Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +1° USD 11 964,27 EUR 13 323,41 RUB 144,49

Toʻra Bobolov: sinovli bu kunlar oʻtib ketadi

Surxondaryoda ehtiyojmand oilalar uchun 27 mingga yaqin doimiy ish oʻrni yaratiladi. Termizda boʻlib oʻtgan xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining beshinchi sessiyasida bu haqida maʼlum qilindi. Prezidentimiz rahbarligida…

Surxondaryoda ehtiyojmand oilalar uchun 27 mingga yaqin doimiy ish oʻrni yaratiladi. Termizda boʻlib oʻtgan xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining beshinchi sessiyasida bu haqida maʼlum qilindi.

Prezidentimiz rahbarligida joriy yil 23 aprel kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ilgari surilgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida amalga oshiriladigan vazifalar, aholi bandligini taʼminlash, vohadagi sektorlar kesimida ishsizlar roʻyxatini shakllantirib, ularga tadbirkorlarni biriktirish, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash va bu ishlarda faol qatnashgan tadbirkorlarga davlat tomonidan imtiyozlar berilishini tashkil etish masalalari muhokama etildi.

Mamlakatimizda davom etayotgan vaqtinchalik karantin sharoitida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatining keng quloch yozgani muborak Ramazon oyida ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlashning samarali tizimini yaratdi. Shunga muvofiq yirik korxonalar, tadbirkor va fermerlar, saxovatpesha insonlar oʻz hududidagi ehtiyojmand oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishni yoʻlga qoʻymoqda. Ishsiz fuqarolarni doimiy ish bilan taʼminlash choralarini koʻrayotir. Janubdagi vohada ham bu borada muayyan ishlar olib borilmoqda.

Sessiyada toʻrt sektor rahbarlari axboroti tinglanib, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida tizimli bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilandi.

Viloyatda 34 ming 291 ehtiyojmand fuqaroga uch oy davomida manzilli yordam koʻrsatilib, birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash belgilangan. Ish bilan band boʻlmagan yoki karantin sababli ish joyidan ajralgan fuqarolar uchun 27 ming 748 doimiy ish oʻrni yaratiladi. 7 ming 295 ta muhtoj oilaga zarur yordam koʻrsatiladi. Shuningdek, aholining tomorqasidan samarali foydalanishi uchun qulay sharoit, tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini bildirganlarga zarur imkoniyat yaratiladi.
– ¬Sinovli bu kunlar tezda oʻtib ketadi,¬ dedi viloyat hokimi T.Bobolov. –Saxovatpeshalik esa xalqimizga xos azaliy qadriyat. Shu bois muborak kunlarda muhtojlar va bemorlar xolidan xabar olib, yordam koʻrsatish ajoyib anʼanaga aylangan. Bu yilgi Ramazon oyida bu udumning umumxalq harakatiga aylangani ahamiyatlidir. Biroq, koʻrsatilayotgan bu eʼtiborni muhtoj oilalar chuqur anglagan holda faqat halol mehnat bilan farovonlikka erishish mumkinligini his etishi va kelajakda shunga intilib yashashi kerak.

Sessiyada “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida vohada amalga oshiriladigan ishlar boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Manba: OʻzA

Mavzuga oid