Surxondaryo DSB boshligʻi, 4-sektor rahbari Oltinsoy va Sariosiyo tumanlari yoshlari bilan uchrashdi
Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshligʻi, 4-sektor rahbari Sirojiddin Eshmatovning joylarda yoshlar bilan uchrashuvi va ommaviy qabullari muntazamlik kasb etgan. Bunday tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad…
Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshligʻi, 4-sektor rahbari Sirojiddin Eshmatovning joylarda yoshlar bilan uchrashuvi va ommaviy qabullari muntazamlik kasb etgan. Bunday tadbirlardan koʻzlangan asosiy maqsad fuqarolar va yoshlarni qiynab kelayotgan muammolarni oʻrganish, mavjud vaziyat bilan yaqindan tanishish va amaliy yechim topishdan iboratdir. Navbatdagi ana shunday uchrashuv viloyatning olis togʻli hududida joylashgan Oltinsoy tumanida boʻlib oʻtdi.
Tadbirda viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻi Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun–mohiyati, yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumotlar berdi.
Muloqot ochiq va samimiy ruhda davom etarkan, ishtirokchilar oʻzlarini qiziqgan savollar oʻrtaga tashladilar.
Maʼlumot uchun aytish kerakki, ayni paytda mazkur tumanda 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar 45 517 nafarni tashkil etadi. Shundan 9,0 foizi yoki 3681 nafari ish bilan band boʻlmagan, 2184 nafari uyushmagan, 1475 nafari taʼlim muassasalarini tamomlab band boʻlmagan, 22 nafari imkoniyati cheklangan yoshlarni tashkil etadi. Tumanda yoshlar bandligini taʼminlash borasida olib borilgan ishlar natijasida 2538 nafar yaʼni 98 foiz ishsiz yoshlarning bandligi taʼminlangan.
Karantin qoidalariga amal qilgan holda oʻtkazilgan uchrashuvda yoshlar va fuqarolardan 17 ta muammoli masalalar boʻyicha murojaatlar qabul qilinib, ularning 7 tasi joyida hal etildi. Qolgan muammolarni masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish tadbirlari belgilab olindi.
Shu kunning oʻzida viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻi Sariosiyo tumani yoshlari bilan ham uchrashdi. Bandlikni taʼminlash, tadbirkorlik uchun kredit ajratish, qishloqda bogʻcha qurish va boshqa ijtimoiy masalalar yuzasidan yoshlar murojaatlari tinglandi. Har bir murojaat uchun masʼullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
– Men tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishim uchun 30 mln soʻm miqdorda kredit ololmasdan yurgan edim. Bugungi yoshlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda ayni shu masalada yordam soʻrab murojaat qildim, – deydi “Galabutta” mahallasida istiqomat qiluvchi Muxriddin Ravshanov. – Ushbu kredit qisqa muddatda ajratilishi maʼlum qilindi. Mana shunday yoshlar bilan uchrashuvlarni tashkil etayotgan rahbarlardan minnatdorman.
Shundan soʻng 4-sektor rahbari tumandagi 34-umumiy oʻrta taʼlim maktabida qishloq aholisi uchun ham sayyor qabul oʻtkazdi. Qabul davomida fuqarolardan 15 ta muammoli masalalar yuzasidan murojaat kelib tushdi.
5 tasiga joyida ijobiy yechim topildi. 4 ta murojaatga huquqiy tushuntirish berildi. Qolgan murojaatlar yuzasidan mutasaddi rahbarlarga muddati belgilangan holda qatʼiy vazifa va topshiriqlar berildi.
Surxondaryo viloyati DSB Matbuot xizmati