Sherobod tumanida 200 MVt quvvatli fotoelektr stantsiyasi quriladi
Sherobodda 200 MVt quvvatli fotoelektr 2019 yilning 16 avgust kuni Oʻzbekiston Energetika vazirligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi Osiyo Taraqqiyot banki bilan davlat-xususiy sherikchiligi shartlari asosida…
Sherobodda 200 MVt quvvatli fotoelektr
2019 yilning 16 avgust kuni Oʻzbekiston Energetika vazirligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi Osiyo Taraqqiyot banki bilan davlat-xususiy sherikchiligi shartlari asosida umumiy quvvati 1000 MVt gacha boʻlgan hamda taxminiy loyiha qiymati 800 million dollarga teng fotoelektr stantsiyalarini qurish boʻyicha maslahat xizmatlarini koʻrsatishga doir bitim imzolagan edi.
Kelishuvda kamida 100 MVt quvvatli fotoelektr stantsiyasini qurish boʻyicha birinchi sinov loyihasini amalga oshirish joyi sifatida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani tanlangan.
Bitimga muvofiq, Osiyo Taraqqiyot banki maslahatchi sifatida koʻrsatilgan boʻlib, unga koʻra bank tomonidan loyihaning kontseptsiyasi, moliyaviy modeli, loyihaviy-baholash hujjati, elektr energiyani xarid qilish toʻgʻrisidagi bitim tayyorlanishini tashkillashtirish hamda energetika sohasidagi yetakchi mutaxassislarni jalb etgan holda xalqaro tenderni oʻtkazishi koʻrsatilgan edi.
Joriy yilning 1 fevral kuni fotoelektr (quyosh) stantsiyasini qurish boʻyicha birinchi pilot loyihasi boshlangani eʼlon qilindi.
20 fevral holatiga koʻra, ushbu loyihaga qiziquvchi kompaniyalar soni 30 taga yetdi. Bular sohada koʻp yillik tajribaga ega yetakchi xorijiy kompaniyalar hisoblanadi. Kompaniyalar geografiyasiga qaraydigan boʻlsak, Xitoy, BAA, Saudiya Arabistoni, Qatar, Hindiston, Tailand, Janubiy Koreya, Turkiya, Frantsiya, Yaponiya, Ispaniya, Italiya va Misr kabi davlatlaridan vakillarni koʻrish mumkin.
Maʼlumot uchun: “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi yangi qonun talablariga muvofiq, malakali xususiy developer sarmoyadorlarni tanlab olishga qaratilgan ushbu xalqaro tanlov 2020 yil 22 fevraliga qadar davom etadi. Loyiha amalga oshirilishining boshlanishi 2021 yilga moʻljallanmoqda.
Loyihaga koʻra, amalga oshirish uchun tanlab olingan Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida joylashgan maydonda 200 MVt dan kam boʻlmagan oʻzgaruvchan tok quvvatli fotoelektr (quyosh) stantsiyasi hamda 220 kVt kuchlanishli yangi nimstantsiya va kuchlanishi 220 kVt boʻlgan “Surxon” nimstantsiyasiga ulanish uchun 52 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish liniyasi quriladi.
Qayd etish kerak, OTB Oʻzbekiston hukumatiga energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda, jumladan, 2013 yilda Quyosh energiyasi institutini ochishdan boshlab, 2014 yilda quyosh energiyasini rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan Yoʻl xaritasini qabul qilish, Energetika sohasi rejasini ishlab chiqish kabi qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish, Oʻzbekistonning quyosh energiyasi imkoniyatlarini baholashga doir tadqiqotlarni amalga oshirishda yordam koʻrsatib kelmoqda.
Sherobod tumani hokimligi matbuot xizmati