Yangi konstitutsiya xalq orzu-umidlari roʻyobidir
Amaldagi Konstitutsiyamiz mustaqil davlatni shakllantirishda, dunyoga tan oldirishda tarixiy missiyani bajardi. Endi davlatni emas, insonni, uning huquqlarini kafolatini oliy maqsadga koʻtarishimiz kerak. Konstitutsiyani yangilash…
Amaldagi Konstitutsiyamiz mustaqil davlatni shakllantirishda, dunyoga tan oldirishda tarixiy missiyani bajardi. Endi davlatni emas, insonni, uning huquqlarini kafolatini oliy maqsadga koʻtarishimiz kerak. Konstitutsiyani yangilash mana shuning uchun ham zarurdir.
Konstitutsiyamizga shu vaqtga qadar kiritilgan oʻzgarishlar insonni emas, asosan davlat bilan bogʻliq boʻlgan. Buni ham tan olishimiz kerak. Hozir barcha yangi normalar «inson-jamiyat-davlat» konsentsiyasiga amal qilingan holda ishlab chiqilgan.
Bugun davlatning oliy maqsadi insonni, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish boʻlyapti. Xalqimiz eʼtiboriga havola etilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasida muhim dasturiy maqsadlarimiz roʻyobga chiqishiga kafolat boʻladigan meʼyor va qoidalar aks etmoqda.
Hayotdagi oʻzgarishlarni tahlil qiladigan boʻlsak, keying yillardagi xalqparvar siyosat aynan ijtimoiy davlat poydevorini yaratishga, uning rivojlanish kafolatini mustahkamlashga xizmat qilgani yaqqol koʻrinadi. Xususan, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori insonning munosib yashash ehtiyojiga mos boʻlishi kafolatlanyapti. Odamlar buni juda uzoq kutgan. Davlat fuqarolarini ishsizlikdan himoya qilishi, kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrishishi belgilanyapti.
Nogironligi boʻlgan shaxslar jamiyatning teng huquqli aʼzosi boʻlishiga oid kafolatlar alohida qayd etilyapti. Belgilangan tartibda bepul tibbiy xizmat ham kafolatlanyapti. Umuman, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda inson huquqlari bilan bogʻliq normalar soni bir necha barobarga koʻpaymoqda.
Qonun loyihasida insonga eʼtibor, gʻamxoʻrlik, davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani, kabagʻallikni qisqartirish, ishsizlikni himoya qilish boʻyicha davlatga yangi majburiyatlar yuklanishi qatʼiy belgilab qoʻyilmoqda
Yangilanayotgan Konstitutsiya kuchli ijtimoiy himoya boʻyicha yaratilgan tizim izchil davom etishi uchun asosiy kafolat boʻlishiga ishonamiz. Taʼkidlanayotganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolik jamiyati institulari huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlanishi kuchaytirilyapti. Xususan, Bosh qomusimizda alohida «Fuqarolik jamiyati institutlari» bobi qoʻshilyapti.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 69-moddasida fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etishi hamda ularning faoliyatini qonunga muvofiq amalga oshirilishi belgilab qoʻyilmoqda.
Bosh qomusimizda ixcham va xalqchil davlat boshqaruvi bilan bir qatorda, parlamentizimni kuchaytirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu bilan bir qatorda har bir mamlakatda sifatli tibbiyot tizimi boʻlishi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Fuqarolar zarur paytlarda sifatli tibbiy xizmat uchun davlatga suyana olishi esa alohida ahamiyatga molik. Shu sababli, Konstitutsiyada fuqarolar davlat hisobidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini olishga haqli ekanligi belgilanmoqda. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 48-moddasida «Har kim sogʻligʻini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega» deb belgilanmoqda.Bu esa juda muhim ijtimoiy kafolatdir. Chunki aholi ayrim qatlamlarining pulli asosda yoki xususiy shifoxanalar xizmatidan foydalanishga imkoniyati yetmasligi mumkin. Ana shunday vaziyatda davlat oʻz fuqarosini kafolatlangan tibbiy xizmat bilan taʼminlash majburiyatini oʻz zimmasiga olishi kerak.
Oliy Majlis palatalari shu yilning 30 aprel kuni «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisidagi» qonun loyihasi boʻyicha referendum oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu esa, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqeadir. Shu bois, u barchamizdan, yoshlardan faollik va uyushqoqlikni talab etadi. Ushbu jarayonda Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari ham kuzatuvchi emas, balki faol ishtirokchi boʻlishi maqsadga muvofiq.
Furqat Otamuradov, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali direktori