Sudyalar va sud hokimiyati mustaqilligini kafolatlovchi asosiy standartlar va halqaro huquq normalari
Davlatimiz mustaqillikka erishgandan buyon oʻtgan qisqa davr ichida taraqqiyot va huquqiy demokratik davlat qurish sari dalil qadam qoʻyildi. Muhtaram prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan oxirgi uch yil davomida olib borilgan…
Davlatimiz mustaqillikka erishgandan buyon oʻtgan qisqa davr ichida taraqqiyot va huquqiy demokratik davlat qurish sari dalil qadam qoʻyildi. Muhtaram prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan oxirgi uch yil davomida olib borilgan islohotlar esa davlatimizni halqaro xamjamiyatning toʻla qonli aʼzosi boʻlishiga hissa qoʻshdi.
Bizga maʼlumki har qaysi davlat, har bir jamiyat hayotiga aloqadar biror-bir masala yoʻqki, xoh u ijtimoiy-iqtisodiy, xoh siyosiy-huquqiy sohada boʻladimi, xalqaro huquq bilan tartibga solinmagan boʻlsa. Bugun xalqaro huquq, unda belgilangan tamoyillar va normalar davlatlar, mintaqalar chegaralaridan oʻtib, Siz-u bizning hayotimizga shu qadar yaqin kirib kelganki, uning taʼsiri va rolini bir qarashda sezmaymiz, baʼzan esa bunga uncha eʼtibor qilmaymiz. Xalqaro huquq qonunchiligiga nazar tashlasak, sudya, advokat, tergovchi, jurnalist yoki shifokor boʻladimi, barcha kasb egalarining sohasi boʻyicha, hatto davlat xizmatchisi sifatida ish vaqtida va ish vaqtidan tashqari nimalarga amal qilishi zarurligi, kasb-etikasi haqida ustuvor qoidalar qabul qilingan.
Odil sudlovni amalga oshirish sohasida BMT tomonidan bir qator halqaro-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan. Inson huquqlari boʻyicha halqaro shartnomalar sudyalar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari uchun odil sudlovni amalga oshirish sohasidagi xalqaro standartlarni belgilab beradi.
Odil sudlovga oid xalqaro standartlar haqida xalqaro huquq normalariga toʻxtaladigan boʻlsak, “Miranda qoidasi”, “Bangalor printsiplari”, “Sudyalar mavqei toʻgʻrisida Yevropa xartiyasi”, “Inson huquqlari boʻyicha xalqaro bill”, “Milan qoidalari”, “Yuvenal yustitsiya”, “Karakas deklaratsiyasi”, “Pekin qoidalari”, “Ar-Riyod printsiplari”, “Bankok deklaratsiyasi”, “Vena deklaratsiyasi”, “Insoniylik mezonlari” kabi oʻziga xos nomlangan xalqaro shartnomalarning barchasi inson huquqlari boʻyicha xalqaro huquqning asosini tashkil etadi. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatlar sudlar faoliyatida ham muhim oʻrin tutadi.
Halqaro huquqda sudlar faoliyati bilan bevosita bogʻliq uchta muhim xalqaro hujjatni alohida qayd etish lozim. Bular, BMTning asosiy shartnomalaridan biri boʻlmish Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt va unga qoʻshimcha 2 ta protokoli, “Sud organlarining mustaqilligiga oid asosiy printsiplar toʻgʻrisida”gi Rezolyutsiyasi hamda “Sudyalarning xulq-atvoriga oid Bangalor printsiplari”.
Avvalo shuni aytish kerakki, 167 ta davlat tasdiqlagan Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt BMT tomonidan hozirgi kunga qadar qabul qilingan 9 ta asosiy shartnomadan biridir. Mazkur xalqaro hujjatlar “asosiy shartnoma” deb eʼtirof etilishi bejiz emas. Chunki xalqaro huquqda inson huquqlari boʻyicha yuzlab shartnomalar qabul qilingan, lekin asosiy shartnomalar 9 tani tashkil qiladi.
Ushbu asosiy shartnomalar, jumladan, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt hozirgi zamon xalqaro huquq tizimining bosh huquqiy manbai boʻlib, boshqa xalqaro hujjatlar shu asosda qabul qilinishi lozim. Shu bilan birga, ushbu xalqaro shartnomalarga aʼzo davlatlar oʻz hududida aynan ana shu asosiy shartnomalarning bajarilishi boʻyicha BMTga davriy hisobotlarni taqdim etib boradi.
Bundan tashqari Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt hozirgi zamon inson huquqlari tarixida oʻzining ahamiyati va muhimligi bilan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasidagi normalar ijrosini taʼminlash hamda inson huquqlari sohasida davlatlarning soʻzsiz hisobdorligi va javobgarligini belgilab bergan yagona bosh shartnomadir.
Shu maʼnoda davlat ichida Konstitutsiya qanday ustuvor yuridik kuchga ega boʻlsa, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt ham xalqaro hujjatlar iyerarxiyasida shunday oliy yuridik maqomga ega boʻlgan fundamental xalqaro shartnoma hisoblanadi.
Ushbu Paktda sudlar faoliyatiga oid muhim, jumladan, inson va fuqarolarning huquqlari ustuvorligi, shaxs daxlsizligi, barcha fuqarolarning qonun va sud oldida tengligi, har bir shaxsning himoyalanish huquqiga ega ekani, aybsizlik prezumptsiyasi kabi umumeʼtirof etilgan minimal standart qoidalar mustahkamlangan.
Jumladan, Paktning 14-moddasida barcha shaxslarning sudlar oldida tengligi, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har qanday kishi qonunga muvofiq aybi isbotlanmaguncha aybsiz deb sanalish huquqiga ega ekani, voyaga yetmaganlarga nisbatan sud jaryoni ularning yoshi va qayta tarbiyalanishiga yordamlashish xohishi inobatga olingan holda olib borilishi lozimligi, bir jinoyat uchun ikki marta jazoga tortish mumkin emasligiga doir normalar belgilangan.
“Sud organlarining mustaqilligiga oid asosiy printsiplar toʻgʻrisida”gi Rezolyutsiya ham xalqaro huquqda sudlar faoliyati boʻyicha qabul qilingan maxsus xalqaro hujjatlardan biridir. Aytish joizki, sud hokimiyati mustaqilligi va xolisligini taʼminlash bilan bogʻliq normalar koʻplab xalqaro hujjatlarda u yoki bu tarzda koʻzda tutilgan. Ammo ushbu Rezolyutsiya hozirgi kunda sud va sudyalarning mustaqilligi qanday taʼminlanishi kerak degan savolga atroflicha javob bergan yagona xalqaro hujjat hisoblanadi.
Ushbu shartnomaga Oʻzbekiston 1997 yil 30 avgustda qoʻshilgan. “Sud organlarining mustaqilligiga oid asosiy printsiplar toʻgʻrisida”gi Rezolyutsiyaning asosiy normalari Konstitutsiyamizda va “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunda oʻz ifodasini topgan.
Rezolyutsiyada sud organlari faoliyatining mustaqilligi, sudyalarning almashtirilmasligi, sudyaning daxlsizligi, favqulodda sudlar tuzish taqiqlanishi hamda sudlov jarayonida tomonlarning tortishuvi va teng huquqliligi kabi printsiplar belgilangan.
Oʻz navbatida, “Sudyalarning xulq-atvoriga oid Bangalor printsiplari” jahon sud-huquq sohasida XXI asrda qabul qilingan eng asosiy hujjatlardan biridir. Eng muhimi, “Bangalor printsiplari” sudyaning huquq va majburiyatlari, umumeʼtirof etilgan kasb odobi qoidalari, professional faoliyatda, ishda va ishdan tashqari vaqtda nimalarga amal qilishiga oid minimal standart qoidalar belgilab berilgan yagona xalqaro hujjatdir.
“Bangalor printsiplari”da sudyalar faoliyati va xulq-atvoriga oid quyidagi 6 ta muhim qoida belgilangan. Bular — mustaqillik, obʼektivlik, halollik, kasb odobi qoidalariga rioya etish, sud majlisining barcha ishtirokchilariga nisbatan teng muomalada boʻlish, kompetentlik va intiluvchanlikdir.
“Bangalor printsiplari”ga muvofiq sudya uchun odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyat boshqa majburiyatlarga nisbatan ustuvor hisoblanadi. Sudyalar oʻz vazifalarini yuqori professional darajada odilona, tezkor va vijdonan bajarishi shart.
Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, ushbu xalqaro hujjatlar dunyo mamlakatlari sud-huquq islohotlari rivojiga katta hissa qoʻshib kelmoqda. Ular inson huquqlarini himoya qilishda, shuningdek, sud va sudyalarning mustaqiligini taʼminlashda muhim xalqaro-huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.
J.Xudoyberdiyev,
Surxondaryo viloyat jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi