Surxondaryo viloyatida haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida 3 nafar yoʻlovchi vafot etdi
Bugungi kunda yoʻllarimiz ancha serqatnov boʻlib qoldi. Turli rusumdagi yengil avtomashinalar bilan birga koʻp hajmlik yuk tashiydigan zamonaviy transport vositalarining ham tezligi yuqori. Bu esa har bir transport haydovchisidan…
Bugungi kunda yoʻllarimiz ancha serqatnov boʻlib qoldi. Turli rusumdagi yengil avtomashinalar bilan birga koʻp hajmlik yuk tashiydigan zamonaviy transport vositalarining ham tezligi yuqori. Bu esa har bir transport haydovchisidan harakatlanish jarayonida hushyorlikni talab qiladi. Har bir haydovchi yoʻl belgilarini harakatlanish talablarini chuqur bilishlari, ularga amal qilishlari, yoʻllarda harakatni tartibga soluvchilarning koʻrsatamalarini soʻzsiz bajarishlari shart. Yoʻl harakati qoidalarida yoʻl harakati qatnashchilari boshqa yoʻl harakati qatnashchilarining harakatlanishiga xavf tugʻdirmasliklari kerak, haydovchi harakatning serqatnovligini, yoʻl holati va ob-havo sharoitini, harakatlanish yoʻnalishidagi koʻrinishni hisobga olgan holda transport vositasi tezligini belgilangan meʼyordan oshirmasdan boshqarishi kerak. Talablar toʻgʻri. Qoidalarga amal qilish barchaning burchi.
Biroq, ayrim haydovchilar bu talablarni qoʻpol ravishda buzib transport hodisasini sodir etishayotgani sir emas. Masalan, Farrux Suxrobov (ism-familiya oʻzgartirilgan) 2020 yil 26 yanvar kuni oʻzining boshqaruvidagi qarindoshining nomiga rasmiylashtirilgan “Neksiya” rusumli 75 G 407 JA davlat raqam belgili avtomashinasini haydash huquqini beruvchi hujjatlarsiz boshqarib, xalqaro ahamiyatli M-41 avtomobil yoʻlining “Termiz-Jarqoʻrgʻon” yoʻnalishi 1611-kilometrida oʻzidan oldinda harakatlanayotgan transport vositasini quvib oʻtish maqsadida yoʻlning oʻziga nisbatan qarama-qarshi harakat boʻlagiga oʻtib, bir nechta transport vositalarini katta tezlikda quvib oʻtib, chap tomonga qayrilishni amalga oshirayotgan “Neksiya” rusumli avtomashinaning old chap tomoniga borib uriladi. Toʻqnashuv oqibatida boshqaruvni yoʻqotib, yoʻlning chap tomon chetiga bir necha marta agʻdarilib ketadi. Natijada ushbu mashina ichida boʻlgan yoʻlovchilardan ikki ayol va bir nafar voyaga yetmagan oʻgʻil bola hodisa joyida vafot etadi.
Haydovchi Farrux Suxrobov yoʻl harakati qoidasiga amal qilganida edi, avtohalokat sodir boʻlmagan boʻlar edi. Unga Oʻzbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan uch yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Har bir haydovchi hushyor boʻlsa, yoʻl belgilari va qoidalariga rioya qilsa, koʻngilsiz voqealar sodir etilmaydi.
Surxondaryo viloyat sudi raisining oʻrinbosari Odil Normahmatov
Jinoyat ishlari boʻyicha Termiz tuman sudi raisi Odilbek Begimqulov