Qozogʻistondagi YTHda halok boʻlgan oʻzbekistonliklar Surxondaryoga olib kelindi
Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan, Hukumat farmoyishi bilan Favqulodda vaziyatlar vaziri oʻrinbosari boshchiligida tashkil etilgan maxsus…
Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan, Hukumat farmoyishi bilan Favqulodda vaziyatlar vaziri oʻrinbosari boshchiligida tashkil etilgan maxsus komissiya kecha, 4 aprel kuni Qozogʻiston Respublikasi Aktobe oblastiga yetib bordi.
FVV xabariga koʻra, Maxsus komissiya aʼzolari Qozogʻiston Respublikasining masʼul idoralari rahbarlari bilan uchrashib, belgilangan tashkiliy va amaliy tadbirlarni hamkorlikda olib borishdi. Shundan soʻng Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining maxsus bortida yoʻl-transport hodisasi oqibatida vafot etgan fuqarolar Qozogʻiston Respublikasidan 5 aprel kuni soat 03:00 larda Surxondaryo viloyatidagi “Termez” xalqaro aeroportiga olib kelindi.
Taʼkidlanishicha, Qozogʻiston Respublikasi masʼul idoralari yuzaga kelgan baxtsiz hodisa oqibatida vafot etganlarni Oʻzbekistonga olib kelinishida yaqindan koʻmaklashdilar.
Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sogʻliqni saqlash va Transport vazirliklari hamkorligida 8 nafar vafot etgan fuqarolarning jasadlari yashash manzillariga yuborildi. Hozirda mahalliy hokimliklar tomonidan dafn marosimlarini oʻtkazish boʻyicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.