Toshkentda yangi tuman tashkil etiladi
Qonunchilik palatasining “Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlarining, shuningdek Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini oʻzgartirish hamda Toshkent shahar tarkibida Yangi Toshkent…
Qonunchilik palatasining “Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlarining, shuningdek Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini oʻzgartirish hamda Toshkent shahar tarkibida Yangi Toshkent tumanini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.
Vazirlar Mahkamasining taklifi qabul qilinib, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralari oʻzgartirilishi; Toshkent viloyati hududidan 19 729,41 gektar, shu jumladan, Yuqori Chirchiq tumanidan 17 323,31 gektar (shundan 11 147,29 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari), Oʻrta Chirchiq tumanidan 2 406,1 gektar (shundan 1 758,41 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari) yer maydonlari Toshkent shahri tarkibiga oʻtkazilishi koʻzda tutilmoqda.
Toshkent viloyatidan Toshkent shahri tarkibiga oʻtkazilgan yer maydoni, shuningdek, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Istiqbol”, “Darxon”, “Usmonobod”, “Navoiy”, “Jaloltepa”, “Obodon”, “Guliston”, “Bahor”, “Xvan T.G”, “Yashnobod”, “Uch chinor”, “Nurafshon”, “Mirobod”, “Fayziobod”, “A.Yassaviy”, “Baliqchi”, “Yoshlik”, “Tinchlik”, “Iyk-ota”, “Birlik” MFY hududlari hamda “Istiqlol”, “Gulobod”, “Oʻzbekiston”, “Navroʻz”, “Qorasuv”, “Oq ovul”, “Maʼrifat”, “Jumabozor”, “Nurli yoʻl”, “Farovon”, “Yangi hayot”, “Saxovat”, “Qizilsoy” MFY hududlarining bir qismi va Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Sholikor”, “Oʻchoqli”, “Bunyodkor”, “Mashʼal” MFY hududlari hamda “Mustaqillik”, “Gulobod”, “Yangiturmush” MFY hududlarining bir qismi hisobidan Toshkent shahri tarkibida umumiy yer maydoni 19 729,41 gektardan iborat boʻlgan Yangi Toshkent tumani tashkil etilishi mumkin.
Belgilanishicha, chegarasi oʻzgartirilayotgan Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi saylov okruglaridan, Oʻrta Chirchiq tumanidagi saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari Yuqori Chirchiq, Oʻrta Chirchiq tumanlari kengashlari deputatlari xalq deputatlari Yangi Toshkent tuman kengashi deputatlari hisoblanadi.
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlari tarkibidan oʻtkazilayotgan yerlar ularning amaldagi yer fondi toifalari oʻzgartirilmagan holda oʻtkaziladi. Mazkur yerlarni bir toifadan boshqasiga oʻtkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlari qonunchilikda belgilangan tartibda oʻzgartirilishiga yoki bekor qilinishiga qadar saqlab qolinadi.