Payshanba, 12-noyabr, 2026 Toshkent +1° USD 11 964,27 EUR 13 323,41 RUB 144,49

«Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oʻzbekistonning besh ustuni qatʼiy belgilab qoʻyildi»

Prezidentning 8 dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi eʼlon qilindi. Davlat rahbari oʻz tabrigida bu yilgi bayram ijtimoiy-siyosiy hayotimizda, mamlakatimiz rivojida…

Prezidentning 8 dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi eʼlon qilindi.

Davlat rahbari oʻz tabrigida bu yilgi bayram ijtimoiy-siyosiy hayotimizda, mamlakatimiz rivojida alohida maʼno-mazmunga ega ekanligini shu yil 30 aprelda milliy tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi asosida Konstitutsiyamiz yangi tahrirda qabul qilingani bilan bogʻlaydi.

«Hech shubhasiz, tom maʼnoda xalqchil qomus boʻlgan Asosiy qonunimiz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarimiz ortga qaytmasligining mustahkam huquqiy kafolati boʻlib xizmat qiladi.


Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oʻzbekistonning besh ustuni, yaʼni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qatʼiy belgilab qoʻyildi, uning mazmuni tubdan takomillashtirilib, yangi bob va moddalar bilan boyitildi.
Biz oʻz oldimizga qoʻygan ezgu maqsadlarga yetishda Asosiy qonunimizda muhrlangan barcha qoida va tamoyillarni amalga oshirmoqdamiz. Jamiyatimizda Konstitutsiya va qonun ustunligini taʼminlash, davlat organlari faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitga mos holda yoʻlga qoʻyishning ahamiyatini chuqur anglagan holda, bu borada tizimli ishlarni boshladik. Xususan, Asosiy qonunimizdan kelib chiqib, amaldagi qonunlarimizni yangi konstitutsiyaviy normalar bilan uygʻunlashtirish yuzasidan jadal ishlar olib borilmoqda.


Bu haqda soʻz yuritganda, qisqa muddatda 30 dan ziyod qonun va qonunosti hujjatlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilganini taʼkidlash lozim.
Konstitutsiya va qonun ustunligi tamoyili – bu barqaror taraqqiyotning asosiy mezoni. Soʻnggi yillarda barcha islohotlarimizni ayni shu tamoyil asosida amalga oshirdik.
Yurtimizda yalpi ichki mahsulot hajmi oxirgi 6 yilda 1,5 martadan ortiq, tadbirkorlar soni 2 barobar va sanoatdagi oʻsish 40 foizdan ziyod oshgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Shuningdek, joriy yilda ijtimoiy sohaga ajratilgan mablagʻlar 134 trillion soʻmni tashkil etib, 2016 yilga nisbatan 5,6 barobar koʻpaydi.


Keng koʻlamli va tizimli islohotlarimiz natijalari xalqaro maydonda ham keng eʼtirof etilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Korruptsiyaga murosasiz munosabat boʻyicha xalqaro indeksda 32 pogʻonaga, Matbuot erkinligi indeksida 28 pogʻonaga, Huquq ustuvorligi indeksida 13 pogʻonaga koʻtarildi, – deyiladi tabrikda.
Asosiy qonunimizda oʻz aksini topgan tamoyillarni toʻliq roʻyobga chiqarish va hayotimizning ajralmas qismiga aylantirish uchun eng muhim 8 ta ustuvor vazifalar qayd etildi.


Birinchidan, Konstitutsiyamizda xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir, deyilgan. Ana shu qoidadan kelib chiqib, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlarimiz izchil davom ettiriladi.


Ikkinchidan, Konstitutsiyani jamiyat hayotining barcha jabhalarida toʻgʻridan-toʻgʻri va bevosita qoʻllash amaliyotiga oʻtishimiz zarur. Shundagina xalqimiz Asosiy qonunimizning hayotbaxsh kuchi va taʼsirini teran his etadi.
Bu borada barcha davlat idoralari, jumladan, sudlar faoliyatida konstitutsiyaviy normalarni toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllashni joriy etish boʻyicha amaliy choralar koʻriladi.


Uchinchidan, sud-huquq islohotlari yangi konstitutsiyaviy makonga uygʻunlashtiriladi. Bu jarayonda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yoʻnaltirish ustuvor vazifa boʻlib hisoblanadi.


Toʻrtinchidan, huquqiy taʼsir choralarini qoʻllashda mutanosiblikni taʼminlash boʻyicha konstitutsiyaviy printsipni roʻyobga chiqarish maqsadida qonun hujjatlaridagi 150 dan ortiq ana shunday choralar toʻliq qayta koʻrib chiqiladi. Jumladan, ayrim qilmishlarni jinoyatlar toifasidan chiqarish va jazo turlarini oʻzgartirish, fuqaroviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan maʼmuriy javobgarlikni bekor qilish borasida huquqiy islohotlar amalga oshiriladi.

Beshinchidan, Konstitutsiyamizda qatʼiy belgilab qoʻyilganidek, insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsiz boʻlib, uning huquqlari
va qonuniy manfaatlariga zid keladigan har qanday harakatlarga qarshi kurashish, hech shubhasiz, eng dolzarb vazifalarimizdan biridir.
Ushbu yoʻnalishda asosiy eʼtiborimiz bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan samarali huquqiy mexanizmlarni joriy etishga, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili, Bolalar ombudsmani va boshqa inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar faoliyatini takomillashtirishga qaratiladi.


Oltinchidan, barcha islohotlarimizda inson va uning manfaatlari markaziy oʻrinda turishi va xalqimiz farovonligi hamda qulay hayot kechirishini taʼminlash davlat organlari uchun bosh maqsad boʻlishi lozim. Soʻnggi yillarda shu maqsadda 300 ga yaqin davlat xizmatlari toʻliq raqamlashtirildi va aholiga 50 milliondan ortiq xizmatlar koʻrsatildi.
Shu bois, fuqaro va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda mavjud byurokratik toʻsiqlarni keskin qisqartirish hamda ushbu jarayonlardagi korruptsiyaviy omillarni bartaraf etish boʻyicha ishlarni izchil davom ettirishimiz kerak.


Yettinchidan, biz “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifiy jamiyat” kontseptsiyasi asosida konstitutsiyaviy taʼlim masalasiga ham alohida eʼtibor qaratmoqdamiz. Parlament tomonidan Konstitutsiyani oʻqib-oʻrganish boʻyicha Milliy faoliyat dasturi qabul qilindi. Asosiy qonunimizni oʻrganishni bolalar bogʻchasidan boshlash, barcha darajadagi taʼlim muassasalari, aholining turli qatlamlari, ayniqsa, davlat xizmatchilari ushbu jarayonga toʻliq jalb etilishi lozim. Shuning uchun davlat xizmatiga ishga kirishda Konstitutsiya asoslari boʻyicha imtihonlar oʻtkazish tizimini amalda tatbiq etishimiz zarur.


Sakkizinchidan, Konstitutsiya va qonun ustunligini taʼminlashda davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Bu masalada fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor beramiz. Xususan, soʻnggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlarning soni qariyb 40 foizga oshdi va ularni qoʻllab-quvvatlashga 700 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi.

Mavzuga oid