Qarz shartnomasiga oid munosabatlarni tartibga solishning qonuniy asoslari
Amaldagi qonunchilik talabiga koʻra, fuqarolar va yuridik shaxslarning fuqarolik huquq va burchlarini belgilash, oʻzgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakatlari bitimlar deb yuritiladi. Kundalik hayotda insonlar tuli xil…
Amaldagi qonunchilik talabiga koʻra, fuqarolar va yuridik shaxslarning fuqarolik huquq va burchlarini belgilash, oʻzgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakatlari bitimlar deb yuritiladi. Kundalik hayotda insonlar tuli xil mazmunda oʻzaro bitimlar tuzishadi. Shuningdek ushbu bitimlar oʻzaro kelishuvga muvofiq har xil usulda tuzilishi bilan birga qonunda nazarda tutilganidek oʻzaro huquq va majburiyatlarni keltirib chiqaradi.
Hayotda fuqarolar oʻrtasida qarz munosabatlari vujudga keladi. Oʻzaro bir-biriga ishonch tufayli mazkur qarz munosabatlari fuqarolar oʻrtasida ogʻzaki ravishda ham tuziladi. Biroq, taraflar oʻrtasida keyinchalik sovuqchilik tushib, nizo sudgacha ham yetib borishiga, sudlar tomonidan nizoni qonuniy hal etish uchun bir qator qiyinchiliklarni vujudga keltirishiga sabab boʻlmoqda. Chunki, amaldagi qonunchilik talabiga koʻra, taraflar oʻrtasidagi haqiqatda ham qarz munosabatlari boʻlganligini isbotlovchi birdan bir manba yozma shaklda tuzilgan qarz shartnomasi yoxud qarz beruvchi tomonidan muayyan summa topshirilganligini tasdiqlaydigan boshqa hujjat hisoblanadi.
Xoʻsh, bunday nizolar sudlar tomonidan qanday hal etiladi.
Amaliyotdan bir misol. Daʼvogar P.M. javobgarlar B.S. va X.N.larga nisbatan sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilib, unda qarzni undirishni soʻragan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudining 2020 yil 4 martdagi hal qiluv qaroriga koʻra, daʼvo qanoatlantirilgan.
Unga koʻra, javobgarlar B.S. va X.N.lardan daʼvogar P.M.ning foydasiga 1.250 AQSh dollarining soʻmga nisbatan qiymati 11.938.450 soʻm qarz va 493.148 soʻm sud xarajati undirilgan.
Apellyatsiya sudlov hayʼatining 2020 yil 23 iyundagi ajrimi bilan birinchi instantsiya sudining hal qiluv qarori qisman bekor qilinib, daʼvo talabining javobgar X.N.ga nisbatan qismi rad etilgan.
Hal qiluv qarorining qolgan qismi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Aniqlanishicha, javobgar B.S. tomonidan 2018 yil 18 mayda yozilgan tilxatga koʻra, daʼvogar P.M.dan avtomashina sotib olish uchun 1.250 AQSh dollari qarz olganligi bayon etilgan.
Javobgar B.S. sudlov hayʼatidagi tushuntirishida daʼvogar P.M.dan qarz olmaganligi, avtomashina oldi-berdisi boʻlgan vaqtda Rossiya davlatiga ishlash uchun ketganligini bayon etgan boʻlsa-da, oʻzining vajlarini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etmagan.
Javobgar B.S. bilan daʼvogar P.M. oʻrtasidagi qarz munosabati javobgar B.S. tomonidan yozilgan tilxat orqali oʻz isbotini topgan.
Birinchi instantsiya sudi daʼvoning B.S.ga nisbatan qismini qanoatlantirish haqida toʻgʻri toʻxtamga kelgan boʻlsada, biroq daʼvoning javobgar X.N.ga nisbatan qismini qanoatlantirish haqida asossiz xulosaga kelgan.
Apellyatsiya sudlov hayʼati javobgar X.N.ning qarz olganligi yoki qarzni qaytarish majburiyatini olganligini tasdiqlovchi dalillar mavjud emasligi asosida sudning hal qiluv qarorini qisman bekor qilish haqida toʻxtamga kelgan.
Muxtasar qilib aytganda, qarz oldi-berdi munosabatlari taraflarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya etishligi sababli, mazkur toifadagi huquqiy munosabatlarga kirishishda amaldagi qonun talablariga toʻliq rioya etilishi taraflar oʻrtasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan turli nizolarning oldini olgan boʻladi.
Surxondaryo viloyat sudi sudyasi Sherzod Eliyev