Surxondaryoda gʻalladan boʻshagan yer maydonlari ishsiz yoshlarga foydalanish uchun boʻlib berilmoqda
Bugun Termiz shahrida ishsiz yoshlardan 60 nafarining bandligini taʼminlash maqsadida gʻalladan boʻshagan yer maydonining 12 gektari foydalanish uchun ajratib berildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Surxondaryo viloyati…
Bugun Termiz shahrida ishsiz yoshlardan 60 nafarining bandligini taʼminlash maqsadida gʻalladan boʻshagan yer maydonining 12 gektari foydalanish uchun ajratib berildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov ishtirok etdi.
Hozirda Surxondaryo viloyatida 584 ming 365 nafar 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qiz istiqomat qiladi. Joriy yil boshida 49 ming 924 ishsiz yosh aniqlangan boʻlib, yil davomida ularning qariyb 78 foizini doimiy ish bilan band qilish boʻyicha manzilli reja ishlab chiqildi. Joylarda sektor rahbarlari hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari hamkorligida olib borilayotgan ishlar natijasida shu kungacha 18 ming nafar ishsiz yoshlarning bandligi taʼminlandi.
Bu boradagi amaliy ishlar tizimli ravishda davom ettirilib, “Har bir yoshga – bir gektar” loyihasi asosida hozirda gʻalladan boʻshagan yer maydonlari ham ishsiz yoshlarga foydalanish uchun ajratib berilmoqda.Xususan, Termiz shahrining gʻalladan boʻshagan yer maydonlarining 50-60 foiziga fermer oʻzi ishchilari bilan ekin ekayotgan boʻlsa, qolgan qismi ishsiz qolgan va koʻmakka muhtoj aholiga foydalanish uchun boʻlib berilmoqda.
“Ismoiljon namuna” fermer xoʻjaligi hududidan 60 nafar ishsiz yoshlarning har biriga 20 sotixdan yer maydoni ajratib berilishi jarayonida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan viloyat hokimi dastlab mahalla aholisi, tomorqa yer egalari bilan tomorqa madaniyati, koʻklamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari haqida suhbatlashib, ularni qiynayotgan masalalar boʻyicha qonuniy maslahatlar va takliflar berdi.
“Hokim va yoshlar” loyihasi doirasida shaharning ushbu “Namuna” hududida yashovchi yigit-qizlar bilan ochiq muloqot oʻtkazib, yoshlarning jamiyatimizda tutgan oʻrni va roli, karantin sharoitida ishsiz yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha viloyatda oli borilayotgan ishlar xususida soʻz yuritdi.
Uchrashuvda yoshlar tomonidan eʼtiborli va qiziqarli takliflar, kutilmagan kreativ loyihalar, tengqurlarini tashvishga solayotgan muammolar oʻrtaga tashlandi. Tadbir davomida yoshlarni oʻylantirayotgan muammolarga yechim izlandi, yangi gʻoya va tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrildi. Sohibkorlar tomonidan yoshlarga yer maydonlarini takroriy ekin ekishga tayyorlash, takroriy muddatda ekiladigan ekin turlari, ularni parvarishlash, mavjud imkoniyatlardan oqilona va omilkorlik bilan foydalanib, daromad topish toʻgʻrisida tavsilar berildi.
Shundan soʻng yerdan foydalanish huquqini beruvchi sertifikat olgan 60 nafar ishsiz yigit-qizga gʻalladan boʻshagan ekin maydonining 12 gektari 20 sotixdan boʻlib berildi. Viloyat hokimi mutasaddilarga bu jarayonni izchil davom ettirish, shahar hududidagi fermer xoʻjaliklarining gʻalladan boʻshaydigan jami 395 gektar yer maydonidan ham ishsiz yoshlar va koʻmakka muhtoj aholiga foydalanish uchun boʻlib berish toʻgʻrisida koʻrsatma berdi.
Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati