Rasman: Nazarboyev modelga uylangani va 65 yoshida oʻgʻil koʻrgani fosh boʻldi
Qozogʻiston Respublikasining birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning uch qizdan tashqari yana ikki oʻgʻli ham bor. U bundan bir necha yil avval oʻzidan ancha kichik qiz bilan turmush qurgan va ikki farzand koʻrgan.…
Qozogʻiston Respublikasining birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning uch qizdan tashqari yana ikki oʻgʻli ham bor. U bundan bir necha yil avval oʻzidan ancha kichik qiz bilan turmush qurgan va ikki farzand koʻrgan. Bugungacha sir boʻlgan ushbu maʼlumotlarni Nazarboyevning oʻzi fosh qildi. U bu haqda “Mening hayotim. Mustaqillikdan ozodlik sari” nomli xotiralar kitobida yozdi.
Kitob hozircha keng jamoatchilik uchun sotuvga chiqarilgani yoʻq, u faqat muallif tomonidan tanlangan siyosatchilar, ekspertlar va jurnalistlarga sovgʻa qilinmoqda.
Kitobda Nazarboyev siyosiy faoliyati va shaxsiy hayotiga toʻxtalgan. Hammuallif yoʻq, xotiralar Nazarboyev tomonidan shaxsan yozilgan.
Kitobda 2011-yil Janaoʻzenda sodir boʻlgan voqealar, 2019-yilda hokimiyat tranzitiga alohida boblar ajratilgan. Shuningdek, amaldagi Prezident Qosim-Jomart Toʻqayev nomi ham tilga olingan. Ularning munosabatlari haqida bir nechta qiziqarli, ilgari eshitilmagan tafsilotlar bor.
U ikkinchi turmush oʻrtogʻi – Aysel bilan qanday tanishganini kitobda bunday eslagan:
“Bir kuni menga Toldiqoʻrgʻonga borish nasib etdi. Aʼanaga koʻra, davlat rahbari hududlarga amaliy tashrifi chogʻida samolyot trapi oldida gullar bilan kutib olinadi. Maʼlumki, bunday marosimda ishtirok etish uchun eng goʻzal mahalliy qizlar tanlab olinadi. Bu biz uzoq vaqtdan beri oʻrganib qolgan chiroyli marosim.
Aeroportda menga gul sovgʻa qilgan qiz hayratlanarli darajada goʻzal edi. U uzoq vaqt xotiramdan oʻchmadi va keyin tez-tez uning yorqin yuzida yonib turgan koʻzlari va nafis, chizilgan qomatini esladim”, deb yozgan Nazarboyev.
Prezident koʻp vaqt oʻsha qizning ishqida yonadi. Kunlarning birida uning suratini gazeta muqovasida koʻradi va uni sevib qolganini anglaydi.
“Kunlar oʻtdi. Toldiqoʻrgʻon aeroportida meni kutib olgan oʻsha goʻzal qizning siymosi xotiramda qayta-qayta jonlanaverdi. Bir kuni uni topish uchun toʻsatdan sabab paydo boʻldi. Matbuotni koʻzdan kechirayotgan edim, bir gazetadagi surat meni “uygʻotib” yubordi: Ostonada “Miss Qozogʻiston” goʻzallik tanlovi oʻtkazilibdi, unda oʻsha qiz (ismi Asel ekan) Gran-prini qoʻlga kiritibdi. Endi uni topish qiyin emasdi.
Tanishuvimiz oʻzaro iliqlikka, iliqlik esa yaqinlashishga aylandi. Asta-sekin uchrasha boshladik. Aselning tashqi koʻrinishida ham, fikr-mulohazalarida ham men izlagan koʻplab fazilatlar bor edi. Va eng muhimi, men yillar davomida davom etgan ruhiy yolgʻizlikdan xalos boʻldim”, deb yozgan Nazarboyev.
83 yashar Nazarboyev kitobida Asel bilan Islom odatlariga koʻra turmush qurgani, undan ikki oʻgʻil farzand koʻrgani, 2005-yilda tugʻilgan oʻgʻlining ismi Tauman, 2008-yilda dunyoga kelgan oʻgʻlining esmi esa Bayken ekanini yozgan.
“Otalik quvonchi, chaqalogʻimni oʻpish baxti 65 yoshimda yana qaytdi. Chaqaloqlarimning ilk qadamlari, birinchi soʻzlari va bolalarcha ajoyib nutqi, ularni quchogʻimda koʻtarib yurish, oʻyinchoqlarining sehrli olami, birinchi sinfga borishi, oʻqigan va yozgan ilk harflarining zavqi, ishdan uyga qaytganimda menga qarab qiqirlab yugurishi… – bularning barchasi poytaxt qurilishi davridagi mashaqqatlarni yengillashtirgandek edi.
Oʻsha kunlarni, yillarni mehr bilan yodga olaman. Umuman olganda, hayotdagi eng muhim narsa, eng chinakam va abadiy baxt insonga faqat bola tomonidan va faqat ota-ona boʻlish sharafi bilan berilishi mumkin”, deydi Nazarboyev.
Uning yozishicha, Asel bilan turmush qurganidan birinchi va jamoatchilikka tanish boʻlgan turmush oʻrtogʻi, uch qizining onasi Soraning ham xabari bor va u erini kechirgan.
“Yoshligimdan suyanchim boʻlgan, eng ogʻir sinovli damlarda yonimda turgan uch qizim – Darigʻa, Dinara, Aliyaning onasi Soraga umrim davomida shukronalik, gʻamxoʻrlik bilan munosabatda boʻlganman. Bu ogʻir hayotda, taqdirimning oʻsha burilish pallasida u meni tushunib, kechirgani bilan ham taskin topdim”, deydi u.
Nazarboyev toʻngʻich oʻgʻli Tauman tugʻilganda turmush oʻrtogʻiga Soraga kelib, bor gapni aytgan va kechirim soʻragan. Rafiqasi esa “Bola farishta. Bola baxtli boʻlsin”, deb javob qilgan. Shundan soʻng qizlari ham uni toʻgʻri tushungan.
U, oʻgʻillari qatorida qizlarini ham yaxshi koʻrishini, ulardan tugʻilgan farzandlar – nabiralarini hamma bobo kabi ardoqlashini bildirarkan, har qaysi oilaning, otaning familiyasi davomchisi oʻgʻillar boʻlishini qistirib oʻtgan.
“Nasabing uzilmasa, umiding uzilmaydi. Hozir ikki oʻgʻlim katta boʻldi. Ular bizni xursand qilyapti, yaxshi yigitlar boʻlib ulgʻayishdi. Farzandlarni mehr va gʻamxoʻrlik bilan tarbiyalash inson umrini uzaytiradi.
Boʻldi, doʻstlar. Men sizning oldingizga butun haqiqatni aytdim. Bunga nima deyish sizga bogʻliq. Bu hayot!
Inkor etib boʻlmaydigan bir haqiqat bor. Haqiqat shundaki, siz yuragingizga buyruq bera olmaysiz”, deb yozgan Nazarboyev.
Eslatib oʻtamiz, Nursulton Nazarboyevning Sora Nazarboyeva bilan turmushidan Darigʻa (1963), Dinara (1967), Aliya (1980) ismli qizlari bor.