Sulton Saodat majmuasi va Termiz sayyidlari haqida nimalarni bilasiz?
Termiz shahri yaqinida joylashgan Sulton Saodat majmuasi Termiz sayyidlari xonadonining X-XVII asrlar davomida qurilgan maqbaralaridan iborat boʻlgan oʻziga xos meʼmoriy obidadir. Sulton Saodat soʻzi arab tilidan tarjima…
Termiz shahri yaqinida joylashgan Sulton Saodat majmuasi Termiz sayyidlari xonadonining X-XVII asrlar davomida qurilgan maqbaralaridan iborat boʻlgan oʻziga xos meʼmoriy obidadir. Sulton Saodat soʻzi arab tilidan tarjima qilinganda – «baxtlilar sultoni» demakdir. Termiz sayyidlarining yetakchilari – naqiblari asrlar davomida “Sulton Sadot” – sayyidlar sultoni unvoni bilan sharaflangan. Ikkala atama bir-biriga oʻrindosh sifatida foydalanilgan, arabcha “Bab as-sadat madan as-saodat; xubb as-sadat miftax as-saodat”, yaʼni “sayyidlar eshigi, baxt konidir; sayyidlarga muhabbat baxt kalitidir” kalimasi keng ishlatilgan.
Maqbaraning dastlabki qismi olimlarning fikriga koʻra, Somoniylar davrida qurilgan. Avvalo, majmuaning janubi-gʻarb tomonida joylashgan ikkita maqbara barpo etilgan boʻlib, ularda qadimiy qabrlar joylashgan. Ushbu ikkala maqbarani baland peshtoqli ayvon bilan birlashtirgan usti gumbazli oraliq maydon masjid vazifasini oʻtagan. Maqbaralar hashamatli boʻlib, unda pishgan gʻishtlar qoʻllangan va turli uslubiy naqshlar bilan ziynatlangan. Ayniqsa Temuriylar davrida Sulton Saodot majmuasida katta xajmdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan.
Majmuadagi ilk qabrda Termiz sayyidlari xonadonining asoschisi Hasan al-Amirning hoki yotibdi. Uning Islom dunyosida eʼtirof etilgan shajarasi Hazrat Paygʻambarimizga (SAV) borib taqaladi. Naql qilinishicha, Hazrat Alining Bibi Fotimadan tugʻilgan oʻgʻli Husayn soʻnggi sosoniy shohi Yazdigardning qiziga uylanadi. Ularning farzandi Alidan Husayn al-Asqar, undan Ubaydulloh dunyoga keladi. Ubaydullohning farzandi Jaʼfar al-Hujjat Madina shahrining hokimi boʻlganligi rivoyat qilinadi. Jaʼfar al-Hujjatdan Amir Husayn, undan esa Hasan al-Amir tugʻiladi. U milodiy 850 yili yaqinlari bilan Samarqandga keladi. U yerda oʻn bir yil yashab keyin Balxga oʻtadi. Taxminan 865 yilda Termizga keladi va shu yerda butunlay oʻrnashib qoladi.
Somoniylar davridan Termiz sayyidlari xudovandzoda faxriy unvoniga sazovor boʻlishgan. Aynan shu maʼnoda, lekin boshqa koʻrinishda Temuriylar davri manbalarida Termiz sayyidlari “xonzoda”, XV asrning ikkinchi yarmidan esa “mirzo” unvonlari bilan sharaflanganlar. Shuningdek, ular oʻzlarining ismi-shariflaridan tashqari Musaviy, Alaviy va boshqa koʻplab kuniyalar va unvonlar bilan nomlanganlar.
Termiz sayyidlari xonadonining vakillari salohiyati butun islom dunyosida eʼzozlanib kelindi, ular asrlar davomida jamiyat hayotida yetakchilik qilganlar. Sayyidlar sulolasiga mansub boʻlish oʻz davrining ijtimoiy-siyosiy, mafkuraviy va ilmiy jarayonlarida faol ishtirok etishni talab etgan. Jumladan, Termiz sayyidlarining yettinchi naqibi Majididdin Ali ibn Jaʼfar Musaviy XII asrning birinchi yarmida Saljuqiylar davlatining yetakchi din peshvolaridan biri boʻlish bilan birga, olimlar homiysi sifatida taniladi va Termizda rasadxona qurdiradi. Termizdan yetishib chiqqan eng mashhur shoir Adib Sobir Termiziy Majididdin Ali ibn Jaʼfarning homiyligida ijod qilgan. Muhammad Xorazmshoh 1212 yilda ulamo va imomlarini yigʻib, Abbosiylarni xalifalikdan mahrum qiladi va vaziri, Termiz sayyidlaridan boʻlgan Aʼlo al-Mulkni xalifa deb eʼlon qiladi. Sayyidlar moʻgʻullar bosqinidan keyin ham mavqelarini yoʻqotmay, vayron boʻlgan Termiz markazini Sulton Saodat majmuasi hududiga koʻchirishadi. Termiz sayyidlaridan yetishib chiqqan mashhur alloma Sayyid Burhoniddin Termiziy(1275-1342) 1231 yilgacha shahar ahliga yetakchilik qilgan, keyinchalik Kichik Osiyoga, Koniyaga koʻchib ketib, Jaloliddin Rumiyning ustozi boʻlgan. Sayyid Burhoniddin Termiziyning Turkiyaning Qaysariya shahrida qad koʻtargan maqbarasi asrlar davomida ziyoratgoh boʻlib keladi. Xonadonning yana bir yetakchisi Xudovanzoda Abu-l Makarim Aʼlo al-Mulk – “Amir ash-Shaxid”(1292-1344) Termiz hokimi boʻlib, mugʻullarga qarshi mustaqillik kurashida faol ishtirok etgan. Uning oʻgʻillari va jiyanlari manbalarga koʻra Amir Temur hayoti va faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishadi. Nashr etilgan shajaralardan biriga koʻra Amir Temurning ilk umr yoʻldoshi Xonzoda Oliy-Nasab boʻlgan. Termiz sayyidlarining shajarasiga koʻra Aʼlo al-Mulkning esa shunday ismli jiyani va qizi boʻlgan. Bundan xulosa qilish mumkinki, Amir Temur sayyidlar bilan oilaviy aloqada boʻlgan. Mazkur voqelik tarix davomida oʻz isbotini topadi: koʻplab Temuriylar sayyidlar bilan nikohlar vositasida qarindoshchilik rishtalarini bogʻlaganlar. Oʻzaro nikohlar natijasida Temuriylar va sayyidlar xonadoni chambarchas bogʻlanib ketganlar.
Amir Temur oʻzining avlodlariga sayyidlarni aziz tutishni vasiyat qilib ketgan. Temuriylar bu vasiyatga sodiq boʻlib Samarqandda Shohi Zindada Termiz sayyidlarining vakillarini dafn etgan boʻlsalar, Shahrisabzda Ulugʻbek tomonidan 1437 yilda barpo etilgan, asli nomi “Avlodi muborak” boʻlgan – Gumbazi Sayyidon maqbarasi Termiz sayyidlarining dahmasiga aylangan. “Sulton Sodot” Abul Maoliy 1459 yilda vafot etgan va Gumbazi Sayyidonda dafn etiladi. Sayyidning qabritoshida Termiz sayyidlariniig shajarasi keltirilgan.
Shayboniylar va undan keyingi davrlarda ham Termiz sayyidlari maʼlum mavqega ega boʻlishadi. Shayboniyxon oʻzining oʻgʻli Muhammad Temur Sultonga Termiz sayyidlaridan kelin olib beradi. Abdullaxon II Sulton Saodotni ziyorat qilgani va maqbarani taʼmirlagani haqida maʼlumot bor.
Islom dunyosi tarixida Termiziylar maʼrifati, ilmu-urfondagi isteʼdodlari bilan alohida ajralib turadi. Ular orasida sayyidlar honadoni vakillari ham bor: falakiyotchi olim Jaloliddin Jaʼfar ibn Husayn at-Termiziy, Tabib, dorilarning tavsifi, ishlatilishi sohasiga bagʻishlangan “Mujarrabat”, yaʼni, “Sinalgan dorilar” kitobining muallifi Muhammad Maʼsum ibn Sayyid al-Xasaniy at –Termiziy, “Munoqibi Murtozaviy” tarixiy asarini yozgan Mir Muhammad Solih Termiziy, “Dastur al-Mulk” asarining muallifi Xoja Samandar Termiziy shular jumlasidandir. Termiz sayyidlari xonadonidan yetishib chiqqan mashhur rassom Mir Sayyid Ali Hindistonda Humoyun saroyida xizmat qilgan.
XX asrning 30-yillarigacha ziyoratchilar chorshanba kuni Muhammad Hakim Termiziy maqbarasini, payshanba kuni Sulton Saodat maqbarasini ziyorat qilganlar. Lekin, shoʻrolar tuzumining siyosati oqibatida ziyorat taqiqlangan, majmua darvozaxonasi buzib tashlangan va xonaqoh gʻishtlari tashib olib ketishgan. Qabrlar ustidagi qabrtoshlar olib tashlangan.
Termiz sayyidlari xonadonining tarixini, mamlakat ravnaqi va taraqqiyotini taʼminlashga qoʻshgan hissasini, ular abadiy makon topgan maskan haqidagi maʼlumotlarni oʻrganish moziy sahifalarini toʻldirishga xizmat qiladi. Masalan, afgʻon qabilalarining diniy rahnamosi Pir Boboning asli ismi Sayyid Ali Shoh at-Termiziydir, uning qabri ham muqaddas qadamjoy hisoblanadi. Shu kabi Termiz sayidlari xonadonining vakillari, butun Islom dunyosida Xitoydan tortib Turkiyagacha, Tataristondan tortib Hindistongacha tarqaladilar. Ular barcha joyda qalb nuri, aql ziyosi bilan islom maʼrifatini tarqatadilar, oʻtkir zakovati, yuksak odobi, mukammal axloqi, qolaversa hidoyat yoʻlidagi karomatlari bilan Islom dunyosi nafiga xizmat qilib nazarga tushdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sulton Saodatga 2019 yilning 6 apreldagi tashrifi davomida majmua tarixi, arxitekturasi va infrastrukturasi bilan tanishdilar. Sulton Saodat majmuasi tarixini oʻrganish, uni taʼmirlash va obodonlashtirish, zarur inshootlarni barpo etish, ziyoratchilar uchun barcha qulayliklarni yaratish borasida berilgan koʻrsatmalar ijrosi yuzasidan allaqachon amaliy ishlar boshlangan.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon boʻladi. Shuning uchun ham u qudratlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylash, oʻrganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biridir”.
Jaloliddin Mirzayev
Termiz davlat universiteti va
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi katta ilmiy xodimi
tarix fanlari nomzodi.