Shavkat Mirziyoyev Qatar Amiri bilan mukofotlarni egalariga topshirdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 19 dekabr kuni Toshkent shahridagi Kongress markazida Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan birgalikda Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha beriladigan…
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 19 dekabr kuni Toshkent shahridagi Kongress markazida Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan birgalikda Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha beriladigan xalqaro mukofotni egalariga tantanali topshirdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkentda boʻlib oʻtayotgan Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida Shavkat Mirziyoyev mukofotni qoʻlga kiritganlarni dildan qutlab, ularga adolatni taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlariga katta muvaffaqiyatlar tilagan.
Oʻzbekiston Prezidenti Qatar Amiri bilan birgalikda Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yuksak xalqaro mukofotini uning egalariga tantanali topshirgan.
Bunda “Korruptsiyaga qarshi kurashdagi yutuqlar” nominatsiyasida “Transparency International” xalqaro tashkilotining sobiq raisi Xose Karlos Ugas Sanches Moreno (Peru) sovrindor boʻlgan.
“Taʼlim va akademik tadqiqotlar” nominatsiyasida Singapur Milliy universiteti sobiq professori Djon Kua (Singapur) va Zagreb universiteti professori Sunchana Roksandich (Xorvatiya) gʻolib boʻldi.
“Korruptsiyaga qarshi kurashishda yoshlar ijodi va faolligi” uchun mukofotlar “Youth4IntegrityBuilding” nodavlat tashkilotiga (Keniya) – direktor Damaris Asvega hamda “All4Integrity” nodavlat tashkilotiga – asoschisi Andre Korrea DʼAlmeydega topshirildi.
“Innovatsiyalar va jurnalistik surishtiruvlar” nominatsiyasida surishtiruvchi muxbir Kler Ryukasl-Braun (Buyuk Britaniya) va Buyuk Britaniya Xalqaro taraqqiyot vazirligi korruptsiyaga qarshi kurashish boʻlimining sobiq rahbari Fil Meyson sovrindor boʻldi.
“Sportni korruptsiyadan himoya qilish” nominatsiyasida mukofotlarga jurnalist va BBC boshlovchisi Vayxiga Mvaura (Keniya) va “Central European News” axborot agentligi muharriri Shantanu Guxa Rey (Hindiston) munosib topilgan.