SARIOSIYo TUMANINING TOGʻLI QIShLOQLARI SARI YOʻL OLDIK
“Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali mutaxassislari “Olis manzillar” loyihasi doirasida viloyatning eng chekka va olis qishloqlarida yashaydigan aholiga suyultirilgan gaz ballonlarining yetkazilishi, xizmatlar koʻrsatish…
“Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali mutaxassislari “Olis manzillar” loyihasi doirasida viloyatning eng chekka va olis qishloqlarida yashaydigan aholiga suyultirilgan gaz ballonlarining yetkazilishi, xizmatlar koʻrsatish darajasini oʻrganmoqda.
– Oʻtgan qisqa davrda loyiha doirasida viloyatning Sariosiyo, Uzun, Boysun, Sherobod va Oltinsoy tumanlaridagi oʻnga yaqin togʻli, eng olis mahallalarda boʻlib, isteʼmolchilar bilan uchrashdik, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali direktori Mansurov Mirzoqul Abduxafizovich. – Ularning suyultirilgan gaz taʼminoti bilan bogʻliq fikrlarini eshitdik. Mutaxassislarimizning olis va chekka hududlardagi mijozlarga xizmat koʻrsatish jarayonini kuzatdik. Osmonoʻpar togʻlar qoʻynidagi ayrim qishloqlarga, ayniqsa, kuz va qish faslida gaz ballonlarini yetkazib berish mashaqqatlariga guvoh boʻldik.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 23-sentyabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obʼektlari va koʻp kvartirali uy-joy fondini 2022/2023 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosi “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali tomonidan taʼminlanmoqda.
Qaror doirasida viloyatning olis va avtotransportlarning kuz-qish mavsumida yogʻingarchiliklar sabab borishi qiyin boʻlgan 56 ta mahalla, qishloq va ovullarida yashovchi 96 mingdan ortiq aholisiga 283 tonna suyultirilgan gaz zaxirasini yaratish belgilangan. Topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filialining maxsus buyrugʻi ishlab chiqilib, ushbu chekka va olis hududlarga masʼul xodimlar biriktirilgan.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, togʻli “Chosh” mahallasi aholisiga ham qulaylik va zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida sohadagi islohotlar, yangiliklar ularga ham kirib bormoqda.
Shu bahona viloyat markazidan juda olisda yashaydigan odamlarning bugungi hayot tarzi bilan ham tanishyapmiz. Olam keng, manzillar koʻp, odamlar turfa. Yurt kezib, el tanib, fikr qilib yashashning zavqi oʻzgacha ekan. Manzil-u makonlar ichra shundaylari borki, u yerda bir kungina yashasangiz bas, odamlarining samimiy muomalasi va shukronalik hissi sizga ham yuqqandek boʻladi. Shuuringizda allaqanday pozitiv, yengillik uygʻonganini sezasiz. Sariosiyo tumanidagi “Chosh” mahallasi tuman markazidan 120 km, viloyat markazidan esa 320 km uzoqlikda joylashgan. Qishloqda 292 ta xonadon mavjud boʻlib, ushbu xonadonlarga “Sariosiyotumangaz” gaz taʼminoti boʻlimi tomonidan 215 dona maishiy gaz ballonlar yetkazilmoqda.
Loyiha doirasida gazchilar xonadonlarga suyultirilgan gaz ballonlarini oʻrnatib, sozligini nazoratdan oʻtkazdi. Xavfsiz foydalanish tartiblarini tushuntirdi. “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali mutasaddilari isteʼmolchilarning xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini tingladi. Qishloq oqsoqollari sifatli xizmat uchun fidoyi gaz xodimlariga minnatdorlik bildirdi. Duoga qoʻl ochib, yoʻllari oydin, bexatar boʻlishini tiladi.
Isteʼmolchilar bilan muloqatni yanada yaxshilash maqsadida:
Gaz taʼminoti xizmatlari sifatini oshirish boʻyicha taklif va shikoyatlarni oʻrganish, filial hamda mijoz oʻrtasidagi aloqalarni yaxshilash maqsadida “Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filialining (76) 221-06-14 “Ishonch telefoni”, avariya-dispetcherlik xizmatining “104” va “Call-markaz”ning (76) 221-05-97, (76) 221-25-10 raqamlariga qoʻngʻiroq qilish imkoniyati yaratilgan. Oʻzaro ishonchga asoslangan muloqot, albatta, isteʼmolchi va yetkazib beruvchilarning samarali va teng huquqli aloqalarini taʼminlashga, natijada yuklatilgan vazifalarni bajarib, xalqimiz oldida yuz yorugʻ boʻlishiga xizmat qiladi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, aholiga uzluksiz tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish, ularga qulaylik yaratish, bu boradagi muammolarini bartaraf etish gaz taʼminoti filiali xodimlarining asosiy vazifalaridan biri. Kelgusida filial jamoasi bu borada amalga oshirlayotgan ishlar koʻlamini yanada yaxshilash barobarida, voha qiyofasini tubdan yangilashga, aholining turmush madaniyatini yuksaltirishga bel bogʻlashgan. Buning uchun barcha imkoniyatlar ishga solingan.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati