Toshkentda piyodaning oʻlimiga sababchi boʻlgan avtobus haydovchisi 5 yilga qamaldi
2023 yil 19 iyulda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida «Yutong» avtobusi urib ketgan piyoda vafot etgani haqida xabar qilingandi. Yakkasaroy tuman sudida haydovchiga nisbatan sud hukmi oʻqildi, deb xabar bermoqda…
2023 yil 19 iyulda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida «Yutong» avtobusi urib ketgan piyoda vafot etgani haqida xabar qilingandi. Yakkasaroy tuman sudida haydovchiga nisbatan sud hukmi oʻqildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» nashri.
Sud hujjatiga koʻra, 19 iyul kuni soat 16:30 da Bobur koʻchasida avtobus haydovchisi A.D. chap tizmaga oʻtayotganda orqani koʻrsatuvchi chap oynaga qarab, 2−3 soniya toʻgʻri yoʻlga qaramasdan chalgʻib qolgan. Shu vaqt yoʻldan oʻtayotganda qatnov qismida belidan tushib qolgan ratsiyasini olish uchun oʻtayotgan G. K.ni urib yuborgan.
Yoʻl-transport hodisasi oqibatida piyoda olgan tan jarohatlari bilan tibbiy muassasaga olib borilgan. Biroq tibbiyot xodimlarining saʼy-harakatlariga qaramasdan u vafot etgan.
Sudda haydovchi qilmishidan pushaymon ekanini va aybiga toʻliq iqrorligini, shuningdek, piyodaning oila aʼzolariga 8,3 million soʻm moddiy yordam berganini maʼlum qildi. U suddan yengilroq jazo tayinlashni soʻradi.
Sudda jabrlanuvchining qonuniy vakili va turmush oʻrtogʻi A.M. unga 70 million soʻm moddiy va maʼnaviy zararlarni undirib berishni va sudlanuvchi A.D.ga nisbatan qonun doirasida jazo tayinlashni soʻrab, koʻrsatuv berdi.
Yakunda sud sudlanuvchi A.D.ni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odam vafot etishi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi.
Unga nisbatan 2 yil muddatga muayyan huquqdan, yaʼni transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda oʻtashlik belgilandi.
Eslatib oʻtamiz, 2023 yilning sakkiz oyi davomida Oʻzbekistonda 5772 ta yoʻl-transport hodisasi rasman qayd etilgan. Ularda 5448 kishi jarohatlangan, 1415 kishi halok boʻlgan. Yetti oylik statistikada esa YTH oqibatida vafot etganlar soni 1115 nafar edi.