Suyultirilgan gaz taʼminotiga ham zamonaviy tizim joriy etilmoqda
Hukumatning mazkur yoʻnalishdagi tegishli topshiriqlari ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash hamda ishlab chiqaruvchi korxonalardan isteʼmolchilarga suyultirilgan gazni yetkazib berish va hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini…
Hukumatning mazkur yoʻnalishdagi tegishli topshiriqlari ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash hamda ishlab chiqaruvchi korxonalardan isteʼmolchilarga suyultirilgan gazni yetkazib berish va hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida, “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan ID-kartalar tarqatish va maishiy gaz ballonlarga maxsus yorliqlarni oʻrnatish boʻyicha ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Jumladan, viloyatimizda ham ushbu ishlar davom etmoqda.
Suyultirilgan gazni isteʼmolchi tomonidan qabul qilish va toʻlovni amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflikni yaratish uchun, joriy yilda viloyatimizdagi 449 628 ta isteʼmolchi maxsus ID-kartalar bilan taʼminlanadi hamda ular tomonidan foydalanib kelinayotgan maishiy gaz ballonlarga maxsus yorliqlar yopishtirilib, hisob-kitob tizimi toʻliq avtomatlashtiriladi. Yaʼni, bugungi kunda joylarda aholiga yetkazib berilgan suyultirilgan gaz ballonlarini hisob-kitobini yuritish uchun har bir isteʼmolchilarni individual elektron ID-kartalar bilan taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Ushbu usul bilan kelgusida yetkazib berilgan gazning hisobi avtomatlashtirilgan tartibda nazorat qilinadi.
Bu tartibning yana bir afzalligi hududlardagi haqiqiy mavjud isteʼmolchilar haqida maʼlumotning shakllantirilganligi va yetkazib berilayotgan suyultirilgan gaz hajmining aniq hisobi olib boriladi.
Shuningdek, kelgusidagi ehtiyoj rejasini shakllantirishda ham yaxshi imkoniyatdir. Isteʼmolchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berishga oid amaliyot boʻyicha maʼlumotlar “E-gaz” dasturiga kiritib boriladi. Bu tartib bilan kimlarningdir belgilangan meyordan ortiqcha gaz olishi yoki kimdir ololmay qolishi kabi holatlariga barham beriladi.
Maʼlumot oʻrnida, shu kunga qadar 471935 ta isteʼmolchilarga ID kartalar tarqatilgan boʻlsa, 558 ming donadan ortiq maishiy gaz ballonlarga stikerlar oʻrnatilishi taʼminlandi.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz taʼminoti filiali matbuot xizmati