidan kelishib olingan boʻlmasa, shartnoma har qanday shaklda tuzilishi mumkin.
Ana shunday shartnomalardan biri bu qarz shartnomasidir.
Oʻzbekiston respublikasi Fuqarolik kodeksining 732-moddasida qarz shartnomasiga taʼrif berilar ekan unga koʻra, qarz shartnomasi boʻyicha bir taraf (qarz beruvchi) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi. Qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yoʻla yoki boʻlib-boʻlib, oʻshancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga barovar ashyolarni qaytarib berish majburiyatini oladi.
Qarz shartnomasi pul yoki ashyolar topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.
Amaldagi qonunchilikka koʻra fuqarolar oʻrtasida qarz shartnomasi, agar bu qarzning summasi eng kam ish haqining oʻn baravaridan ortiq boʻlsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi shart, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs boʻlganida esa summasidan qatʼi nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.
Qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi, biroq nizo chiqqan taqdirda taraflarni bitimning tuzilganligini, mazmunini yoki bajarilganligini guvohlarning koʻrsatuvlari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi.
Surxondaryo viloyat sudi
sudya katta yordamchisi Saidislom Sattorov