Soʻz erkinligi xususida va biz bilgan hamda bilmagan Shavkat Mirziyoyev
Bugun — Xalqaro matbuot erkinligi kuni. Ochigʻi, ikki kundan beri jurnalist sifatida “Nima mavzuda yozay ekan?”, deb oʻylanib turgandim. Buxoro va Sardobada yuz bergan soʻnggi voqealar xronologiyasi menga nima mavzuda va…
Bugun — Xalqaro matbuot erkinligi kuni.
Ochigʻi, ikki kundan beri jurnalist sifatida “Nima mavzuda yozay ekan?”, deb oʻylanib turgandim. Buxoro va Sardobada yuz bergan soʻnggi voqealar xronologiyasi menga nima mavzuda va qanday yozish boʻyicha turtki berdi.
Avvalo, soʻz erkinligi toʻgʻrisida. Usiz umuman jurnalistikani tasavvur qilib boʻlmaydi. Usiz erkin jamiyatni tasavvur qilib boʻlmaydi. Usiz taraqqiyotni tasavvur qilib boʻlmaydi.
Soʻnggi uch-toʻrt yilda bizga ilgari tasavvur qilolmaganimizdek hajmda soʻz erkinligi kirib keldi. Uning oqibatida bugun biz ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda misli koʻrilmagan bahslar, munozaralarning ishtirokchisi va guvohi boʻlmoqdamiz. Toʻgʻri, oramizda “Soʻz erkinligi bizning boshimizga bitgan balo boʻlmadimikin?” deya tahlikaga tushib qolganlar ham bor. Lekin men ularga Uinston Cherchilning gapi bilan javob qaytaraman: “Demokratiya — boshqaruvning eng yomon shakli boʻlishi mumkin, ammo insoniyat hali undan yaxshisini oʻylab topgani yoʻq!”
Soʻz erkinligi, bu — muqobil fikr, degani. Muqobil fikrlardan eng haqqoniysini tanlash, degani. Rosti, bizda hali bunga koʻnikma va tajriba kam. Ammo hech qachon hech qaysi bir davlatchilik osonlikcha qurilmagan. Bunga uzoq va yaqin tariximiz guvoh. Maqsadga erishmoq yoʻlidan koʻp sinovlar hamda qurbonliklar, yoʻqotishlar bilan oʻtilgan.
Oʻzbekiston Prezidentining 2016 yilgi saylovlardagi gʻalabasidan soʻng demokratik davlat sari intilish, soʻz erkinligi, fikrlar xilma-xilligi va bahslashuvi bosh ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Hech kimni va hech nimani tanqid qilish niyatim yoʻq. Ammo bundan ilgari vaziyat qanday boʻlganini tajribali va hatto tajribasiz jurnalistlar ham yaxshi bilishadi. U paytlarda hali “bloger” atamasi yoʻq edi. Ijtimoiy tarmoqda yozgan odam ham hadik bilan yozardi. Stalin davrini koʻrgan biror odam chiqib, koʻzga tik qarab “ Sen davlat siyosatiga qarshimisan?” yoki “Siyosat bilan oʻynashyapsanmi?” degan tahdid bilan istalgan “qahramon”ni ham iniga tiqib qoʻyardi.
Biz mamlakatimizdagidan koʻra xorijdagi vazirlar va amaldorlarni bilardik. Birorta siyosatchining mahalliy televideniyeda chiqishiga izn yoʻq edi. Endi tasavvur qiling: soʻnggi uch yilda bizning vazirlar ham, senatoru deputatlar ham, Hukumat aʼzolari ham xalqqa yaqinlashishga majbur boʻlishdi. Ularni Prezidentning ochiq va yangi siyosati bunga majbur qildi. Ayniqsa, Xalqaro press-klubning sessiyalarida soʻzga chiqmagan bironta ham amaldor qolmadi. Biz hokimlar bilan, vazirlar bilan yuzma-yuz gaplashishga, achchiq va ularga yoqmaydigan savollar berishga oʻrgandik. Va hatto ularning nutqlarini eshitib, hayajondan adashgan paytlarida “qovun tushirdi” deya ustilaridan kulish, sazoyi qilish urfga aylandi. Internetda ilgari xorijdagi xayplar modaga kirdi. Toʻgʻri-da, bir umr ogʻziga tolqon solib kelgan amaldorlar birdaniga soʻzlay boshlashdi. Bir umr lom-mim demagan odamning qovun tushirishi tabiiy edi-da. Axir biz ularni Angliya yoki Janubiy Koreyadan olib kelmagandik. Hammasi xuddi oʻzimiz singari eski tuzumning odamlari edi.
Mayli, bundan ham oʻtarmiz. Bizning amaldorlarimiz ham qovun tushirmaslikka oʻrganishar. Ammo biz bu “gripp”dan birga davolanishimiz kerak.
Oʻzbekiston bugun Sharq va Gʻarb davlatlari orasidagi eng sara tajribani olmoqchi. Va baʼzida achchiq mevalarni yeyish ham nasib qilyapti. Va bu tabiiy…
Bizning siyosiy voqeligimizda Prezidentning viloyatlarga tashriflari va videoselektorlari yangi reallik boʻldi. Shavkat Mirziyoyev “planli” tashriflarni yoqtirmaydi. Oldindan tayyorlangan stsenariylarni inkor etadi. Tanlangan va oʻrgatilgan odamlar bilan emas, professionallar bilan gaplashadi. Koʻrgazmali uchrashuvlarni-ku umuman qabul qilolmaydi. Oʻta rasmiyatchilik bilan oʻtadigan yigʻilishlar ham uning tabiatiga zid.
Yodingizda boʻlsa, bir postimda aytgandim: videoselektor boʻladimi yoki uchrashuv boʻladimi, Prezident shoshmaydi. Xoh u professor Z.B Navitskiy singari tajribali mutaxassis boʻlsin, xoh katta amaldor, xoh viloyat yoki tuman hokimi, Prezident shoshmaydi, soʻzini boʻlmay tinglaydi. U oʻz qarorida professionalning fikriga tayanadi.
Shavkat Miromonovich Prezidentlikka nomzod boʻlganida Qoraqalpogʻistonga, adashmasam, Shumanay tumaniga borganida minglab
odamlar orasiga kirib ketdi. Uni odamlar zich oʻrab olishdi. Kimdir buni odamlar avval mamlakatning birinchi rahbarini koʻrmaganligiga yoʻydi, ammo Shavkat Mirziyoyev buni odamlarning muammolari toʻplanib qolganligiga, odamlar bilan muloqot boʻlmaganligiga yoʻydi.
2016 yilgi saylov ham tugadi. Butun mamlakatni aylangan Shavkat Mirziyoyev xalq Prezidentiga aylandi. Balki kimdir oʻshanda “Bu vaqtinchalik, saylovdan keyin hammasi toʻxtaydi, bu Mirziyoyevning piar texnologiyasi” deb oʻylagandir. Ammo mana, 2020 yilning oʻrtasiga kelyaptiki, Shavkat Mirziyoyev xalq bilan muloqotni toʻxtatgani yoʻq. Va toʻxtatmaydi ham.
Xalq dardu tashvishi, odamlar gʻami Prezident uchun qanchalik yaqin ekanini biz Buxoro va Sardobaga rejadan tashqari tezkor tashriflarda ham koʻrib, guvohi boʻldik. Pandemiya sharoitida Prezident himoya vositalarisiz oddiy odamlar orasiga kirib ketdi. Sirdaryo viloyatida davlat rahbari ikki sutka yashadi, odamlar ichida boʻldi. Uch-toʻrt ming kishilik litseylar, maktablarga, shuningdek, mahallalarga borib, odamlarni tinchlantirdi, kayfiyatini koʻtarishga harakat qildi. Ularni kiyim-kechak va oziq-ovqat bilan taʼminlashga bosh-qosh boʻldi. “Uylaringizdan suvni chiqarib beramiz, yoʻllaringizni taʼmirlab beramiz, dalalaringizni haydab beramiz” deya ularni ishontirdi. “Faqat ruhingizni tushirmang, kayfiyatingizni koʻtaring!” deya ularga koʻtarinkilik bagʻishladi.
Bu ishlarni poytaxtdagi muhtasham kabinetdan turib qilsa ham boʻlardi. Va odatda koʻp rahbarlar shunday qiladi ham.
Men buni Prezidentni maqtash uchun yozayotganim yoʻq. Prezident bunga muhtoj ham emas. Men yozayotganim uch holatda: koronavirus pandemiyasi, Buxoro va Sardoba talafotlarida soʻz erkinligi hamda vaziyatni yashirmasdan, oshkora koʻrsatishni oʻz-oʻzidan deb bilish kerak emas. Bu Prezidentning siyosiy irodasi, uning oʻz yoʻlidan qaytmasligini koʻrsatdi.
Koronavirus boʻyicha birinchi kunlardan shunday boʻldi. Biz kasalni yashirmadik. Chunki yashirilganida albatta isitmasi oshkor qilar edi. Buni baʼzi bir qoʻshni davlatlar misolida ham koʻryapmiz. Bizda shu murakkab pandemiyaning kelishi, qancha odam kasallangani, unga qarshi qanday choralar koʻrilishi Prezidentning har bir selektorida ochiq, xalqdan yashirilmay yoritildi. Pirovardida Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi kurashish borasida maqtovga arzirli tajriba yuzaga keldi. Kundan-kunga kasallar soni kamayyapti. Mamlakat karantindan yorugʻ yuz bilan chiqyapti.
Buxoro va Sardobada ham yuz bergan voqelar xalqdan berkitilmadi hamda yashirilmadi. Kerak boʻlsa, vertolyotdan va drondan olingan foto hamda videosuratlar peshma-pesh namoyish qilib borildi. Odamlar dezinofrmatsiya, maʼlumotsiz qoldirilish siyosati ostida yashamadi.
Hali koʻrasizlar, Shavkat Mirziyoyev bu joylarga kutilmaganda yana koʻp keladi. Odamlar bilan gaplashadi. Bergan topshiriqlarining ijrosini tekshiradi. Qurilish ishlarini shaxsan nazorat qiladi. Toshkentga qaytgach esa, maxsus komissiya bilan birga voqea sabablari va omillarini, masʼullar faoliyati va harakatsizligini tekshiradi.
Bu gaplarni Shavkat Mirziyoyevni kecha bilgan odam sifatida aytayotganim yoʻq. 2005 — 2008 yillarda Bosh vazirning matbuot kotibi sifatida ishlaganimda, men uning kabinetda oʻtirganini deyarli koʻrmaganman. Shavkat Mirziyoyev koʻp qavatli uylarning yertoʻlasi, tomi va yoʻlagi haqida oʻylardi, boshqa rahbarlardan farqli ravishda bozorlardagi narxlar aholi uchun qimmatlik qilmasligi borasida qaygʻurardi. 2008 yilning iyul oyida Kogonda snaryadlar portlaganida kogonliklar bilan bir oy yashadi. 2010 yili Andijon chegarasida yuz bergan voqealarda-chi?! Axir oʻshanda Bosh vazir Xonobodda toki soʻnggi odam oʻz uyiga yetib olgunga qadar yashamaganmidi? Viloyatlarga borganda istalgan paxta dalasiga kirar, selektsiyachi olimlar bilan soatlab gaplashardi, ularning rejalari bilan qiziqardi. Oddiy aytganda, Hukumat rahbarining siyosati odamlarning muammolarini yengillatishga yoʻnaltirilgan edi.
Shavkat Mirziyoyev Prezident boʻlganidan keyin bu masʼuliyat yuz chandon oshdi va uning hayoti mazmuniga aylandi.
Mana shunday soʻz erkinligini biz uch omilda tahlil qilib berdik. Qolganlariga esa oʻzingiz guvoh va shohiddirsiz!
Lekin biz yana bir narsaga oʻrganishimiz kerak. Bu — soʻz masʼuliyati! Soʻz erkinligini aslo suiisteʼmol qilmasligimiz lozim!
Xalqaro press-klub, mana, uchinchi haftadirki,
, viloyatlarda yuribdi. Har bir viloyatdan “Uzreport” orqali jonli chiqish yoki “Oʻzbekiston 24”ga 50 daqiqalik koʻrsatuv tayyorlash, ochigʻi, oson emas. Uning soʻnggi 10 kuni esa mohi Ramazonga toʻgʻri keldi. Oramizda eng yoshi kattadan tortib, jussasi va yoshi oʻgʻlimdek bolagacha tongda ogʻzini yopib, kuni boʻyi oftobning tigʻida ishlashi, iftor payti esa avtomashinada bir qultum suv bilan ogʻzini ochib, tuni bilan montaj qilib chiqishi mening ham gʻayratimni yanada joʻshtiryapti.
Soʻzimning yakunini bir fikr bilan tugatmoqchiman. Yaponiyada bir yilda bir necha mingtagacha zilzila boʻlar ekan. Baʼzida yer kuniga besh-olti marta qattiq silkinarkan. 1 balldan 3 ballgacha boʻlgan aftershoklarga ular pinagini ham buzmas ekan. Tabiat buzgan narsani tezda tiklab olishadi. Zilzilalar ham yapon tabiatini oʻzgartirib yubormas ekan…
Biz bolaligimizda “musichadek yuvosh” degan iborani koʻp eshitardik. Lekin bugun bizning millat yangi qiyofada tiklanyapti. Soʻnggi kunlardagi voqealar esa bizni bitta xulosaga kelishga undadi: biz xayoldagi afsonaviy humoqushi singari emas, tabiatdagi koʻzimiz koʻrib turgan lochindan ibrat olishimiz va u singari yashashni oʻrganishimiz lozim!
Sherzodxon Qudratxoʻjayev,
jurnalist, siyosiy fanlar nomzodi.