Samarqandda YuNESKOning Bosh konferentsiyasi oʻtkaziladi
Frantsiya poytaxti Parijda YuNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi raisi Gayane Umerova Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha ixtisoslashgan agentligi – YuNESKO…
Frantsiya poytaxti Parijda YuNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi raisi Gayane Umerova Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha ixtisoslashgan agentligi – YuNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashdi.
Tomonlar 2025 yil noyabrda soʻnggi qirq yil ichida ilk marotaba Parijdagi qarorgoh sarhadlaridan tashqarida — Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan YuNESKO (1945-yil 16 noyabrda tashkil etilgan) Bosh konferentsiyasining boʻlajak yubiley sessiyasiga puxta taraddud koʻrishning amaliy jihatlarini muhokama qildilar.
YuNESKOning mazkur tarixiy anjumanini Oʻzbekistonda yuqori tashkilotchilik saviyasida uyushtirishni taʼminlash boʻyicha tayyorgarlik ishlari va mushtarak chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Samarqandda oʻtkaziladigan Bosh konferentsiya davomida YuNESKO vakolatlari doirasida yangi jahonshumul tashabbuslarni hamda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga doir strategik loyiha va dasturlarni takomillashtirish va qabul qilish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv iliq va doʻstona muhitda oʻtib, unda YuNESKO va Oʻzbekiston oʻrtasidagi keng koʻlamli sheriklikni yanada yuqori pogʻonaga olib chiqishga qatʼiy tayyorlik ruhi tasdiqlandi.