Termiz shahridagi «Amudaryo» bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi bolajonlarni qarshi olishga shaylanmoqda
Bugun Termiz shahar hokimi I.Xudoyberdiyev «Amudaryo» bolalar sogʻlomlashtirish majmuasida boʻlib, joriy yil yoz mavsumiga koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishib, mutasaddilarga bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish…
Bugun Termiz shahar hokimi I.Xudoyberdiyev «Amudaryo» bolalar sogʻlomlashtirish majmuasida boʻlib, joriy yil yoz mavsumiga koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishib, mutasaddilarga bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berdi.
Jumladan, oromgohni yanada obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, turli xil gullar ekish, mavsum davomida oromgohning elektr tarmogʻi, sugʻorish va oqova tizimi, tungi yoritish chiroqlarini uzluksiz va benuqson ishlashini taʼminlash, bolalar maydonchalari va oʻrindiqlarni taʼmirlash va boʻyoqlash kabi bir qator muhim masalalar boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan barpo etilgan mazkur «Amudaryo» bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi 200 oʻringa moʻljallangan boʻlib, turli sohalarda faoliyat koʻrsatayotgan viloyat mehnatkashlari farzandlarini oʻz quchogʻiga olishi rejalashtirilgan.
Ushbu maskanda ayni vaqtda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Xususan, Madaniyat va maʼrifat markazi, boy kitoblar zaxirasiga ega zamonaviy Axborot-resurs markazi, toʻgarak xonalari, shinam yozgi amfiteatr, salobatli tantanalar maydoni, suzish havzasi, futbol, voleybol, basketbol va tennis maydonchalari, yotoq binolari, oshxona, yuvinish xonalari yozgi mavsumga shay xolga keltirilgan.