Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

Tadbirkor ayol Termizda 50 yaqin imkoniyati cheklangan xotin-qizlarni ish bilan ta`minlandi va ularning orzusini roʻyobga chiqardi

Termiz shahrida yashovchi Dilafruz Karimova 2011-yildan beri tikuvchilik faoliyati bilan shugʻullanadi. 2015-yil viloyat hokimiyati yigʻilishi bayonomasiga asosan unga kam ta`minlanganlar va imkoniyati cheklangan shaxslarni ish…

Tadbirkor ayol Termizda 50 yaqin imkoniyati cheklangan xotin-qizlarni ish bilan ta`minlandi va ularning orzusini roʻyobga chiqardi

 Termiz shahrida yashovchi Dilafruz Karimova 2011-yildan beri tikuvchilik faoliyati bilan shugʻullanadi.

2015-yil viloyat hokimiyati yigʻilishi bayonomasiga  asosan unga  kam ta`minlanganlar va imkoniyati cheklangan shaxslarni ish ta`minlash vazifasi topshirilgan. Dilafruz Karimova asosan imkoniyati cheklangan, nogiron insonlarni kasbga oʻrgatadi. Ular uchun “Gulbahor Nurli Kelajak” MChJni tashkil etgan.

Ushbu korxonaga 50 dan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan insonlar tikuvchilik bilan shugʻillanishadi hamda shu yerda istiqomat qilishadi.

                         “Onamning orzusini roʻyobga chiqardim”

     Dilafruz Karimova: “Yoshligimdan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berishni yaxshi koʻrar edim. Onamiz bizga har doim nogironlarga yordam berishimiz zarurligini ta`kidlar edi, shuning uchun ham biz shunday maqsadlar bilan katta boʻlganmiz. Oʻzim tikuvchilik sirlarini oʻrganib, keyinchilik boshqa insonlarga ham oʻrgata boshladim. Turli buyurtamalar qabul qila boshladim, keyinchalik faoliyatimni kengaytirish maqsadida yana shogirdlar oldim. Bir kuni yonimga nogironlik aravachada bir qiz keldi. Tikuvchilik sirlarini oʻrganishni juda xohlashini bildirdi… Shundan soʻng koʻplab imkoniyati cheklangan shaxslar kela boshladi. Toʻgʻri, ular sogʻlom kishilardek harakat qila olishmaydi. Lekin diqqat bilan oʻrganishlarini, harakatlarini koʻrib, ularga oʻrgatishni alohida maqsad qildim. Oʻn yil davomida zaif eshituvchilar, nogironlik aravachada yuradigan xotin-qizlar, aqli zaif ayollar va turli kasalliklarga chalingan shaxslar kelishdi. Ularga tikuvchilik sirlarini oʻrgatib, birga yashab, katta oilaga aylandik.

    Onam imkoniyati cheklangan shaxslarga yordam berishni juda yaxshi koʻrar edi, shuning uchun men onamning ismlari Gulbahor boʻlganligi uchun ham korxonamizga “Gulbahor Nurli Kelajak” deb nom qoʻydim.

“Toʻrt marta bir joydan ikkinchi joyga koʻchirishdi, binolarimiz sotuvga qoʻyildi”

      “Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumanida faoliyatimizni boshladik. Korxonamizga boshqa tumanlardan ham nogironlar borligi va yotoqxona mavud boʻlmaganligi sababli hokimiyat tomonidan biz Termiz tumani “Manguzar” mahallasiga koʻchirildik. Faoliyatimiz hokimiyat vakillari tomonidan oʻrganildi. Imkoniyati cheklangan shaxslarga sharoitlar yaratib berishlari haqida va`dalar berildi. Lekin bir yil davomida hech qanday yordam berilmadi. Keyinchalik bu bino ham tenderda sotib yuborilganligi haqida bizga xabar berishdi. Bu binodan ham koʻchishga majbur boʻldik. Keyinchalik Termiz shahrining bir nechta mahallalariga koʻchirildik. Toʻrtinchi bor Termiz shahridagi “Marifat” mahallasida joylashagan tashlandiq binoga koʻchirildik. Bu binoda ham yetarlicha sharoitlar mavjud emas edi. Qirqqa yaqin imkoniyati cheklangan shaxslar bilan shu binoda yashab, ishlay boshladik. Imkoniyatimiz yetmaganligi sababidan sharioitlarimiz juda ham achinarli holda boʻlsa ham, ishlay boshladik. Hojatxona va yotoqxonamiz boʻlmasa ham, imkoniyati cheklangan insonlar shu yerda birga yashab, ishlashdi.

Chunki bu yerda hech kim bir-birini kamsitmas, nuqsonini yuziga aytishmas, nogironligi uchun uyalishmas edi. Bundan tashqari, korxonamizda nogironlarining imkoniyat darajasiga qarab ishlar taqsimlanadi. Nogiron shaxsga bitta tikuvchilik mahsulotini bitkazish qiyin boʻlishi mumkin. Lekin unga oʻsha mahsulotning faqat bir qisminigina tikish qiyinchilik tugʻdirmaydi. Boshlanishida qizlar xatolarga yoʻl qoʻyishi mumkin. Lekin keyinchalik yaxshi oʻrganib, xato qilmay qoʻyishadi. Har bir imkoniyati cheklangan insonga oʻz imkoniyati doirasida ishlar taqsimlanadi. Mison uchun, qoʻllari titrasa, unga mahsulotni iplardan tozalash ishlari yuklatiladi. Yoki u kiyimlarni dazmol qilish vazifasini bajaradi. Shunday tartibda faoliyatimizni yoʻlga qoʻygan edik. Natijda qizlarimizning oʻzlariga boʻlgan ishonchlari ortib, kunlari mazmunli oʻtganligi sababli ularning asab tizimlari ham tiklana boshladi. Sogʻliklarida ham ijobiy oʻzgarishlar kuzatildi.

“Ijtimoiy tarmoqdagi murojaatimdan soʻng Surxondaryo viloyati prokurori bizga amaliy yordam berdi”.

         “Termiz shahrida 2019-yil xalqaro forum tashkil etilishi munosabati bilan hokim topshirigʻiga asosan qatnashishga majbur boʻldik. Ushbu forum talablariga asosan banerlar va bukletlar, qizlarimizga bir xilda formalar qilishimiz shart edi. Hokimiyat vakillari ushbu forumda biz bilan shartomalar qilinishi haqida ishontirishdi. Barcha aylanma mablagʻlarimizni sarfladik. Forumga qatnashdik. Hamma aytilgan talablarini bajardik. Ammo hech qanday shartnomalar qilinmadi. Forum uchun hisobimizdagi barcha mablagʻlarni sarf qilgan edik. Shundan soʻng faoliyatimiz ikki oyga toʻxtab qoldi.

Chorasizligim sababli 2019-yil 9-dekabr kuni oʻzimning ijtimoiy tarmoqdagi sahifamda korxonamiz faoliyati toʻxtab qolganligi uchun rahbarlardan yordam berilishlarini soʻrab videomurojaat e`lon qilishga majbur boʻldim.

Ushbu videomurojaatimdan soʻng viloyat prokuraturasi bizga koʻplab amaliy yordam berdi. 2020-yilda binomiz prokuratura xodimlari tomonidan ta`mirlab berildi. Barcha sharoitlar yaratildi. Biz uchun sport anjomlari olib kelindi. Zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandik, qulayliklar yaratildi. Korxonamizning rivojlanishni uchun bu katta qadam boʻldi. Faoliyatimizning rivojlanishiga doir maslahatlar va koʻplab amaliy yordamlar berildi”.

“Barcha imkoniyati cheklangan shaxslar birgalikda katta bir oilaga aylandik”

    “Bugungi kunda ellikka yaqin imkoniyati cheklangan shaxslar korxonamizda faoliyat olib borishmoqda.

Oʻndan ortiq tikuvchilik mahsulotlarini tayyorlaymiz. Turli xil ayollar liboslari, harbiy kiyimlar, ishchi xodimlar uchun turli maxsus formalar tikyapmiz. Katta bir oilaga aylanganmiz. Birga yashaymiz, birga ishlab, bir-birimizdan kuch olmoqdamiz. Viloyatimizning turli tumanlariga sayohatga chiqamiz. Tadbirlar tashkil etib, xodimlarimni xursand qilishga harakat qilaman. Koʻplab imkoniyati cheklangan shaxslar doimiy ish ta`minlandi. Hozir xodimlarim uchun barcha sharoitlar mavjud. Safimiz kundan kunga kengaymoqda. Eng quvonarli holatlardan biri, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida ham “Gulbahor Nurli Kelajak” MChJning filialini tashkil etdik. U yerda ham 30 ga yaqin imkoniyati cheklangan ayollar doimiy ish bilan ta`minlandi. Respublikamizning barcha hududlarida imkoniyati cheklangan ayollarimiz uchun shunday korxonalar tashkil etib, ularni doimiy ish bilan ta`minlashni maqsad qilganman. Shu yoʻlda doimo harakat qilaman. Faoliyatimiz davomida mehnatimiz qadrlanib, 2018–2019-yillarda ikki nafar xodimimiz “Jasorat” medali bilan taqdirlanishdi”.

“Mehnatim tufayli “Jasorat” medali bilan taqdirlandim”

Gulmira  Azizova 28 yoshda. Qumqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. Oilada otasining ichkilikka berilgani sababli, uyda yoshligidan notinchlik hukm surgan. Otasi onasini, Gulmira va uning singillarini doimiy kaltaklab kelgan. Doimiy jarohatlardan soʻng Gulmira yura olmay qolgan, oyoqlari oʻziga boʻysunmasdan nogironlik aravachada umrini oʻtkazishga majbur boʻlmoqda. Gulmiraning singlisi ham otasining doimiy kaltaklaridan soʻng nutqida buzilish sodir boʻlib, gapira olmay qolgan. Gulmira 2017-yildan beri “Gulbahor Nurli Kelajak” MChJda tikuvchilik sirlarini oʻrganib, singlisi bilan birgalikda faoliyat yuritib kelmoqda. U 2019-yil Mustaqilligimizning 28 yilligi munosabati bilan “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

“Hayotim zulmatdan iborat edi. Oilaviy ahvolimiz ham juda ham achinarli ahvolda kelib qolgan, yashashga boʻlgan umid ham soʻnib boʻlgan edi. Uyda dadamining har kun ichib kelib, bizni urishlaridan bezib qolgan edim, ukalarim va men juda qoʻrqar edik. Faqatgina dadam bizlarni urmasliklarini kutib yashar edim. Juda koʻp qiyinchiliklar duch kelganman.

  Bir kuni “Gulbahor Nurli Kelajak” korxonasi haqida eshitib qoldim va shu yerga kelib, hayotimga yorugʻlik kirib kelganday boʻldi. Oʻzimga oʻxshagan imkoniyati cheklanganlar bilan tanishib, birga yashab, hunar oʻrganishni boshlaganimdan soʻng hayotdan ham zavq ola boshladim. Tikkan liboslarimni koʻrib quvonib, yana harakat qila boshladim. Natijada kamtarona mehnatim e`tirof etilib, 2019-yil “Jasorat” medali bilan taqdirlandim. Hayotda yura olmasam ham, koʻzlarim koʻra olganiga, qoʻllarim borligiga shukr qilaman. Men uchun eng katta baxt bu odamlarga kerakligini his qilib yashash deb oʻylayman”, – dedi Gulmira biz bilan suhbatda.

                “Shu korxonaga kelib, oʻzimni baxtli his qila boshladim”

      Zuhra Hasanavo  35 yoshda. U birinchi guruh nogironi, irsiy kasalligi sababli yura olmaydi. Oilasida Zuhradan tashqari yana ikki singlisi ham ushbu kasallik bilan kasallangan. Shifokorlarning aytishlariga qaraganda, hozirgi kunga qadar ushbu kasalikka davo topilmagan.

“Men uyda toʻrt devor orasida yashashga qaror qilgandim. Chunki koʻchaga chiqishdan uyalar, oʻzimdan nafratlanar edim. 2017-yil jiyanim “Gulbahor Nurli Kelajak” MChJ haqida aytib, u yerda imkoniyati cheklangan qizlar borligini bildirdi. Men shu korxonani izlab, Termiz shahriga keldim. Shu korxonaga kelib ishlay boshladim. Oʻzimga oʻxshagan imkoniyati cheklangan qizlar bilan birga yashab, shu yerda ishlash menga juda quvonch bagʻishladi, men oʻzimni baxtli his qila boshladim. Hayotga qiziqishim oshib bordi. Tikuvchilik kasbiga mehr qoʻyib, turli liboslar tikishni, hunarmandchilikni oʻrgandim, qoʻl mehnati bilan gullar yasay boshladim. Odamlarga foyda keltira olishimga ishonchim ortdi. Yolgʻizligim, kasaligimni ham unutib, yashashga boʻlgan qiziqishim kundan kunga ortib bordi. Karantin vaqtida fuqarolarimizga tibbiy niqoblar tayyorlab berganimizda qalbimda gʻurur va ishonch paydo boʻldi. 3 yildan buyon shu yerda yashab, mehnat qilib kelmoqdaman. Dizaynerlik sohasiga qiziqqanim uchun bu yil oliy oʻquv yurtiga nujjat topshirdim. Ijodiy imtihonlaridan oʻtib, shu sohaning yaxshi mutaxassisi boʻlib yetishishni maqsad qildim”, –  deydi Hasanova Zuhra.

  “Oʻzimdan uyalardim, oʻz jonimga qasd qilish haqida qaror qildim”.

     Malohat  Doʻstboyeva Qumqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. Shifoxonada hamshira boʻlib ishlagan. Unga 19 yoshida revmatizm, poliartrit tashxislari qoʻyilgan. Yildan yilga ahvoli ogʻirlashib qolgan. Kasalligi sababli ishdan ham boʻshatishgan. Uyida, ota-ona qaramogʻida bir necha yil kasalik bilan kurashgan.

“Revmatizm kasalligi bilan 21 yildan beri kurashib kelaman. Hamshira boʻlib ishlagan vaqtida kasalligim uncha sezilmas edi, keyinchalik, vaqt oʻtishi natijasida suyaklarimning yemirilishi sababli tashqi koʻrinishim oʻzgardi. Hamkasblarimdan uyaladigan boʻldim. Chunki bizda nogiron insonlarga nisbatan salbiy munosabatda boʻlishadi. Hamkasblarim men bilan bir joyda oʻtirishmas, tashqi koʻrinishimni muhokama qilishar edi. Uydan chiqmaydigan boʻlib qolgan edim. Barchadan uyalardim, toʻylarga, odam koʻp boʻlgan joylarga umuman bormas edim, chunki odamlar mendan nafratlanishar, mendan oʻzlarini olib qochishar edi. Bu mening ruhiyatimga salbiy ta`sir koʻrsatdi. Oʻzimni oʻldirish fikriga ham kelganman. Hayotim zulmatdan iborat boʻlib qolgan edi. Termiz shahrida shifoxonada da`volanayotgan vaqtimda bir farrosh ayol menga nogironlar tikuvchilik korxonasi haqida aytib qoldi. Men bu yerga kelib oʻzimga oʻxshagan imkoniyati cheklangan shaxslarni koʻrdim va ularning tikkan liboslari meni hayratga qoldirdi. Shu yerda ishlay boshladim. Bu yerda meni hech kim haqorat qilmas, mening tashqi koʻrinishim ularni bezovta qilmas edi. Bu yerda kasaliklarimiz har xil boʻlishiga qaramasdan, barchamiz bir-birimizga oʻxshaymiz. Biz katta bir oilaga aylanganmiz. Mana, besh yildan beri shu yerda ishlab, yashab kelmoqdaman. 2020-yil viloyat prokuraturasi tomonidan bizga barcha sharoitlar yaratib berildi. Korxonamizda hatto sport maydonchasi tashkil qilinib, sport anjomlari ham keltirildi. Har kun ishdan soʻng sport anjomlari vositasida mashqlar bajaraman. Revmatizm kasalligida sport bilan shugʻullanish juda foydali sanaladi. Hozirda shukr qilishni oʻrgandim, toʻgʻri, tashqi koʻrinishim oʻzgarib ketayotgandir, lekin harakat qilyapman, mehnatim orqali insonlarga foydam tegayotganidan juda xursandman. Allohimga beadad shukrlar aytib yashayapman. Bu yerdagi barcha qizlar yaqin insonlarimga aylanishgan. Hazillashib: “Siz bizning qaynonamizsiz”, – deyishadi. Shu yerda yashab, kimgadir kerakligimni his qildim”, – dedi Malohat Doʻstboyeva.

Qashqadaryoda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun tikuvchilik korxonasining birinchi filiali oʻz ishini boshladi.

Gulshoda Sharipova 23 yoshda. Qashqadaryo viloyati kitob tumanida yashaydi.

Sogʻlom tugʻilgan. 9 oylik goʻdakligida uyidagi sandalga tushib ketish oqibatida ikki oyogʻi qattiq kuyish jarohati olgani uchun kesib tashlanadi. 9 yil davomida uyida ta`lim olgan. 20 yoshida Termizdagi nogironlar tikuvchilik tsexi haqida eshitib, uch yil davomida Dilafuz Karimova qoʻl ostida tikuvchilik sirlarini oʻrgandi. 2021-yil Kitob tumanida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun “Hidoyat chevarlari” nomli tikuvchilik tsexini tashkil etib, 20 dan ortiq imkoniyati cheklangan shaxslarga tikuvchilik sirlarini bepul oʻrgatdi va ularni doimiy ish bilan ta`minladi. U kelajakda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus oʻquv markazi tashkil etishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

“Yoshligimda imkoniyatim cheklanganligi sababli koʻplab qiyinchiliklarga duch kelganman. Koʻchaga chiqishdan, odamlardan oʻzimni olib qochar edim. Mening dunyom faqat uyim edi. Xayolimda doʻstlarim, yaqinlarim sifatida faqatgina ota-onam gavdalanar edi. Otamning onalari, buvim menga qiz bola ekanligim, imkoniyatim cheklangan boʻlsa ham, tikuvchilik bilan shugʻullanishim mumkinligi haqida maslahat berdilar. Shundan soʻng 2018-yil men Termizga kelib, Dilafruz Karimovadan tikuvchilik sirlarini oʻrgandim. 2021-yilda oʻzimizning Kitob tumanida shunday korxona ochdim, hozirda 20 dan ortiq imkoniyati cheklangan shaxslar bilan bir oila boʻlib mehnat qilmoqdamiz. Barcha Qashqadaryoda yashayotgan imkoniyati cheklangan ayollarimizni ishga taklif qilaman”, – deydi Kitob tumanida yashovchi Gulshoda Sharipova.

Shoira Isakova: “Tadqiqotlarimiz davomida shunga amin boʻldimki, imkoniyati cheklangan shaxslar biror-bir mashgʻulot bilan shugʻilanishsa, ularning ruhiy holatiga ham ijobiy oʻzgarishlar kuzatilgan. Bir nechta imkoniyati cheklangan insonlarni bilaman. Hunarmandchilik, tikuvchilik bilan shu`gillanishlari natijasida koʻplab yutuqlarga erishganlar. Sevimli mashgʻuloti bilan doimiy shugʻillanishlari sababli ularning hayotga va yashashga boʻlgan qiziqishlari ham ortgan.

      Uyida oʻtirgan imkoniyati cheklangan shaxslar yashashga boʻlgan umidlari kundan kunga soʻnib boradi. Psixolog sifatida ota-onalarga imkoniyati cheklangan farzandlarini kasbga yoʻnalishtirishlarini maslahat beraman”.

     Oʻzbekistonda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yetarlicha ish oʻrinlari yaratilganmi?

    BMTning 2019 yildagi Oʻzbekistondagi tadqiqotlari natijalariga koʻra, bizda nogironlarning ish topish imkoni qariyb toʻrt baravar kam ekanligini koʻrinadi.2019-yilda 16−59 va 16−54 yoshdagi nogiron erkaklarning faqat 7,1 foizi mos ravishda ish bilan taʼminlangan edi. Shu bilan birga, qishloq joylardagi nogironlarning atigi 5,8 foizi ish bilan taʼminlangan. Nogironligi boʻlgan ayollarning ahvoli erkaklarnikiga qaraganda ancha yomonroq: 8,9% erkaklar ish bilan taʼminlangan bir vaqtda, atigi 4,4% ayollar ishga joylashtirilgan.

Oʻzbekistonda 630 mingdan ziyod nogironlar rasmiy roʻyxatga olingan. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining maʼlumotlariga koʻra, ularning 25 foizdan koʻprogʻi, yaʼni 162,2 ming kishi “muayyan turdagi mehnat faoliyati bilan shugʻullanishga layoqatli” deb topilgan.

     Davlat soliq qoʻmitasining jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi boʻyicha soliq toʻlovchining identifikatsion raqamini (STIR) taqqoslash yoʻli bilan olingan maʼlumotlari shuni koʻrsatdiki, 162,2 ming “mehnatga layoqatli” deb tan olingan nogironlardan 21,1 ming kishi rasmiy ravishda ish bilan taʼminlangan. Bu roʻyxatga olingan mehnatga layoqatli yoshdagi barcha nogironlarning atigi 6 foizini tashkil etadi. Demak, Oʻzbekistonda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yetarli darajda ish oʻrinlari yaratilmagan deb yozmoqda. – Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya), Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti  Dilmurod Yusupov

 “Vazirlik tomonidan eʼlon qilingan maʼlumotga nisbatan mehnatga layoqatli nogironlar ancha koʻp. Koʻpgina nogironlar, agar ular uchun qulay mehnat sharoitlari yaratilsa, ish bilan taʼminlanishi mumkin. Nogironlarni ish bilan taʼminlash va ularning tizimli monitoringini olib borish, shuningdek, ularning mehnat huquqlarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash uchun ularni alohida nazoratga olish zarur”, – deydi Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov.

Hozirgi kunda 162,2 ming “mehnatga layoqatli” deb tan olingan nogironlardan 21,1 ming kishi rasmiy ravishda ish bilan taʼminlangan. Bu roʻyxatga olingan mehnatga layoqatli yoshdagi barcha nogironlarning atigi 6 foizini tashkil etadi. Demak, Oʻzbekistonda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yetarli darajada ish oʻrinlari yaratilmagan.

Oʻzbekistonda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun davlat tashkilotlarida ham ish oʻrinlari yaratilishi kerak. Nogiron fuqarolarimizning tadbirkorlik bilan shugùllanishlari uchun imkoniyatlar yaratilsa,koʻplab nogironlarimiz ish bilan ta`minlangan boʻlar,ularning hayoti ham ijobiy tamonga oʻzgarar edi.

Imkoniyati cheklangan shaxslarning oʻrtacha nafaqa pul miqdori besh yuz oltimish besh ming soʻm (taxminan 50 AQSh dollori)ni tashkil etadi. Bu nafaqa puli ularning oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilishga  ham yetishmasligini aytishmoqda. Ularning oylik nafaqa pulining asosiy qismlari dori-darmon mahsulotlarini sotib olishga xarajat qilinadi.

Imkoniyati cheklangan shaxslarning hayotini ijobiy tomonga oʻzgartirish uchun davlat tomonidan nogironlar uchun beriladigan nafaqa miqdori koʻtarilishi, yoki ularning sogʻliklarini e`tiborga olgan holda dori-darmonlarni bepul tarqatilishi, davlat tashkilotlarida imkoniyati cheklangan shaxslarga maqsadli ravishda  ish oʻrinlari yaratilib, ular doimiy ish oʻrinlari bilan ta`minlanishi kerak.

Rivojlangan davlatlarda imkoniyati cheklangan shaxslarni qanday tartibda ish boʻladi?

Koʻpgina mamlakatlarning qonunchiligida nogironlar uchun maʼlum ish kvotasini  ajratish belgilangan. Ispaniyada 50 va undan ortiq xodimlari boʻlgan har qanday kompaniya yoki korxona,xususiy, yoki davlat korxonalari  boʻlishidan qatʼiy nazar nogironlarni kamida 2% ish bilan taʼminlashi shart.  Shu bilan birga, ish beruvchi kompaniya davlatdan soliq va boshqa imtiyozlarni ega boʻladi. Eshitishda nuqsoni boʻlgan qizning supermarket kassasida sizga xizmat koʻrsatadi, autizm kasaliga chalingan yigit sizga  yoqilgʻi quyish shoxobchasida mashinaga yonilgʻi quyishga yordam beradi, Daun sindromli aktyor esa “San -Sebastyan” filmidagi eng yaxshi aktyor uchun kumush likopchani qoʻlga kiritgan.

Frantsiyada ham ishga kirish uchun imkoniyati cheklangan shaxslar uchun  kvota ajratilgan. 20 va undan ortiq xodimlari boʻlgan korxonalardagi ishlarning 6% ni nogiron shaxslar bajarishadi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra, 1 milliarddan ziyod odam (dunyo aholisining 15%) imkoniyati cheklangan shaxslar hisoblanadi  va bu raqam doimiy ravishda oʻsib bormoqda.

Ispaniyada nogironlarni ishga joylashtirishga qaratilgan DisJob portali kabi bir nechta platformalar yaratilgan. Platformadan ish qidirish uchun ham, maʼlum bir boʻsh ish oʻrinlariga nomzodlarni qidirish uchun ham foydalanish mumkin. Kompaniya xodimlari, portal egasi mehnat bozorini doimiy ravishda kuzatib boradi, potentsial ish beruvchilar bilan bogʻlanib, ularga boʻsh ish oʻrinlariga qoʻyiladigan talablarni nogironlarning imkoniyatlariga moslashtirishga yordam beradi.

Faqatgina 2020 yilda, pandemiyaga qaramay, 5,2 ming kishi ushbu portal orqali ish topdi. “Stereotiplarni yengib oʻtish va ish beruvchilarni nogironlar uchun har qanday boʻsh ish oʻrinlarini ochish mumkinligiga ishontirish uchun bizga koʻp mehnat kerak boʻldi: muhandis, tozalovchi, chet tillarini biladigan maʼmur, ishga yolladik. Ish beruvchilarga takliflar kiritdik ”, –  deydi DisJob platformasi asoschisi va direktori Rosa Kuartero.

Oʻzbekistonda ham imkoniyati cheklangan shaxslarning ish topishlari uchun online platforma yaratilganini bilasizmi?

Buyuk Britaniyaning Sasseks Universiteti Taraqqiyot Tadqiqotlari Institutida doktaranti Dilmurod Yusupov tomonidan   Oʻzbekistonda BMTning ijtimoiy himoyani kuchaytirish qoʻshma dasturi doirasida  Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan shaxslar munosib ish topishlariga koʻmaklashish uchun maxsus Ishplus.uz veb-portali ishga tushirilgan.

Abror Qurbonmurodov

Mavzuga oid