XABARINGIZ BORMI?
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (IPK)ning 336-moddasiga muvofiq, sud hujjatining ijrosi sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida amalga oshiriladi. Sud tomonidan berilgan, undiruvchining sud…
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (IPK)ning 336-moddasiga muvofiq, sud hujjatining ijrosi sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida amalga oshiriladi. Sud tomonidan berilgan, undiruvchining sud hujjatini majburiy tartibda ijro ettirish huquqini tasdiqlovchi hujjat ijro varaqasidir. IPKning 336-moddasiga asosan, sud hujjatini qabul qilgan sud tomonidan bitta ijro varaqasi beriladi. Biroq, sud hujjatini ijro etish turli joylarda yoxud bir nechta undiruvchi foydasiga amalga oshirilishi kerak boʻlsa, sud undiruvchilarning iltimosiga koʻra ijro etish joyi yoxud sud hujjatining ushbu ijro varaqasi boʻyicha ijro etilishi lozim boʻlgan qismini koʻrsatgan holda bir nechta ijro varaqasini berishi mumkin. Ijro varaqasida quyidagilar koʻrsatiladi: ijro varaqasini bergan sudning nomi ijro etilishi lozim boʻlgan sud hujjati qabul qilingan sana, sud hujjatining xulosa qismi, ijro varaqasini ijro etish tartibi va usuli, agar bu haqida sud hujjatida koʻrsatilgan boʻlsa ijro varaqasi berilgan ish va uning raqami, undiruvchining va qarzdorning nomi, ularning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi, sud hujjati kuchga kirgan sana, ijro varaqasi berilgan sana va uni ijroga taqdim etish muddati.
Shuningdek, pul summalarini bir necha javobgardan undirish toʻgʻrisidagi sud hujjati asosida javobgarlarning soni boʻyicha bir nechta ijro varaqasi beriladi. Bunda, agar solidar javobgarlardan undirish nazarda tutilayotgan boʻlsa, har bir ijro varaqasida undiruvning umumiy summasi koʻrsatilishi va solidar javobgar ekanligi koʻrsatilgan holda javobgarlarning hammasi sanab oʻtilishi kerak. Ijro varaqasi sud hujjatini qabul qilgan sud tomonidan beriladi. Sud hujjati qonuniy kuchga kirganidan soʻng besh kun ichida ijro varaqasi undiruvchiga beriladi yoki uning iltimosnomasiga koʻra davlat ijrochisiga ijro etish uchun yuboriladi. Byudjetga mablagʻlarni undirish uchun ijro varaqasi qarzdor turgan joydagi davlat ijrochisiga sud hujjati qonuniy kuchga kirganidan soʻng besh kun ichida yuboriladi. Ijro varaqasi elektron hujjat shaklida yuborilishi mumkin. Ijro varaqasi sudya tomonidan imzolanadi va sudning gerbli muhri bilan tasdiqlanadi. Ijro hujjatlarini ijroga topshirish muddatlari quyidagicha: umumiy yurisdiktsiya sudlarining sud hujjatlari asosida beriladigan ijro varaqalari uch yil mobaynida, iqtisodiy sudlarning sud hujjatlari esa 6 oy mobaynida, hakamlik sudining qarorlarini majburiy ijro etish toʻgʻrisidagi sud hujjatlari asosida beriladigan ijro varaqalari 6 oy mobaynida, notariuslarning ijro xatlari 3 yil mobaynida, mehnat nizolari komissiyalarining guvohnomalari 3 oy mobaynida, ishlarni maʼmuriy tartibda koʻrish vakolatiga ega organlarning (mansabdor shaxslarning) qarorlari 3 oy mobaynida.
Ijro hujjatini ijroga topshirish muddati ijro hujjati ijroga topshirilganda yoki ijro hujjati qarzdor tomonidan qisman ijro etilganda uziladi. Ijro hujjatini ijroga topshirish muddati uzilgandan soʻng muddatning oʻtish davri yangidan boshlanadi. Muddat uzilgunga qadar oʻtgan vaqt yangi muddat hisobiga kiritilmaydi. Ijro hujjati uni toʻliq yoki qisman ijro etishning imkoniyati yoʻqligi sababli undiruvchiga qaytarilgan taqdirda, uni ijroga topshirish muddati uzilgandan keyin ijro hujjati undiruvchiga qaytarilgan kundan boshlab hisoblanadi. IPKning 341-moddasiga koʻra ijro varaqasi (sud buyrugʻi) yoʻqotilgan taqdirda, uni bergan sud undiruvchining arizasiga koʻra, ijro varaqasining (sud buyrugʻining) dublikatini berishi mumkin. Ijro varaqasining (sud buyrugʻining) dublikatini berish toʻgʻrisidagi ariza ijro varaqasini (sud buyrugʻini) ijroga taqdim etish uchun belgilangan muddat oʻtguniga qadar beriladi va ariza sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oylik muddatda sud majlisida, undiruvchi va qarzdor sud majlisining joyi va vaqti haqida tegishli ravishda xabardor qilingan holda koʻrib chiqiladi. Sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan mazkur shaxslarning kelmaganligi, arizani koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi. Arizani koʻrish natijalari boʻyicha ajrim chiqariladi, uning koʻchirma nusxasi undiruvchi va qarzdorga yuboriladi. Ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
A.Qilichev Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi devonxona mudiri