Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +2° USD 11 974,02 EUR 13 432,46 RUB 144,58

Transport vaziri va uning birinchi oʻrinbosari, IIV YHXX boshligʻi hamda “Toshshahartransxizmat” raisi hayfsan oldi

Prezident raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xoʻjaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish boshlandi. Ushbu tizimda 3 ta vazirlik va idora, 3 ta inspektsiya, 5 ta…

Transport vaziri va uning birinchi oʻrinbosari, IIV YHXX boshligʻi hamda “Toshshahartransxizmat” raisi hayfsan oldi

Prezident raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xoʻjaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish boshlandi.

Ushbu tizimda 3 ta vazirlik va idora, 3 ta inspektsiya, 5 ta kompaniya, hududlarda qurilish, uy-joy va kommunal xoʻjaligi sohalariga masʼul hokim oʻrinbosarlari borligi, poytaxt va Toshkent viloyati hokimlariga qurilish va kommunal sohaga alohida oʻrinbosar berilganiga qaramay, bu kompleks xalqimiz eng koʻp norozi boʻlib murojaat qiladigan sohalardan biri ekani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari qurilish sohasiga zamonaviy standartlarni joriy qilib, qurilish normalarini yangilash, ichimlik suvi tannarxi va tarmoqdagi yoʻqotishlarni kamaytirish, mahalliy aviareyslarni koʻpaytirish, Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini yaxshilashdagi kamchiliklarni birma-bir sanab, mutasaddilarning bu boradagi ishlari qoniqarsiz ekanligini qayd etdi.

Shu munosabat bilan transport vaziri I.Mahkamov, uning birinchi oʻrinbosari M.Omarov, IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boshligʻi O.Saidov va “Toshshahartransxizmat” AJ raisi A.Joʻrayevga hayfsan eʼlon qilindi va oxirgi ogohlantirish berildi.
Prezident raisligidagi yigʻilishda Iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Adiz Muzaffarovich Boboyev Hisob palatasi raisi lavozimiga, palata raisi oʻrinbosari lavozimini egallab kelgan Mehriddin Razzoqovich Abdullayev palata raisining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlangani eʼlon qilindi.

Shuningdek, yigʻilishda transport tizimini raqamlashtirish, yoʻl qurilishi va ekspluatatsiyasiga xususiy sektorni jalb qilish, temir yoʻlda yuk tashish avtomobilga nisbatan 3 barobar koʻp vaqt talab qilayotgani, havo ifloslanishini oldini olish boʻyicha ilmiy asoslangan taklif va hisob-kitoblar qilinmayotgani boʻyicha tegishli vazirlik va idoralar faoliyatidagi qoloqliklar koʻrsatib oʻtildi.

Kompleks tarkibiga kiruvchi vazir va hokimlarning rejalari va natijalari sust boʻlgan oʻrinbosarlari ishdan boʻshatilib, ularga aniq KPI belgilanishi va shundan keyin bir yil muddatga shartnoma asosida ishga olinishi belgilandi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimlarida qurilish va kommunal xoʻjaligiga javob beradigan 1 nafar oʻrinbosar boʻlishi qaror qilindi.

Mavzuga oid