Xorazmda qadimiy bilaguzuklarni yashirincha olib chiqmoqchi boʻlgan shaxs ushlandi
Xorazm viloyati “Shovot” chegara bojxona postida 2 dona qadimiy bilaguzukni yashirincha olib chiqishga uringan shaxs toʻxtatib qolindi. Bu haqda Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi. Maʼlum qilinishicha,…
Xorazm viloyati “Shovot” chegara bojxona postida 2 dona qadimiy bilaguzukni yashirincha olib chiqishga uringan shaxs toʻxtatib qolindi. Bu haqda Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, yoʻlovchi “yashil” yoʻlak orqali harakatlangan vaqtida 520 grammdan ogʻirroq boʻlgan bilaguzuklarni qoʻl yuki orasiga yashirib, xorijga olib chiqmoqchi boʻlgan.
Sanʼatshunoslik ekspertizasi xulosasiga koʻra, nikel, mis, qalay va kumush aralashmasidan qoʻlda ishlangan ushbu bilaguzuklar XX asr boshlariga mansubligi maʼlum boʻlgan. Shu sababli ham ular tarixiy qiymatga ega madaniy boylik hisoblanadi.
“Jinoyat ishlari boʻyicha Shovot tuman sudining qaroriga asosan qadimiy ashyolar davlat egaligiga oʻtkazildi va Xiva “Ichan-qalʼa” davlat muzeyi qoʻriqxonasiga topshirildi”, deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustdagi “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 23-martdagi “Madaniy boyliklarni olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi nizom talablariga muvofiq ellik yil muqaddam va undan ham oldin yaratilgan madaniy boyliklarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish mumkin emas.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Buxoro aeroportida jami 96 dona numizmatika ashyolarini xorijga olib chiqmoqchi boʻlgan shaxs ushlangandi.