Ulugʻbek Qosimov nega Yaponiyaga bordi
Dunyodagi rivojlangan davlatlardan biri boʻlgan Yaponiya bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, Surxondaryo viloyatidagi koʻplab qadimiy buddaviylik manzilgohlari…
Dunyodagi rivojlangan davlatlardan biri boʻlgan Yaponiya bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, Surxondaryo viloyatidagi koʻplab qadimiy buddaviylik manzilgohlari kunchiqar mamlakat aholisini hamisha oʻziga jalb qilib kelgan. Bu esa oʻz navbatida, ushbu mamlakat aholisini vohamizga jalb qilish imkonini beradi.
Shu maqsadda bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov boshchiligidagi delegatsiya Yaponiya davlatida boʻlib turibdi.
Tashrif avvalida viloyatimiz delegatsiyasining «Japan Conservation Engineers & Co., Ltd.» kompaniyasi rahbariyati bilan muloqoti oʻtkazildi.
Unda Surxondaryo viloyatida shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi yerlarini yuqori kontsentratlangan fulvokislotadan foydalangan holda yaxshilash texnologiyasini qoʻllash loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. 2022 yilda mazkur kompaniya bilan Sherobod tumanida entomolog-agronomlar ishtirokida 1 gektar kuchsiz (oʻrta) shoʻrlangan paxta yer maydonida oʻtkazilgan sinov ijobiy samara bergandi.
Muzokaralar yakunida «Japan Conservation Engineers & Co., Ltd.» kompaniyasi bilan «Fujimin» preparatini mosh, paxta va gʻalla yetishtirishda qoʻllash boʻyicha hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Viloyat delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi davom etmoqda.