Toshkent hokimi Yunusoboddagi doʻkonlardan birida “reyd” oʻtkazdi (video)
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov Yunusobod tumani “Sobirobod” mahallasida boʻldi va u yerdagi oziq-ovqat doʻkonlaridan biridagi mahsulotlarning sifatini tekshirdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar…
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov Yunusobod tumani “Sobirobod” mahallasida boʻldi va u yerdagi oziq-ovqat doʻkonlaridan biridagi mahsulotlarning sifatini tekshirdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Matbuot xizmatining yozishicha, tashrif davomida yechimni talab qiladigan bir nechta jiddiy kamchiliklarga eʼtibor qaratilgan. Bunda infratuzilmani rivojlantirishga va aholining xavfsiz harakatlanishiga toʻsqinlik qilayotgan noqonuniy qurilmalar aniqlangan.
“Ularning mavjudligi zudlik bilan aralashuvni va qonunchilikka muvofiqlashtirishni talab qiladi”, deyiladi hokimlik xabarida.
Shuningdek, mahalladagi savdo obʼektlari sanitariya-epidemiologiya va yongʻin meʼyorlariga javob bermasligi, aynigan sabzavot va mevalar sotilayotgani aniqlangan.
“Bundan tashqari, mahalla koʻchalari chiqindi bilan ifloslanib, sanitariyaga zid sharoitlarni yuzaga keltirmoqda. Bunda axlatni belgilanmagan joylarga tashlagan aholining oʻzi ham masʼul ekani taʼkidlandi. Bundan tashqari, chiqindilarni yigʻish joylari yetishmaydi, bu esa muammoni yanada chuqurlashtiradi. Qurilish chiqindilari oʻz vaqtida olib ketilmayotgani hududning tashqi koʻrinishini yomonlashtirib, harakatlanishga toʻsqinlik qilmoqda. Mahallada daraxtlarning quruq shoxlari kesilmagan, bu esa, ayniqsa, shamolli ob-havoda shoxlarning odamlarning ustiga tushishi va jarohat olish xavfini keltirib chiqaradi.
Ariqlar chiqindiga toʻla boʻlib, drenaj tizimlarini ifloslantiradi va yogʻingarchilik mavsumida suv toʻplanishiga olib keladi. Bu suv toshqini va sanitariya sharoitining yomonlashishiga olib kelishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, tashrif davomida 259-sonli maktabdagi kapital rekonstruktsiya jarayoni ham oʻrganilgan.
Biroq ijtimoiy tarmoqlarda hokimning doʻkonda qilgan harakatlari muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Foydalanuvchilar va faollar hokim sotuvchiga qilgan muomalasi, mahsulotini olib qoʻpollik bilan uloqtirganini tanqid ostiga olmoqda.