SUV TEKIN EMAS
Qadrli vohadoshlar! Inson hayotida suv eng muhim oʻrin egallashini barchamiz yaxshi anglaymiz. Nafaqat insoniyat, balki butun tabiatni suvsiz tasavvur etish qiyin. Chunki suv ijtimoiy, maishiy hayotimiz asosi, taraqqiyot va tiriklik…
Qadrli vohadoshlar!
Inson hayotida suv eng muhim oʻrin egallashini barchamiz yaxshi anglaymiz. Nafaqat insoniyat, balki butun tabiatni suvsiz tasavvur etish qiyin. Chunki suv ijtimoiy, maishiy hayotimiz asosi, taraqqiyot va tiriklik manbaidir.
Davlatimiz rahbari boshchiligida izchillik bilan olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi inson qadrini ulugʻlash, xalqimizning farovon hayotini, turmush obodligini taʼminlashga qaratilganini barchamiz dildan his etmoqdamiz.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Oʻzbekiston-2030» strategiyasida ham suv resurslarini tejash, atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi oʻta dolzarb vazifa sifatida belgilab berilgani bejiz emas. Chunki, ona tabiatimizni, suv resurslarimizni asrash, uni kelajak avlodga bus-butunligicha yetkazish, farzandlarimiz, nabiralarimizning ham bebaho neʼmatlardan bahramad boʻlishini taʼminlash insoniy burchimizdir.
Azizlar!
Xalqimiz azal-azaldan suvni aziz neʼmat bilib, suv chiqarib, yashillik yaratib, elni yashnatganlarni eʼzozlaydi, duo qiladi. Bunday ezgu ishlarning eng yuksak tasvirini soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy yaratgan desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, hazrat bobomiz oʻzining «Farhod va Shirin» dostonida toshlarni yorib suv chiqargan, xalqini baxtiyor hayotga yetkazgan mard va jasur Farhodni afsonaviy qahramon darajasiga koʻtargan.
Taʼkidlash kerakki, ulkan mutafakkir qalamiga ilhom va harorat bagʻishlagan bunday qahramonlik bugun hurmatli Prezidentimiz tomonidan aynan surxondaryoliklar uchun amalga oshirildi, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Gap shundaki, mamlakatning janubiy mintaqasi boʻlgan vohamiz uchun toza ichimlik suvi hayotiy muammoga aylangan. Bugungi kunda viloyat aholisining 70 foizi markazlashtirilgan toza ichimlik suvi bilan taʼminlangan. Buning ustiga ichayotgan suvimizning minerallashuv darajasi oshgan, bu esa organizmda tuz toʻplanishiga, buyrak, yurak bilan bogʻliq xastaliklarga olib kelishi mumkin.
Davlatimiz rahbari bu muammoni qalbidan oʻtkazib, uni bartaraf etishga, vohadoshlarimizning koʻp yillik orzusini roʻyobga chiqarishga astoydil kirishdilar. Koʻp oʻtmay, «Toʻpalang» suv omborida ichimlik suvi taʼminoti tarixiy loyihasi boshlanganini eʼlon qilib, qurilishning har bir bosqichini oʻzi nazorat qilib turdilar. Prezidentimiz yaqinda vohamizga tashrifi davomida ramziy tugmachani bosib, loyihaning birinchi bosqichi yakunlanganini, vohamiz aholisining bir qismi ekologik toza ichimlik suvi bilan taʼminlanganini eʼlon qildilar.
Bu oddiy gap, oddiy yumush degani emas! Bu salomatligimiz, farovon hayotimiz bilan bogʻliq masala. Yuqoridagi loyihaning dastlabki bosqichida vohamizning 4 ta tumani, yaʼni 800 ming nafar aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi. 2024 yilda esa natija yanada ulkan boʻladi. 380 km quvur Termiz shahrigacha tortilib, viloyatimiz aholisining toza ichimlik suviga boʻlgan talabi 90 foizga yetkaziladi.
Qadrli vohadoshlar!
Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash, ekinzorlaru bogʻ-rogʻlarni sugʻorish uchun davlatimiz tomonidan barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Ammo, xalqimiz zimmasida suvni tejash, undan oqilona foydalanish masʼuliyati borligini ham unutmasligimiz kerak.
Suv bizga ikki karra hayot bagʻishlaydi. Uni ham isteʼmol qilamiz, ham bizni boqadigan yerni sugʻorib rizq-roʻzimizni undiramiz. Tanamizga musaffo havo bagʻishlovchi yashil olam ham suv bilan barhayot ekanini barchamiz yaxshi anglashimiz kerak!
Bugun barchamiz, dunyodagi «Kiprikdagi yoshday qalqib turgan» vaziyatni xavotir bilan kuzatib turibmiz. Shular qatorida suv tanqisligi ham butun olamda global muammoga aylanib bormoqda. Afsuski, bu masala bizning mintaqamizni ham chetlab oʻtmayapti.
Hurmatli Prezidentimiz bu haqda har bir chiqishlarida, xalqaro anjumanlarda fikr-mulohazalarini bildirmoqdalar. Mamlakatimizda suvni tejovchi texnologiyalar keng joriy qilinmoqda, davlatimiz tomonidan bu borada foydali va samarali choralar koʻrilayapti. Ammo, atrof-muhitga, tabiat neʼmatlariga, jumladan, suvga insof bilan munosabatda boʻlish, uni tejash, isrof qilmaslik aholimizga, har birimizga bogʻliq masala boʻlib qolayapti.
Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari vohamizga tashrifi davomida suv tanqisligi muammosiga yana bir bora eʼtibor qaratib, suv tekin emasligini, undan samarali foydalanish, isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik masalasini aholi ongiga chuqur singdirish, uni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik bilan birga kundalik turmush qoidasiga aylantirish asosiy vazifa boʻlishi lozimligini alohida taʼkidlab oʻtdilar.
Bu fikrlar har birimizni chuqur mushohadaga chorlaydi. Oʻzingiz oʻylab koʻring, «Toʻpalang»dan Termizgacha suv keltirish uchun sarflanayotgan mablagʻlar tasavvurga sigʻadimi? Yoki viloyatimizda
80 foiz yerlar nasos orqali sugʻorilishi, bu million-million kilovatt soat elektr energiyasi sarfi degani emasmi?
Muhtaram faxriylar!
Nuroniy otaxonlaru onaxonlar!
«Zar qadrini zargar biladi», deyishadi. Siz katta hayot yoʻlini bosib oʻtgansiz. Bir tomchi suv, bir ushoq non qadrini sizchalik kim biladi?
Dalalarga boraylik. Rizqu-roʻzimiz manbai boʻlgan gʻalla, paxta va boshqa ekinlar, bogʻ-rogʻlarning sugʻorilishiga eʼtibor qarataylik. Afsuski, baʼzi dalalar qurib-qaqshab yotgan boʻlsa, yana boshqa dalalarni suv bosib, suvlar behuda zovurlarga oqib yotgan holatlarni ham uchratishingiz mumkin. Obi-hayotning uvol boʻlib borayotganini koʻrib koʻngil xira tortadi, yurak achishadi. Baʼzan aholi hovli-joylariga eʼtibor qilsak, odamlarning tomorqasida ham shu kabi ahvolni koʻrish mumkin.
Yoki shahar, tumanlar mahallalarini olaylik. Shunday uylar borki, shunchaki oqayotgan suvlarning joʻmragini yopishga eʼtibor qilishmaydi. Yo boʻlmasa, toza ichimlik suvidan mashina yuvishda, hovli yo koʻchalarga suv sepishda va boshqa isrofgarchiliklar uchun foydalanayotganiga guvoh boʻlasiz.
Bunday suvni tejashga, qadrlashga beparvo boʻlayotgan insonlarga, fermer, tomorqa yer egalariga, tadbirkorlarga sizning nasihatingiz kor qiladi. Chunki sizning soʻzingizda hayot sabogʻi, turmush hikmati bor.
Hurmatli mahalla faollari, ziyolilar!
Siz har kuni mahallada, har bir oila va uning aʼzosi bilan bevosita birga ishlaysiz. Odamlarning «issiq-sovugʻi»dan yaxshi xabardorsiz. Shu nuqtai nazardan oʻz hoyu-havasi yoʻlida yoki shunchaki loqaydlik bilan tabiat neʼmatlarini, xususan, suvni isrof qilayotgan odamlar ham borligini bilasiz. Ular bilan uchrashganda, suhbatlarda suvning qaerdan paydo boʻlishi, uning ham hisob-kitobi borligi, biz shunchaki suvning isteʼmolchisi emas, qadrlovchisi boʻlishimiz kerakligi haqida gapiring! Suv bugun bizning mulkimiz emas, kelajak avlodning, bolalarimizning rizqi ekanligini ayting!
Koʻpincha arzon va moʻl-koʻl narsalar haqida gap ketganda «Suvday tekin», deymiz. Vaholanki, suv arzon ham, moʻl-koʻl ham emasligini, taboro kamayib, global muammoga aylanib borayotganini hayotning oʻzi isbotlab turibdiku.
«Yashil makon» doirasida ekilayotgan niholar suvsizlikdan qurib ketayotgan yoki boʻlmasa suv behuda oqizilib, ham isrof boʻlib, ham niholga zarar yetayotgan hollar ham nazaringizdan chetda qolmasin.
«Elga el qoʻshilsa davlat», deydi xalqimiz. Yaxshi gaplar, yaxshilikka chorlovlar koʻpaysa yaxshilik koʻpayadi. Yaxshilik bor joyda najot bor, obodlik bor.
Hurmatli ota-onalar, oʻqituvchi-murabbiylar!
Farzandlarimizga tabiat boyliklarining hisobsiz emasligini, bu Vatanning bir tomchi suvi ham, bir tup giyohi, niholi ham, bir qarich yeri ham muqaddas ekanligini, ular ham Vatan ekanligini anglatishda, yoshlarda tevarak-atrofga, bizni boqayotgan, hayotimiz manbai boʻlgan neʼmatlarga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish hissini, tejamkorlik madaniyatini shakllantirishda oʻrningiz beqiyos, ekanini barchamiz bilamiz.
«Qush uyasida koʻrganini qiladi», deydi xalqimiz. Binobarin, bir tomchi suvnida isrof qilmaslik, nihol ekishda, ularni tejamkor usullar bilan sugʻorishda, uyimizni, maktab va mahallamizni, yurtimizni «yashil makon»ga aylantirishda shaxsiy namuna, oʻrnak, ibrat boʻlaylik!
Keksalarimizning «Suvga tupurma!», «Suvni toʻkma, shamolni soʻkma», degan oʻgitlarini yoshlarimiz ongiga singdirsak, nur ustiga aʼlo nur boʻladi.
Unutmang, tabiatsevar, yurtsevar avlod oilada, maktabda kamol topadi. Ota-onalar, muallim va murabbiylar qoʻlida voyaga yetadi.
Muhtaram imom-xatiblar, din peshvolari!
Alloh taolo insoniyatga sanogʻiga yetib boʻlmaydigan darajada neʼmatlar ato etib, ularni berilgan neʼmatlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, isrofga yoʻl qoʻymaslikka chaqirdi. Bu haqda Qurʼoni karimda: «… yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay», deb insoniyatni isrofdan qaytargan.
Hatto muborak Haj ziyoratiga borganlarga tahorat olish uchun atigi 750 gramm suv berilishi haqida ham koʻp eshitganmiz. Bizda esa, birgina yuz-qoʻl yuvish uchun oʻnlab litr suv isrof boʻlayotgan holatlar, ming afsuski, uchrab turibdi. Hayotimiz uchun eng zarur neʼmat boʻlgan suvning isrofi dinimizda juda qattiq qoralangani, suvni isrof qilishning gunohi esa isroflar ichida eng ogʻir ekani, bir inson suvni oʻz ehtiyojidan ortiqcha ishlatishi oqibatida zarar koʻrgan boshqa jon egasi va suvsizlikdan qurigan har qanday giyoh uchun javobgar boʻlishi Sizlar yaxshi bilasizlar!
Oʻylaymizki, bu kabi insonni inson, hayotni hayot, xalqni xalq holida ushlab turuvchi oʻlmas qadriyatlarning mazmun-mohiyati sizning juma namozlari va boshqa turli tadbirlardagi ajoyib, maʼrifatga toʻla maʼruzalaringiz bilan odamlar qalbidan yanada chuqurroq joy oladi.
Aziz yoshlar!
Qadrli talabalar, maktab oʻquvchilari!
Siz hozir ilm magʻzini yigʻmoq faslidasiz. Hayot maktabini koʻrgan keksalarimiz, ota-onalar, muallim va murabbiylar oʻgitlariga quloq tuting.
Oʻqing, oʻrganing. Tevarak-atrofga teran nigoh tashlang. Qaerda nima uvol boʻlayapti? Nimani isrof qilayapmiz? Uydami, oʻqish yo ishdami, koʻchadami suvni behuda sarflayotganlarga, bu tansiq, bebaho neʼmatni uvol qilayotganlarga zinhor beparvo qaramang. Bunday harakatlarga murosasiz boʻling! Shunday xatoga yoʻl qoʻyayotgan tengdoshlaringizga tushuntiring. Tafakkur qiling. Bilmaganingizni soʻrang. Deylik, suvning hayotimizdagi oʻrni qanday? Chindan ham suv baʼzilar aytadigandek tekinmi? Moʻl-koʻlmi?
Siz toʻplagan bilimlaringiz, oʻzingizda shakllantirgan maʼnaviyat va madaniyatingiz, Vatanga muhabbatingiz, ona yerga, suvga, tabiat neʼmatlariga mehr-shafqatingiz bilan yorqin kelajagingizni yaratasiz. Bu bilan mamlakatimiz rivojiga ulkan hissa qoʻshasiz!
Hurmatli tadbirkorlar, klasterlar, fermerlar, dehqon xoʻjaliklariyu tomorqa yer egalari!
Ota-bobolarimiz, «Ummon oldida tursang ham bir tomchi suvni isrof qilma», deb bejiz aytishmagan. Sizning suvni isrof qilmasdan yetishtirgan mahsulotingiz yoki koʻrsatayotgan xizmatingizda albatta baraka boʻlishini dildan his etishingiz kerak.
Xabaringiz bor, soʻnggi 40 yil ichida dunyodagi har bir kishi boshiga toʻgʻri keladigan chuchuk suv miqdori 60 foizga kamaygan. Yaqin 25 yil ichida yana 2 barobarga kamayishi taxmin qilinmoqda. Suv isteʼmoli soʻnggi 100 yil ichida 6 marta ortgan, 2050 yilga kelib bu miqdor yana ikki barobarga koʻpayishi kutilmoqda. Bu eng avvalo, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, qishloq xoʻjaligi talablaridan kelib chiqishi taxmin qilinayotir.
Shuning uchun zamonaviy suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish, suvdan oʻz vaqtida, bir tomchisini ham isrof qilmasdan ishlatishingiz maqsadga muvofiq boʻladi. Suvning isrof boʻlishiga yoʻl qoʻygan shaxsga qonunchilik asosida javobgarlik choralari ham borligini yoddan chiqarmasligimiz kerak!