Qozogʻistonda pedofillarni jazolashning ogʻir shakllari taklif etildi
Qozogʻiston Hukumatlararo komissiya yigʻilishida parlament deputati Asxat Ayamagambetov pedofillar uchun umrbod qamoq jazosi joriy etishni taklif qildi. “Biz ham uzoq bahslashdik. Voyaga yetmaganlarni zoʻrlaganlik uchun…
Qozogʻiston Hukumatlararo komissiya yigʻilishida parlament deputati Asxat Ayamagambetov pedofillar uchun umrbod qamoq jazosi joriy etishni taklif qildi.
“Biz ham uzoq bahslashdik. Voyaga yetmaganlarni zoʻrlaganlik uchun umrbod qamoq jazosi standarti taklif qilinmoqda. Hech qanday muqobillarsiz… Xorijiy tajriba bor. Buni bizga olimlar ham taklif qilishgan. Qamoqdan ozod qilinadigan barcha pedofillar uchun, hatto shartli nazorat tugatilib, sudlanganliklari olib tashlanganidan keyin ham, biz ular umrining qolgan qismida probatsiya nazoratida boʻlishi kerak, deb hisoblaymiz. Agar yashash joyi, ish joyi oʻzgarsa, hammasi tegishli organlar nazoratida boʻlishi kerak”, deydi Asxat Ayamagambetov.
Soʻnggi vaqtlarda Qozogʻistonda bir necha dahshatli jinoyatlar sodir boʻldi — bolalar vahshiyliklar qurboni boʻldi. Mutaxassislarning fikriga koʻra, faqat qonunlarni oʻzgartirish yetarli emas, ularning ijrosi ham taʼminlanishi kerak.
Qozogʻiston pedofillarni kimyoviy kastratsiya koʻrinishidagi majburiy davolash tartibini ham taklif qilmoqda. Xususan, bu usulni jazo muddatini oʻtash davomida emas, balki ozod qilishdan oldin qoʻllash taklif etilgan. Biroq, bu masalada hali bir toʻxtamga kelingani yoʻq.