Surxondaryoda noyob sirtlon oʻldirilgani aytilmoqda
Ekofaollar bunday ish uchun qamoq jazosi belgilanishi va oʻta ogʻir jinoyat turiga kiritilishini soʻramoqda. Surxondaryoda sirtlonni oʻldirgan fuqaro tabiatga 1 mlrd soʻm zarar yetkazgan. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.…
Ekofaollar bunday ish uchun qamoq jazosi belgilanishi va oʻta ogʻir jinoyat turiga kiritilishini soʻramoqda.
Surxondaryoda sirtlonni oʻldirgan fuqaro tabiatga 1 mlrd soʻm zarar yetkazgan. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Ekologiya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda sirtlon oʻldirilganligi aks etgan suratlar borasida oʻrganish olib bordi.
Qayd etilishicha, mazkur holat 2023 yilning oktyabr oyi oxiri – noyabr oyi boshlarida Surxondaryo viloyati Shoʻrchi tumani “Obodon” mahallasida yashovchi fuqaro Sh.X. tomonidan sodir etilganligi aniqlangan.
Oʻrganish natijalariga koʻra, bir bosh nomaʼlum hayvonning suyaklari topilib, ular qaysi hayvon turiga tegishliligi borasida ilmiy xulosa olish maqsadida tegishli tashkilotlarga joʻnatilgan. “Xulosa olingach, hujjatlar chora koʻrish maqsadida prokuratura organlariga yuboriladi”, – deyiladi vazirlik xabarida.
Holat natijasida tabiatga 1 milliard 60 ming soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.
Eslatib oʻtamiz, Jinoyat kodeksining 202-moddasiga koʻra, Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni nobud qilish eng kam oylik ish haqining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.