“Sudlar toʻgʻrisida”gi yangi qonundagi asosiy oʻzgarishlar nimalardan iborat?
Maʼlumki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar, yuridik shaxslar hamda tadbirkorlik subʼektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarining sud yoʻli bilan har tomonlama va toʻla himoya qilinishini taʼminlash, sud sohasiga…
Maʼlumki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar, yuridik shaxslar hamda tadbirkorlik subʼektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarining sud yoʻli bilan har tomonlama va toʻla himoya qilinishini taʼminlash, sud sohasiga axborot kommunikatsion texnologiyalarni keng joriy qilish, sud majlislarining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash va shu yoʻl bilan fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirish borasida izchil islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.
2021 yil 28 iyul kuni yangidan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonuni ayni shu maqsadlarni oʻzida mujassamlashtirgan boʻlib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Qonun 101 moddadan iborat boʻlib, rasmiy eʼlon qilingan kundan, yaʼni 2021 yil 29 iyul kunidan qonuniy kuchga kirdi.
“Sudlar toʻgʻrisida”gi yangi qonunning eski tahrirdagi qonundan asosiy farqlari va oʻziga xos xususiyatlarining ayrim jihatlari haqida toʻxtalib oʻtamiz.
Qonundagi asosiy yangilik Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan 2020 yil 24 iyul kuni imzolangan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6034-sonli farmonda belgilangan tashkiliy-tuzilmaviy islohotlardan kelib chiqqan boʻlib, xususan qonunning 2-moddasida sudlarning yangi tizimi belgilandi.
Xususan, 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab fuqarolik, jinoyat ishlari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar iqtisodiy sudlari birlashtirilganligi hamda tuman (shahar) maʼmuriy sudlari tugatilganligi munosabati bilan sud tizimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, shuningdek tumanlararo maʼmuriy sudlar koʻrsatib oʻtildi.
Shuningdek, qonunning sudyalar korpusini shakllantirishga bagʻishlangan 5-moddasida sudyalar korpusini shakllantirish sudyalarning mustaqilligi printsipiga qatʼiy muvofiq holda Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan amalga oshirilishi, kengashni tashkil etish va uning faoliyati tartibi alohida qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, sudyalarning mustaqilligi, qonun va sud oldida tenglik, sud hujjatlarining majburiyligi, sud ishlarini yuritishning oshkoraligi, sud ishlari yuritiladigan til, sud himoyasida boʻlish huquqi, aybsizlik prezumptsiyasi kabi sudlar faoliyatining printsiplariga qoʻshimcha ravishda qonuniylik deb nomlangan 8-moddada Oʻzbekiston Respublikasida odil sudlov qonunga qatʼiy muvofiq holda amalga oshirilishi belgilangan boʻlsa, sud hujjati ustidan shikoyat qilish huquqi nazarda tutilgan
17-moddada taraflar va qonunda nazarda tutilgan boshqa shaxslarning sud hujjati ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega ekanliklari mustahkamlab qoʻyildi.
Shuningdek, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan 2020 yil
29 dekabr kuni Oliy Majlisga yoʻllangan murojaatnomada hamda uning ijrosini taʼminlash maqsadida 2020 yil 24 iyul kuni qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6034-sonli farmonda belgilangan 2021 yil
1 yanvardan boshlab bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlarini qisqartirish va odil sudlovga xos boʻlmagan ishlarni nazorat tartibida koʻrish institutini tugatish vazifasining amaliy ifodasi sifatida yangi qonunning 28-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining vakolatlarida ishlarni nazorat tartibida koʻrish nazarda tutilmagan hamda nazorat instantsiyasi oʻrniga kassatsiya instantsiyasida ishlarni takroran koʻrish instituti joriy etilganligi munosabati bilan qonunning 29-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari ishlarni birinchi instantsiya, apellyatsiya va kassatsiya tartibida, shu jumladan kassatsiya instantsiyasi sudida takroran koʻrishi belgilandi.
Qonunning 3-bob 32-38-moddalarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining tarkibi, vakolatlari, Rayosat va sudlov hayʼatlarining vazifalari, sud raisining hamda rais oʻrinbosarlari – sudlov hayʼatlari raislarining vakolatlari aniq va ravshan belgilab berilgan.
Yangi tahrirdagi qonun bilan kiritilgan sohaga kiritilgan oʻzgartishlardan yana biri bu sudyalik lavozimiga nomzodlarga nisbatan belgilangan talablarning kuchaytirilganligidir. Xususan, eski tahrirdagi qonunning 61-moddasiga koʻra, oʻttiz besh yoshdan kichik boʻlmagan, oliy yuridik maʼlumotga va yuridik ixtisosligi boʻyicha, avvalambor, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda kamida besh yillik mehnat stajiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi ilk marotaba sudyalik lavozimiga tayinlinishi mumkin boʻlgan boʻlsa, yangi tahrirdagi qonunning 67-68-moddalariga asosan oʻttiz besh yoshga toʻlgan, oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan va yuridik ixtisoslik boʻyicha kamida yetti yillik mehnat stajiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi tumanlararo, tuman, shahar sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi boʻlishi mumkinligi belgilandi. Bu sudyalik lavozimining oʻta masʼuliyatli vazifa ekanligi bilan bevosita bogʻliq.
Shuningdek, ilgari sudyalarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin boʻlgan intizomiy jazo choralari qonunosti hujjatlar bilan tartibga solingan boʻlsa, yangi tahrirdagi qonunning 74-77-moddalari sudyaning intizomiy javobgarligi masalasini tartibga solishga qaratilgan boʻlib, 76-moddada intizomiy jazo choralarining turlari aniq belgilab berildi.
Yangi tahrirdagi qonunda sudyalar bilan birga ular oila aʼzolarining moddiy hamda ijtimoiy himoyasi nazarda tutilganligi, sudyalarni uy-joy bilan taʼminlash hamda uy-joy ijarasi bilan bogʻliq toʻlovlarning toʻlab berilishi qonun doirasida tartibga solinganligi, sudyalar va ular oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha koʻrilgan choralar sudyalarni odil sudlovni taʼminlash borasidagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega boʻlib hisoblanadi.
Huddi shuningdek, qonunning yangi tahrirda ham sudyalarning huquqlari va majburiyatlari, sudyalar mustaqilligining asosiy kafolatlari, sudyaning daxlsizligi, sudga hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlik, sudyaning vakolatlarini toʻxtatib turish va muddatidan ilgari tugatish, sudyalar malaka hayʼatlari faoliyati va sohani tartibga solish bilan bogʻliq boshqa munosabatlar toʻliq tartibga solingan.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonuni sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, odil sudlovning sudyalar tomonidan faqat qonunga boʻysungan holda amalga oshirilishini, sud majlislarining oshkora va shaffof oʻtkazilishini taʼminlash, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini, tadbirkorlik subʼektlarining qonuniy manfaatlarini sud yoʻli bilan keng himoya qilish va shu orqali shaxslarning odil sudlovga erishish darajasini oshirishga qaratilgandir.
Asqar Mamaraimov,
Sherobod tumanlararo iqtisodiy sudi raisi