Sud va notariat sohasiga oid amaliyotdagi muammolar oʻrganildi
Bugungi kunda sud tomonidan koʻrilayotgan merosga oid nizolarning koʻp qismi merosni taqsimlash haqidagi nizolardir. Navoiy viloyat fuqarolik ishlari boʻyicha sudi sudyalari, viloyat Adliya boshqarmasi, Notarial palata, xususiy…
Bugungi kunda sud tomonidan koʻrilayotgan merosga oid nizolarning koʻp qismi merosni taqsimlash haqidagi nizolardir. Navoiy viloyat fuqarolik ishlari boʻyicha sudi sudyalari, viloyat Adliya boshqarmasi, Notarial palata, xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar ishtirokida oʻtkazilgan navbatdagi seminar mashgʻuloti ham aynan shu mavzuga bagʻishlandi.
Unda Navoiy shahar va tuman notariuslari Zoom dasturi orqali ishtirok etishdi.
Seminarda notariat sohasida sud idoralari bilan hamkorlikda hal etilishi lozim boʻlgan koʻplab masalalar vujudga kelayotganligi, jumladan oxirgi vaqtlarda qonunchilikdagi kamchiliklar sabab, yaʼni ayrim qonunchilik normalarini bugungi kun talabiga javob bermaganligi uchun meros, vasiyatnoma, ishonchnoma va boshqa ayrim notarial hujjatlarni sudlar tomonidan bekor qilish va haqiqiy emas deb topish kabi holatlar kuzatilayotganligi xususida soʻz yuritildi.
Ushbu masalalar boʻyicha mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan ishtirokchilar oʻz fikrlarini bildirishdi.
Jumladan, Navoiy shahrida xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius Sh.Davlatova xususiylashtirilgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlashda uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini xususiylashtirishga rozilik bergan shaxslar vafot etgan taqdirda ularning oʻlim haqidagi guvohnomasi yoki dalolatnoma yozuvidagi koʻchirmasidan nusxa olib qolinishi belgilanganligi, birgalikda orttirilgan mulk ishtirokchisi vafot etgan taqdirda ularning oʻlim haqidagi guvohnomasi yoki dalolatnoma yozuvi koʻchirmasidan nusxa olib qolinishi lozimligi, birgalikda orttirilgan mulk ishtirokchisi vafot etgan taqdirda vorislik qoidalari qoʻllanilishini, bu holatda notariuslar xususiylashtirishda ishtirok etgan marhumning ulushini ajratib berish huquqiga ega emasligi, sudlar tomonidan esa notariusning rad etish qarorini talab qilinishi va bu holat koʻpgina hollarda sudlar tomonidan murojaatchiga maʼmuriy sudga shikoyat kiritish toʻgʻrisida tushuntirish berib yuborilishini, vaholanki xususiylashtirishda ishtirok etgan shaxsning ulushini ajratib berish sudning vakolatiga kirishini aytib oʻtdi.
Bildirilgan fikrlar va takliflarga javoban Navoiy viloyat sudi sudyasi G.Xudayberdiyeva ham oʻz mulohazalarini bildirib, yuqoridagi masala yuzasidan hozirgi kunda sudlarga murojaat ancha kamayganligi, xususiylashtirishda ishtirok etgan marhumning ulushini ajratib berish sudning vakolatiga kirishini, sudlar tomonidan notariusning rad etish qarorini talab qilinishi notoʻgʻri ekanligini bildirib, taklif etilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarni qoʻllab-quvvatladi.
Shuningdek, suhbat davomida yuridik shaxslarning mol-mulkini boshqa shaxsga oʻtkazilishida yuridik shaxs taʼsischilarining er yoki xotinidan rozilik olinishi shartmi?-degan savol oʻrtaga tashlandi.
Navoiy viloyat sudining sudyasi N.Raxmonov bu borada Oʻzbekiston Respublikasi “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasida bir yoki bir necha shaxs tomonidan taʼsis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) taʼsisi hujjatlari bilan belgilangan miqdorlarda ulushlarga boʻlingan xoʻjalik jamiyati masʼuliyati cheklangan jamiyat deb hisoblanishi belgilanganligi, masʼuliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmasliklarini va jamiyat faoliyati bilan bogʻliq zararlar uchun oʻzlari qoʻshgan hissalar qiymati doirasidda javobgar boʻlishlari koʻrsatib oʻtilganligini aytib oʻtib, jamiyatlarga tegishli mol-mulklarni boshqa shaxsga oʻtkazilishida taʼsischilarning er yoki xotinidan rozilik olinmasligini maʼlum qildi.
Muhokama qilingan mavzu boʻyicha xususan, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi 1993 yil 7 mayda qabul qilingan Qonunining 13-moddasi toʻrtinchi qismiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 23-moddasi ikkinchi qismiga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 noyabrdagi 726-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Notariuslar tomonidan koʻchmas mulklarni boshqa shaxsga oʻtkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlashning Maʼmuriy reglamenti”ning 31-bandiga, 33-bandiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish lozimligi yuzasidan takliflar bildirildi.
Shuningdek, bir stol atrofida yigʻilishgan sudyalar va notariuslar meros bilan bogʻliq nizolarning oldini olish, vasiyatnomaning turlari, vasiyatnomani rasmiylashtirish borasidagi mavjud qonun talablari, merosni qabul qilish bilan bogʻliq tartib hamda merosxoʻrlarning huquq majburiyati yuzasidan muammolar muhokama qilishib, oʻzaro hamkorlik masalasini kelishib olishdi, koʻrinib turibdiki fikr almashish ikkala taraf uchun ham foydali boʻldi.
Gulnafis Xudayberdiyeva,
Navoiy viloyat sudi sudyasi.